Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:46

Energiya taqchilligi tufayli o‘zbekistonliklar futbol ko‘ra olmayapti


Sirdaryoning Sayxunobodi, Toshkentning Ohangaroni, Andijonning Poytug‘i va Xorazmning Shovotidan Ozodlikka dam olish kunlarida yetib kelgan xatlarni bitta mazmun birlashtirib turadi - bu joylarda elektr quvvati taqchil. Aftidan, tilga olingan hududlardagi ahvol mamlakatning boshqa hududlaridan yaxshi ham, yomon ham emas: shu paytgacha favqulodda ko‘rinmayotgan elektr energiyasi taqchilligi futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlangach, birdan odamlarni sergak torttirganga o‘xshaydi.


Sirdaryo viloyati, Sayxunobod tumani

Sayxunobodda yashaydigan tinglovchimiz bunday yozdi:

“Ikki kundan beri ayni futbol paytida svet yo‘q. Xuddi qishda qanday bo‘lsa, hozir ham shunday bo‘layapti. Jahon chempionatini to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rish nasib qilmaydi, shekilli”.

Yurtdoshining xabarini tasdiqlagan boshqa bir sayxunobodlik bilan 16 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 14 da gaplashdik. (Suhbat o‘tkazilgan vaqtni bejiz keltirmayapmiz)

- Soat nechadagi futbolda svet bo‘lmayapti?
- Kechqurun 9 dagida.
- Hozir bormi svet?
- Hozirgina yondi. Ertalab 10 da o‘chirishgan. Soat 8 larda yana o‘chirib qo‘yishmasaydi, deb qo‘rqib turibman,
dedi sayxunobodlik futbol ishqibozi.

Andijon viloyati, Poytiq shahri.

Poytiqda yashaydigan tinglovchimiz bunday yozdi:

“1 haftadan beri svetni kuniga 2 soatdan berayapti. Qishda mayli, deb yoz kelishini kutdik. Ahvol battar yomonlashayapti. Uyga yarim kilo go‘sht olsak, kechgacha hidlanib qolayapti. Chunki xolodilnikni ishlatishning umuman iloji yo‘q. Oziq-ovqat do‘konlari sotuvchilari ham hayron, boshi qotgan, nima qilishini bilmayapti”.

Poytiqdagi davlat tashkilotlaridan birida ishlaydigan xodima tinglovchi shikoyatida keltirilgan ma‘lumotlarni tasdiqladi. Ozodlik savollariga javob berar ekan, u keyingi kunlarda elektr quvvati ertalab uzilib, kun davomida bo‘lmayotganini aytib berdi.

Biz Poytiq Elektr tarmoqlari bilan ham bog‘landik. ... 586 raqamlari bilan tugaydigan telefonni ko‘targan xodim savolimizni eshitishi bilanoq trubkani joyiga tashlab qo‘ydi.

Toshkent viloyati, Ohangaron tumani.

Tumanning Eyvalek qo‘rg‘onidan kelgan xat, bir qarashda xushxabardir. “Qo‘rg‘onga 5 kun deganda gaz keldi”, deb boshlanadi tinglovchi maktubi. Lekin uni o‘qir ekansiz, Eyvalakdagi ahvolning ayanchliligi ko‘rinaveradi: “Bitta domga bitta vodoprovod, unga ham suv bir kunda 2 marta – ertalab va kechqurun beriladi”, “Svet deyarli har kuni o‘chadi”, “Apteka boru ishlamaydi” va hokazolar.

Xat gaz masalasi bilan boshlangani uchun Ohangaron tuman gaz ta‘minoti korxonasi bilan bog‘landik. Korxonaning o‘zini tanishtirmagan xodimining aytishicha, chindan ham bir necha kun oldin Eyvalakda gaz yo‘q edi, qo‘rg‘onga yonilg‘i 12 iyun kuni berilgan.

- Eyvalak qo‘rg‘onida bir hafta gaz bo‘lmadi. Ungacha esa Ohangaronda bir hafta gaz bo‘lmagan. Grafik bilan gaz quvurlarini opressovka qilayapmiz, dedi korxona rasmiysi.

Gaz ta‘minoti korxonasidan elektr energiyasi ta‘minoti to‘g‘risida ham so‘radik. Shunisi qiziqki, rasmiy bilan gaplashib turgan paytimizda (16 iyun, Toshkent vaqti bilan 13. 00 atrofi) bu idorada ham elektr toki yo‘q edi.

- Svetni hozirgina idoramizda o‘chirib qo‘yishdi. Soat 12 dan 1 gacha bo‘lmas emish, dedi gazchi.

Tinglovchining xatida tilga olingan suv muammosini ham so‘radik gaz ta‘minoti idorasi xodimidan.

- Ha, suv bizda muammo, bir gal nasos ishdan chiqdi deyishadi, boshqa gal – boshqa sabab, dedi u.

Va nihoyat,

Xorazm viloyatining Shovot tumani

Ozodlikka xat yozgan shovotlikka ko‘ra, tumandagi aholi punktlariga ilgari tortilgan gaz quvurlari bir yil muqaddam kesib tashlangan va aholi go‘yoki suyultirilgan gazga o‘tkazilgan.

“Gaz ballonlarini qishlog‘imiz aholisi (Kangli qishlog‘i) 14 aprel kuni almashtirish uchun topshirgan edi. Bugun 16 iyun. Bo‘sh ballonlar hanuzgacha shaxobchada joyidan jilmay turibdi”, deb yozdi kanglilik.

Uning yozishicha, elektr ta‘minoti ham xaminqadardir.

“Yosh bolasi bor, qariyasi bor oilalar juda qiynalayapti. O‘tinda pishgan ovqat yegan bolalar kasal bo‘lmaydi, deb kim kafolat beradi, o‘zingiz o‘ylang, yana Sog‘lom bola yilida?” deb yakunlagan Shovotning Kanglisida yashaydigan tinglovchimiz.
XS
SM
MD
LG