Линклар

18 iyunga o‘tar kechasi Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Kichik Mo‘ndiyon qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Tovaron qishlog‘idagi 19-sonli o‘rta umumta‘lim maktabining 9-sinf bitiruvchilari qishloqda istiqomat qiluvchi fuqarolardan birini shirakayf holda urib o‘ldirishgan.

Bu haqda “Ozodlik”ka ma‘lum qilgan voqea guvohlariga ko‘ra, bitiruv oqshomi munosabati bilan tashkil etilgan bazmda spirtli ichimliklar o‘smirlarning qonini qizitgan.

— Hozirda o‘tirishda ishtirok etgan va mahalladoshni mast holatda urib o‘ldirgan bolalar va ularning ota-onalari, maktab direktori, zavuchi va sinf rahbarlarining hammasini Kattaqo‘rg‘on melisaxonasida ushlab o‘tirishibdi. Janjalni boshlagan 3-4 ta bolani qamashadi, deyishayapti. Ota-onalar, qarindoshlar mol-holini sotib, melisaxonaga yugurishyapti. Lekin o‘lgan odamning o‘zi ham aybdor bo‘lgan, bolalarni so‘kkan, deyishayapti, - dedi tovaronlik pedagog Halim Saidov.

Ma‘lum bo‘lishicha, 9 yillik tayanch ma‘lumot beruvchi mazkur maktab 9-sinf o‘quvchilarining har biri bitiruv oqshomi xarajati uchun 75 000 so‘mdan pul yig‘ishgan, qo‘y so‘yishgan, spirtli ichimliklar xarid qilishgan.

Ular kechki soat 9 dan tonggi 5 ga qadar bazm qilishgan, qo‘shni Kattaqo‘rg‘on shahridan san‘atkorlar chaqirishib, kecha uyushtirishgan. Oqshom ochilishida maktab ma‘muriyati ham ishtirok etgan.

Kattaqo‘rg‘on tumani IIB Huquqbuzarlikning oldini olish bo‘limining ismini ochiqlamaslikni so‘ragan noziriga ko‘ra, mahalliy maorif vakillari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta‘limi vazirining bitiruv oqshomlari o‘tkazishni ta‘qiqlash haqida yozma ravishdagi buyrug‘ini olganiga qaramay, o‘smirlarning jinoyatlariga bilvosita yo‘l qo‘yib berishgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat qonunchiligining bezorilik, tanaga og‘ir jarohat yetkazish va odam o‘ldirishda gumonlanayotgan maktab o‘quvchilariga qo‘yilayotgan ayblov o‘z isbotini topsa, ular 15 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
XS
SM
MD
LG