Линклар

logo-print
Navoiy viloyati, Karmana tumanida yashovchi 34 yashar Matluba Qosimova seshanba kuni ertalab soat 10 da o‘ziga benzin sepib yoqib yubordi. Tanasining 70 foizi kuygan Qosimova Karmana tuman Markaziy kasalxonasiga yotqizildi.

Kasalxona manbalarning Ozodlikka aytishicha, bemorning ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Ular Matluba Qosimovaning nega o‘z joniga qasd qilgani sababini ayta olmadi.

Ozodlikning Navoiy viloyat huquq-tartibot idoralaridan biridagi manbasi hodisa tafsilotlarini Ozodlikka aytib berdi:

- Qosimova Matluba Rashidovna¸ 1979 yil Karmanada tug‘ilgan¸ ikki nafar farzandi bor. Ikki bor turmush qurgan. Hozirgi turmush o‘rtog‘i 1980 yilda tug‘ilgan Qosimov Shavkat Shavqiddinovich kirakashlik bilan shug‘ullanadi. Bizdagi operativ ma‘lumotlarga ko‘ra voqea 1914 yil 17 iyun kuni ertalab soat 10 da sodir bo‘lgan. Chala yongan Qosimova Karmana kasalxonasiga tez yordam bilan yetkazilgan. Voqea yuzasidan surishtiruv ketmoqda. O‘ziga qasd qilishga urinish motivlari hali aniq emas¸ dedi Ozodlik manbasi.

O‘zbeklar nega o‘z joniga qasd qiladi?

Jahon bo‘ylab har yili bir millionga yaqin odam o‘z joniga qasd qiladi. Bu raqamni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘tgan yili 10 sentyabr - o‘z joniga qasd qilish holatlarini bartaraf etish xalqaro kuni munosabati bilan e‘lon qilgan edi.

Bu hisobotga ko‘ra har 40 soniyada dunyoda bir odam o‘z joniga qasd qilmoqda.

Bu haqda bong urgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitobiga ko‘ra, kuniga million kishi o‘zini o‘ldirmoqda. Ayni tashkilot mutaxassislari ko‘p hollarda suitsidning oldini olish mumkin, deb hisoblaydi.

Birov turmush tashvishlariga chiday olmasdan o‘zini o‘ldirgan bo‘lsa, yana birovi badavlat bo‘lsada yashashdan maqsad topmagani uchun joniga qasd qilmoqda.

Dunyodagi barcha urush talash va qotilliklar bois o‘lganlardan ko‘ra o‘zini o‘ldirganlar soni ancha ko‘p ekani aniqlangan.

Har 40 soniyada dunyoda 1 kishi o‘zini o‘ldirishi barobarida 20 kishi o‘z joniga qasd qilishga urinadi.

O‘tgan oyda Leningrad viloyatida oilaviy janjal tufayli O‘zbekistonning ikki fuqarosi o‘z joniga qasd qildi.

Dastlabki tergov ntijasida ma‘lum bo‘lishicha, 24 may kuni yigit qallig‘ining oilasi ijarada turgan uyga mehmon bo‘lib kelgan. Qizning onasi bilan yigit o‘rtasida janjal chiqqan va yigit achchiq ustida o‘zini 9-qavat oynasidan o‘zini tashlab yuborgan. Voqea joyiga tez yordam brigadasi kelgan paytda, yigit bilan janjallashgan 51 yoshli ayol ham o‘zini oynadan tashlab nobud bo‘lgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, ayol qizining bu yigit bilan turmush qurishiga qarshi chiqqan.


Er uchun kuygan Halima opa

O‘zbekistonning Narpay tumanidagi 70 yoshdan oshgan Halima opa hukumat yerini olib qo‘ygani uchun o‘tgan yil aprelida o‘ziga o‘t qo‘ydi. 35 foiz tanasi kuyib ketgan Halima opa hayotini vrachlar saqlab qoldi, ammo Halima opaning paymonasini to‘ldirib joniga qasd qilishgacha yetkazgan omillar barham topgani yo‘q.

Narpaylik Halima opa o‘zining 70 yillik hayotida qiyinchiliklarni ko‘p ko‘rdi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi ocharchilik, yetar yetmas kunlarda ham o‘z joniga qasd qilishni xayoliga ham keltirmaganini aytadi. Ammo oila boqaman, deb Rossiyaga ketgan ikki o‘g‘lining birdaniga o‘lgani va bu o‘g‘illar jasadini Rossiyadan keltirib, ko‘mish uchun 7 million so‘m qarz havola qilingani Halima opa jonini xalqumiga keltirdi. Oilani boqib turgan bir parcha yerning Narpay tuman hokimligi tarafidan olib qo‘yilganiga norozilik o‘laroq, Halima opa o‘zini yoqdi.

Men yerimni olib qo‘ygan hokimlarning adolatsizligiga chidamasdan o‘zimni yoqdim, deydi Halima opa.

- Olti oydan beri yuguraman. Bular "eringni chorvachilikka aylantirib beramiz", deb aytishdi. O‘tgan yil kredit olsin, chorvachilik qilsin, deb qarorlar berildi.

10 gektar. Mening oyog‘im singan edi. Optimallashtirish qaroridan so‘ng borib: “Mening yerimni nima qildingizlar, qoldirdingizlarmi?”, desam, “Ketavering, sizning yeringiz qolgan, sizning yeringizga tegmaymiz”, deyishdi.

Shundan keyin olti oy qatnadim. Ertaga keling, indinga keling, dedi. Keyin qayoqqa borsangiz boring, dedi.

Keyin men Toshkentga qatnay boshladim. Deyarli har kun Toshkent-Samarqand o‘rtasida qatnadim. Sovuqlarda sarson-sargardon bo‘ldim.

