Линклар

Koreyaga "sotilgan" kelin 2 oyda ruhiy xastalar shifoxonasiga tushdi


O‘zbek qizlarini koreys kuyovlarga topib berayotgan nikoh agentligi sahifasidan olingan surat.

O‘zbek qizlarini koreys kuyovlarga topib berayotgan nikoh agentligi sahifasidan olingan surat.

Namangandan Koreyaning Ulsan shahriga kelin bo‘lib tushgan 26 yashar Madina Umarova 2 oyga arang yetgan oilaviy hayotdan so‘ng ruhiy xastalar shifoxonasiga tushib qoldi. Kelinchakning da‘vosicha, kelishuv asosida huquqlarini talab qila boshlagan yosh o‘zbek kelini koreys oilaga yoqmagan va uni bosim ostida saqlagan kuyov taraf ajrim talab qilmoqda. Madina esa uyiga qaytsa, to‘yga ketgan bir necha ming dollarlik harajatni to‘lashga majbur qolishidan qo‘rqayotganini aytadi.

Kelinchak: Ruhiy xastalar shifoxonasidan chiqishimga yordam bering!

Janubiy Koreyaning Ulsan shahrida yashayotgan 26 yashar Madina Umarova ikki oy muqaddam kelin bo‘lib tushgan koreys oilasi undan "ajrim talab qilib, uni shahardagi ruhiy xastalar shifoxonasiga majburan joylashtirgan"ini aytmoqda.

Ozodlikka yordam so‘rab bog‘langan Madina bir necha kundan buyon ruhiy xastalar shifoxonasidan chiqa olmayotganini aytdi.

- Koreyaga mart oyi oxirida kelin bo‘lib keldim. Turmush o‘rtog‘imni yoqtirdim, yaxshi yashashni boshladik. Lekin uning oilasi, ayniqsa akasi meni yoqtirmadi. Bizning uyimiz akasining uyiga yaqin edi. U bizning hayotimizga aralasha boshladi, bizni ajratishga kirishdi. Erimni ham, meni ham kaltakladi. Erimni uyga keltirmay qo‘ydi. Har doim: “Yaxshilikcha ajrash, ket!” deyaverdi. Men ko‘nmadim, chunki oila qilishni xohladim. O‘zbekistonda sharoitim og‘ir. Oxiri meni majburlab jinnixonaga yotqizib qo‘yishdi, - deydi Madina.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koreys kuyov – 44 yashar P. Teyjin shifokorlar va Madinani topib bergan nikoh agentligiga "kelinchak ko‘p janjal qiladi va menga pichoq o‘qtalib tahdid qildi", deb shikoyat qilgan.

Koreys tilini bilmaydigan Madina esa bu ayblovlarga javob berolmay, shifokorlar va politsiya xodimlari qarshisida oji qolganini aytmoqda.

- Men til bilmaymanda, shuning uchun do‘xtirlarga ham tushuntirib berolmadim. Lekin, bilganimcha tushuntirdim. Baribir meni bu yerda qoldirishdi va agar osonlikcha ajrashmasang, shu yerda 1-2 yil qolasan, deyishgandi bugun ertalab ajrashishga roziman, deb qog‘ozga qo‘l qo‘yib berdim, - deydi Madina.


Tarjimon: Madina ruhiy xasta emas!

Shu kunlarda Madinaga tarjimonlik qilayotgan yana bir namanganlik kelinchak Marhabo shifokorlar bemorga “ortiqcha asabiylashish oqibatida chuqur depressiyaga tushgan” mazmunida tashhis qo‘yganini aytmoqda.

- Doktorlar o‘ta asabiylashgan, tinchlanishi kerak deyishayapti. Lekin, birinchi kun kelganda uni jinni ayollar bilan bitta xonaga qamab qo‘yishganda, bu qo‘rqib ketib, o‘zbekcha baqirib, eshikni ochinglar, deb janjal qilganda, buni ukol qilishibdi. O‘shandan keyin Madina ikki kun deyarli behush yotdi. Men keldim, ko‘rgani eslolmadi. Shundan beri yotibdi. Uch oy davolanishi kerak ekan. Hozir unga eri pul to‘layapti. Sudga ariza berildi, 21 iyulda esa sud bo‘ladi. Shundan keyin uni bu shifoxonadan chiqarib yuborishadi, – deydi Marhabo.

Ozodlik o‘zbekistonlik kelinni ikki oyda ruhiy xastaga chiqargan koreys kuyov P. Teyjin bilan bog‘lanishga urindi. Ammo, kuyov telefonini ko‘tarmadi.

- Hozir kuyov uy adresini ham o‘zgartirgan. Telefonini ham ko‘tarmayapti. Oxirgi marta gaplashganimda akasi: “Madinani ketkizamiz, uni topib bergan agentlik esa bizga 20 million von (taqriban 20 ming AQSh dollari - Tahr.)ni qaytaradi yoki boshqa kelin topib beradi!” deb tahdid qildi. O‘zbekistondagi agent xotin bo‘lsa, Madinaning onasidan qizing nito ish qildi, deb pul talab qilibdi. Shunga ham Madina uyiga qaytishga qo‘rqayapti, shuncha pulni qayerdan to‘laymiz, deb, - deydi Marhabo.


Namanganlik agent: Madina Koreyaga o‘z xohishi bilan ketgan!

