Линклар

O‘zbekistonning "UzHD" telekanali futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlarini Rossiyaning "Sport 1" telekanalidan ko‘chirib translyatsiya qilayotganlikda gumonlanmoqda. "Sport 1" rasmiysiga ko‘ra, o‘zbek telekanali ularning ko‘rsatuvlarini ruxsatsiz retranslyatsiya qilayotgani haqida ularga ma‘lumot yetib kelgan va bu holat jinoiy xarakterga egaligi bois tegishli organlar bu masalani o‘rganishadi.

Rossiyadagi "Sport 1" telekanalining rasmiy distribyutori "Signal Media" kompaniyasi bosh direktori Mixail Kovalchukning Ozodlik muxbiri bilan suhbatda aytishicha, ular futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlarini translyatsiya qilayotgan payt O‘zbekistondagi telekanallar buni ruxsatsiz ko‘chirib namoyish qilayotgani haqida ma‘lumot bor:

- Bizda bu borada muayyan xatlar bor... Bizda shu kabi holatlar haqida ma‘lumot bor... Nafaqat O‘zbekiston hech bir davlat "Sport 1" telekanalini ruxsatsiz Rossiya tashqarisida ko‘rsatish huquqiga ega emas. Agar Rossiya hududidan tashqarida, qayerdadir "Sport 1" kanali ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, bu jinoyat hisoblanadi. Bu holatda mualliflik va hamkorlik huquqlari buziladi. Rossiya qonunlariga ko‘ra bu jinoiy ish hisoblanadi. Biz telekanal sifatida kimnidir ayblay ololmaymiz. Faqat bu haqda eslatishimiz mumkin. Ayblash, bu tegishli idoralar ishi. Ular bu masalani ko‘rib chiqishadi, - dedi Mixail Kovalchuk.

Janob Kovalьchuk O‘zbekistondagi aynan qaysi telekanallar "Sport 1" ko‘rsatuvlarini retranslyatsiya qilayotgani haqidagi ma‘lumotlarni ochiqlamadi.

O‘zbekistondan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (MTRK)ning "Sport" va "UzHD" kanallari Braziliyada bo‘layotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlarini namoyish qilmoqda.

Toshkentda yashovchi Anvar ismli futbol ishqibozi iddaosiga ko‘ra, "UzHD" telekanali futbol o‘yinlarini Rossiya kanallaridan biridan ko‘chirib olib berayapti:

“UzHD tsifrovoy kanali orqali ko‘rayapman o‘yinlarni. Sharhlovchilari o‘rislar. Shu Rossiyaning Sport kanalidan olib berayapti, deyishdi. Televizorning chetida o‘rislarning kanalini ustiga UzHD degan yozuvni qo‘yishgan”, dedi toshkentlik Anvar.

Ayni mavzuni o‘rgangan Uznews.net sayti ham "UzHD" telekanali Rossiyaning Sport 1 kanalidan ko‘chirib berayotgani haqidagi iddaoli xabarni e‘lon qildi.

“Futbol uchrashuvlari paytida Rossiyaning SPORT1 kanali logotipini DavTV – uzHD tamg‘asi bilan yopishga urinishadi. Ayni paytda translyatsiyaning o‘zi va olib boruvchi diktor Rossiyaniki bo‘lib qoladi", deya yozgan Uznews.net bunga ikkita suratni ham ilova qildi.


Ilova qilingan suratlarda Jahon chempionati o‘yinlari tasviri bo‘lib, suratning tepa qismi o‘ng burchagida "UzHD" logotipini ko‘rish mumkin.

Ozodlik muxbiri "UzHD" rahbariyatidan bu yuzadan biror ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi. Muxbir bog‘langan telekanal xodimlari bunga oydinlik kirita olmasliklarini aytishdi.

MTRKning "Sport" telekanali mulozimining o‘zini tanishtirmagan holda aytishicha, ular Osiyo va Tinch okean teleradioeshittiruvchilar uyushmasi bilan kelishuv asosida Jahon chempionati o‘yinlarini olib ko‘rsatmoqda.

"Sport" telekanalida namoyish qilinayotgan Jahon chempionatining o‘yinlari o‘zbek tilida sharhlanmoqda.

Dunyoning 32 milliy terma jamoasi o‘rtasida jahon kubogi uchun futbol musobaqasi 12 iyun kuni boshlanib, bir oy davom etadi.

Jahon chempionatining 64 ta o‘yini translyatsiyasi uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasidan 1 million AQSh dollari atrofida haq so‘ralgani haqida xabar qilingan edi.

MTRK rahbariyatining Osiyo va Tinch okean teleradioeshittiruvchilar uyushmasi bilan bu borada aslida qanchaga kelishgani noma‘lum.

Jahon chempionati boshlanishidan avval MTRK mamlakat bo‘ylab kafe, restoran va barlar chempionat o‘yinlarini ko‘rsatish haqqini 1000 dollarlik shartnoma asosida sotib olishga majburlanayotgani aytildi.

Toshkentdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Jahon chempionati o‘yinlari translyatsiya qilinayotgan payt kabel televideniyelari "Rossiya", "Rossiya 2", "Sport 1", "Sport 1 HD" kanallarini o‘chirib qo‘yayapti.
XS
SM
MD
LG