Линклар

"Iroq va Shom islom davlati" jangarilari Iroqning yirik shaharlarini bir-bir egallab olayotgan bir paytda Bosh vazir Nuriy al-Malikiy shia jangarilarini mamlakat harbiylari safiga qo‘shilishga chaqirdi. Hozirdanoq shialarning mintaqadagi qurollangan askarlari Iroq armiyasi safiga kirmoqda.

Bosh vazir Nuriy al-Malikiyning mintaqadagi shialarni sunniy jangari guruhlarga qarshi armiya safida kurashishga chorladi.

Bag‘dodda ko‘ngillilar yig‘ilayotgan markazlarda hozirdanoq askarlikka yozilishiga tayyor turgan shia yigitlari soni ortmoqda. Ayni paytda mamlakat shimolidagi Samarra shahrida hukumat askarlari safida shia jangarilari ham kurashayotgani haqida norasmiy ma‘lumotlar bor.

17 iyun kungi xabarlarga ko‘ra, Bag‘dod tomon harakatlanayotgan jangarilar poytaxtdan 60 kilometr narida bo‘lgan Baquba shahrining yarmini egallab olgan. Ayni paytda Bag‘doddan 420 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan Tal Afar shahrini ham jangarilar deyarli to‘liq egallash arafasida.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kecha-kunduzdagi jang harakatlarida aholi vakillari va harbiylardan yana o‘nlab jon boy berilgan.

"Iroq va Shom islom davlati" jangarilari hozir Iroqdagi ikkinchi yirik shahar Mosul va Bag‘dod shimolidagi Tikrit shahrini egallab olgan.

16 iyun kuni "Iroq va Shom islom davlati" jangarilari Tikrit shahrida 1700 nafar shia askarini qatliom qilganini iddao qilib, qatl qilingani aytilayotgan askarlar jasadlari aks etgan rasmlarni Internetda e‘lon qildi.

Iroq armiyasi matbuot vakili Qosim al-Mussaviy bu rasmlarning haqiqiy ekanini tasdiqladi. Uning yana aytishicha, rasmlar tahlil qilingach armiyaga yangi yollangan askaralarning kamida 170 nafari o‘ldirilgani xulosa qilingan.

AQSh Davlat departamenti bu hodisani “dahshatli” qotillik, deya qoraladi.

Davlat departamenti matbuot vakili Jen Psaki 15 iyun kuni tarqatilgan bayonotida: “Iroq va Shom Islom davlati Tikrit shahrida havo kuchlariga yollangan 1700 nafar shia askarini o‘ldirganini iddao qilgani dahshatlidir va bu terrorchilar qonxo‘rligining asl qiyofasini ko‘rsatadi”, deyiladi.

BMTning Iroqdagi vakili Nikolay Mladenov "mamlakatdagi hayotni izdan chiqarayotgan bu terror xuruji mintaqa uchun ham jiddiy tahdid" ekanini ta‘kidladi.

BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun esa shialarni jangga chorlayotgan Iroq Bosh vazirini terror xuruji ortidan boshlanib ketgan mazhablaro urushni to‘xtatishga chaqirdi.

Qo‘shma Shtatlar prezidenti Barak Obama “amerikalik xodimlar va AQShning Bag‘doddagi elchixonasi xavfsizligini ta‘minlash uchun” Iroqqa 275 nafargacha harbiy yuborilishi haqida Kongressga xabarnoma yo‘lladi.

Oq uy bayonotida amerikalik harbiylar Iroqqa Bag‘dod rahbarlari ruxsati bilan kiritilishi ta‘kidlandi.

AQSh qonunchiligiga binoan Kongress ruxsati bilan Iroqqa kiritilgan taqdirda Amerika harbiylari 60 kundan ortiq bu davlatda qoldirilmasligi lozim. 60 kunlik muddat bitgach, harbiylarni olib chiqish uchun yana 30 kun muhlat belgilangan.

Shuningdek, AQSh harbiylari Iroqdagi vaziyat bo‘yicha Eron rahbariyati bilan maslahatlashuvlar bo‘lganini ham tasdiqladi.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Jen Psaki bu muzokaradan maqsad Tehron rasmiylarini Iroqdagi terrorga qarshi urushning mazhablararo urushga aylanmasligi uchun o‘z hissasini qo‘shishga undash bo‘lganini ta‘kidladi.

Ammo, Iroqdagi sunniy jangarilariga qarshi AQSh va Eron harbiylari o‘rtasida hamkorlik borligiga oid mustaqil matbuot xabarlarini Oq Uy rasmiylari qat‘iyan inkor qilmoqda.
XS
SM
MD
LG