Ozodlik Madinaga koreys kuyovni topib bergan namanganlik agentga ham bog‘landi.

M.(ismi sir saqlanmoqda – Tahr.) ismli ayol vaziyatdan xabari borligi va qo‘lidan kelganicha Madinaga yordam berayotganini aytdi:

“Xabarim bo‘ldi, men erga tekkunicha sog‘ligi yaxshi bo‘lgani haqidagi medspravkalarni koreys tiliga tarjima qilib, jo‘natvordim. Lekin, Madina ham pichoq olib, o‘qtalibdi-da kuyovga! Qo‘rqib ketganda. Endi ajrashib, qaytib kelsin yoki yana qolib ishlasin - o‘zi biladida”, deya izoh berishga urindi M.

Mabodo, Madina qaytsa, koreys eri bilan yashab ketolmagani uchun jarima to‘laydimi, mazmunidagi savolga agent ayol shunday javob berdi:

“Endi jarimasi borda, bu qizam borgandan keyin yashab ketishi kerakda. Shunaqa, deb topganmizda uni. Lekin, men unga ajrashsang ham bir yillik vizasini olib ol, ishlab pul topib kel, deb aytdim. Endi hozir bu qizimizning ahvoli juda og‘ir bo‘lgani uchun shtraf to‘lamaydigan qilib gaplashib qo‘ydim. Qaytib kelsa, pul to‘lamaydi”, deydi M.

M. ismli agent Madinaning koreys yigitga turmushga chiqishi qonuniy asosda uning roziligi bilan bo‘lgani va bu ishda uning hissasi ikki yoshni bir-biriga tanishtirib qo‘yish bilangina cheklanganini qayta-qayta ta‘kidladi.


Toshkentlik agent: Madinaga yordam beramiz!

Madinani P. Teyjin bilan tanishtirgan, uchrashtirgan va to‘yini qilib, Janubiy Koreyaga uzatgan Toshkentdagi agent-tarjimon O.(ismi sir saqlanmoqda - Tahr.) Madinaning asl xolidan bexabar bo‘lib chiqdi.

“Bugun ertalab menga Seuldan qo‘ng‘iroq qilishdi va Madina 4 kun oldin kasalxonadan chiqib, eri bilan yashayapti, deyishdiku? Siz bo‘lsa, hanuz shifoxonada deyapsiz?! Hayronman, men ertagayoq asl vaziyatni surishtirib bilaman va qo‘limdan kelganicha yordam beraman. Chunki, biz ularni tanishtirganmiz va organizatsion ishlarda yordam berganmiz, qolgani hammasi o‘zining mas‘uliyatida”, dedi O.

Uning aytishicha, Madina va P. Teyjin o‘rtasiga tushgan “agent-sovchi” guvohligida hech qanday nikoh shartnomasi imzolanmagan va erining oilasi talab qilayotgan 20 ming AQSh dollarilik to‘lov haqidagi gap quruq da‘vodir.

“Hech qanaqa nikoh shartnomasi imzolanmagan. Agar Koreyaga borgach, bu qizga qanaqadir qog‘ozga qo‘l qo‘ydirishgan bo‘lsa, u holda bundan bizning xabarimiz yo‘q. Bu qizning turmushga chiqishdan oldin sog‘lom bo‘lgani haqidagi medspravkani yuborganmiz. Lekin agar, bu qizni kaltaklashgan va bunga isboti bo‘lsa, u holda biz kuyov oilasi ustidan qonuniy asosda arz qilishga yordam berishimiz mumkin”, deya javob berdi O.


"Being a wedding": Surishtiramiz va yordam beramiz!

Madinaning ruhiy xasta bemor koykasida yakuniga yetayotgan 2 oylik oilaviy hayotiga mas‘ul yana bir shirkat “Being a wedding” shirkati vakillaridan bu borada biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, Madinaga yordam so‘rab shirkatga bog‘langan Marhaboga: "tez orada surishtirib yordam beramiz!" degan va‘da berilgan.

- To‘g‘risi, men ishonmayman bularga. Bunaqa qizlar ko‘p, ko‘chada qolgan o‘zbek qizlari bor. Koreyslar baribir o‘zinikilarning tarafini oladi. Men o‘zimizning elchixonaga ham telefon qildim. Elchixonadan bir yigit telefonni olib: "Maslahatlashib ko‘ramiz, qaytib telefon qilamiz", dedi. Bugun 3 kun bo‘ldi, biror javob yo‘q. Bu qizga qanday yordam berish mumkin, hayronman, - deya xavotir qildi Marhabo.

Uning o‘zi Janubiy Koreyaga 6 yil muqaddam borgani va hozir koreys eri hamda bir o‘g‘li bilan mamnun hayot kechirayotganini aytmoqda.

Ozodlikka O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan nikoh agentliklari xizmati vositasida kelin bo‘lib borgan va baxtli yoxud baxtsiz hayot kechirayotganini aytgan ko‘plab kelinchaklar bog‘langan.

Ammo, ikki oyda ruhiy xasta bemorning koykasiga tushib qolgan o‘zbekistonlik kelinchak ahvoli Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan ilk og‘ir holatdir. Ozodlik Madina Umarova ahvolini kuzatish va uning taqdiriga mas‘ul tashkilotlardan rasmiy izoh olishga urinishda davom etadi.
XS
SM
MD
LG