Buni “Xalq so‘zi” gazetasi ham, boshqasi ham hammasi biladi. Lekin hech kim yordam qilishni o‘ylamadi.

"Xalq so‘zi" gazetasiga, "Hurriyat" gazetasiga bordim. Hamma matbuotga kirib chiqdim. Televideniyega bordim. Hech kim yordam qilmadi. Nima men davlat jinoyatchisimanmi? Ularning yozganining hammasi to‘g‘rimi? Men qayerga boray? U birovning aytganini qilmasa. Rossiyadan ikkita bolamning o‘ligini olib keldim.

7 million qarz ko‘tarib bolalarimning o‘ligini olib kelib ko‘mdim. Boshimda xo‘jayinim bo‘lmasa. E, boshimdan nima savdolar o‘tmadi.

Qarang, hozir ham tuhmat qilib turibdi. Toshkentga: “Kelini bilan urishgan, shuning uchun o‘ziga o‘t qo‘ygan”, deb yozipti.

Nima qildim men? Bu dunyoda haqiqat bormi o‘zi, deydi Halima O‘ljayeva.

Haqiqat yo‘q bo‘lsa, bu dunyoda yashab nima qildim, degan sabab o‘z joniga qasd qilish mexanizmini harakatga keltiruvchi omil sifatida ko‘riladi.

2010 yil 14 yanvar kuni ikki bolaning onasi, Xorazm viloyati, Xiva tumani “Al-Xorazmiy” shirkati “Chinobod” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 1987 yilda tug‘ilgan Nargiza Olloberganova o‘z uyida o‘zini osib qo‘ydi. Nargizaning yaqin tanishlari oiladagi moddiy muammolar va janjallar bois Nargiza o‘zini o‘ldirgan deydi.

2010 yil 29 yanvar kuni o‘sha Xiva tumani G‘ovuk-ko‘l dahasidagi Mahliyo Rahimboyeva ham qashshoqlik bois o‘zini o‘ldirgani ma‘lum bo‘ldi.

Xiva tumani Mustaqillik ko‘chasida istiqomat qiluvchi 1993 yilda tug‘ilgan Yulduz Ibrohimova ham qashshoqlikka chiday olmasdan o‘zini o‘ldirishga qaror qildi. Yulduz ko‘p miqdorda uyqu dorini ichib qashshoqlik olamidan bira to‘la qutulmoqchi bo‘ldi. Yetib kelgan tez yordam vrachlari Yulduzning hayotini saqlab qolishdi.


Qishloqdagi fojea

Bundan 22 yil muqaddam o‘zbek yozuvchisi Odil yoqubov Moskvadagi “Literaturnaya gazeta” nashrida ana shu sarlavhali maqolani e‘lon qildi. Maqolada o‘zbek ayollarining o‘ziga o‘t qo‘ygani faktlari keltirildi.

Maqolada o‘sha paytda Islom Karimov rahbar bo‘lgan Qashqadaryo viloyatining o‘zida 1987 yil davomida 36 ayol o‘zini yoqib yuborgani aytiladi. Ayni viloyatda 1988 yilning olti oyida 30 nafar jonli mash‘ala lovullab yongani fakti o‘sha paytdagi ko‘p millionlik Literaturnaya gazeta mushtariylarini dahshatga solgan edi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san‘ati” gazetasining 1988 yil 5 avgust sonida yozuvchi Salomat Vafo “Po‘lat izlardagi fojea” maqolasini chop qiladi. Maqoladan iqtibos.

“16 yashar qiz Gulnora norma deb belgilangan 60 kilo paxtani tezgina terib, uyiga qaytib ketmoqchi bo‘ldi, ammo o‘qituvchi Tohirjon uning uyiga ketishiga izn bermadi. Boz ustiga yomon so‘zlar bilan haqoratladi. Bunga chidamagan Gulnora o‘zini poyezd ostiga tashladi”.

“Og‘ir temir g‘ildiraklar o‘n gulidan bir guli ochilmagan qizaloqning navqiron tanasini bosib o‘tdi” deyiladi Salomat Vafoning bundan 22 yil oldingi maqolasida.


Fojeaning davomi


Oradan shuncha vaqt o‘tdi. O‘zbekistondagi adolatsizliklar bois o‘z joniga qasd qilganlar soni ko‘paysa ko‘paydi, ammo kamaymadi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassisiga ko‘ra, har yili O‘zbekistonda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Bu rasman qayd qilingan raqam xolos. Ammo ko‘p holatda o‘z joniga qasd qilib o‘lganlar rasman qayd qilinmaydi.

Urganchning G‘oybu qishlog‘idagi To‘xtajon degan kelin bevafo eriga isyon qilib o‘ziga o‘t qo‘ydi. Obro‘talab qaynota esa, “kelinimiz yog‘ dog‘layman deb kuyib qolibdi”, deya marhumni dafn qildi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari ko‘p xollarda suitsidning oldini olish mumkin deb hisoblaydi.

- Buning uchun esa, mamlakatda bu muammoni ochiq shaffof muhokama qiladigan matbuot, odamlarni o‘zini o‘ldirishga majbur qiladigan mulozimlarni jazolaydigan mustaqil sud tizimi va eng muhimi ehtimoliy hudkushlarni qaroridan qaytaradigan ruhshunoslar markazi lozim, deydi Ozodlik bilan suxbatlashgan soha mutaxassisi.

Gallup tashkiloti tadqiqotiga ko‘ra, suitsid sharqiy Yevropada eng ko‘p kuzatiladi. Islomiy davlatlar xususan Quvaytda hudkushlik eng kam ro‘y beradi.
XS
SM
MD
LG