Линклар

Toshkentlik Miraliyevlar oilasi 2012 yil dekabridan beri o‘lik-tirigi noma‘lum qolayotgan 45 yashar o‘g‘li Dilmurodni topishda yordam berishni so‘rab O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi¸ ayni paytda¸ Ozodlik radiosiga murojaat qildi.

Mutaxassisligiga ko‘ra¸ sharqshunos bo‘lgan Dilmurod Miraliyev 1994-98 yillarda BBC radiosi muxbiri bo‘lib ishlagan¸ so‘ngra Oksford universitetining Islomiy tadqiqotlar kursini tugatib¸ Britaniyada asli pokistonlik ayolga uylanib¸ qolib ketgan. O‘zbekistonga so‘nggi marta 1999 yilda borgan Dilmurodning¸ jihodiy guruhlarga qo‘shilib ketganiga oid taxminlar mavjud.

Dilmurod Miraliyevning Ozodlikka murojaat qilgan yaqinlari¸ hozirga qadar bedarak yo‘qolgan o‘g‘ilni qidirib murojaat qilmagan joylari deyarli qolmaganini aytadi.

Miraliyevlar Dilmurodni istab Britaniyada bedarak yo‘qolganlarni izlovchi rasmiy va norasmiy saytlarga¸ Angliya politsiyasiga¸ hatto Rossiyaning “Jdi menya” ko‘rsatuviga ham murojaat qilganlar. Hozircha bunday qidiruvdan biror natija chiqmagan.

So‘nggi marta 2012 yilning dekabrida oilasiga qo‘ng‘iroq qilgan Dilmurod Miraliyev¸ yaqinlariga ko‘ra¸ uzog‘i bilan har ikki oyda Toshkentda qolgan ota-onasiga telefon qilib turgan.

Uning bedarak yo‘qolgani¸ onasi Naima Miraliyevaning salomatligi yomonlashib¸ 2013 yil 13 iyun kuni olamdan o‘tganidan so‘ng¸ aniq bilinib qolgan. Unga bu xabarni yetkizmoqchi bo‘lgan yaqinlari¸ na Dilmurodni¸ va na uning qayerda ekanidan xabardor odamni topa olmagan.

Dilmurodning oilasiga bog‘lanish uchun bergan telefon raqamiga sim qoqilganida¸hech kim javob bermaydi¸ operator bunday raqamning yo‘qligini bildiruvchi signal beradi.

2002 yilda asli pokistonlik ayolga uylangan Dilmurod¸ ikkita qiz farzand ko‘rgan. Taxminlarga ko‘ra¸ xotini tufayli u Britaniya fuqaroligini olgan. 2008 yilda oilasi bilan ajrashgan¸ sobiq xotini va qizlari bilan aloqasini butkul uzgan.

O‘zbekiston va Britaniya universitetida o‘qib¸ BBCda to‘rt yil muxbirlik qilgan Dilmurod¸ o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmay¸ Manchester shahrida mashina yuvish¸ yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin quyuvchi bo‘lib ishlagan.

Yaqinlariga ko‘ra¸ Dilmurod Britaniyadagi hayoti¸ xususan¸ oilaviy munosabatlari va diniy qarashlari haqida gapirishni yoqtirmagan va uyidagilar ham uning nima ish qilib¸ kim bilan qanday yashayotgani tafsilotlaridan ko‘p ham xabardor bo‘lmagan.

Ayni shunday Britaniyadagi Dilmurodni tanigan o‘zbekistonliklar ham uning anchayin yopiq shaxs ekani¸ vatandoshlari bilan ko‘p ham munosabat qilmaganini bildirishdi.

Ayrim taxminlarga ko‘ra¸ o‘ta konservativ diniy qarashdagi pokistonlik ayolga uylanganidan so‘ng Dilmurod ham radikal qarashdagi islomiy guruhlarga yaqinlashgan bo‘lishi mumkin.

Uning Britaniyada erkin faoliyat yuritadigan turli islomiy oqim va guruhlardan qay biriga qiziqish ko‘rsatgani¸ yoki bunday guruhlar bilan aloqada bo‘lgan-bo‘lmagani Ozodlikka ma‘lum emas.

Oila xavotirlari va taxminlar

Afg‘oniston va Pokistonda joylashgan ekstremistik diniy guruhlarga qo‘shilib¸ jihodiy amaliyotlarda qatnashayotgan o‘zbekistonliklar soni oshib borayotgani haqidagi ma‘lumotlar fonida Dilmurodning ham shunday guruhlarga qo‘shilgan bo‘lishi ehtimoldan soqit qilinmayotir.

Ayni kunlarda Pokiston armiyasi O‘zbekiston islomiy harakatining Shimoliy Vaziristondagi asosiy bazalariga havodan hujum uyushtirmoqda. Rasmiy xabarlarga ko‘ra¸ keyingi uch kunlik amaliyotlar oqibatida harakatning 100 dan oshiq janggarisi o‘ldirilgan. Dilmurodning yaqinlari¸ uning ana shunday guruhlarga qo‘shilib¸ ular safida o‘ldirib yuborilgani¸ o‘zlari uchun eng qo‘rqinchli taxmin ekanini aytadi.

Shuningdek¸ Suriyada jihod qilib yurganlik iddaosi bilan Ozodlikka bog‘langan o‘zbekistonlik Abu Usmon O‘zbek taxallusli shaxs¸ Shom diyorida uch yildan beri borayotgan qurolli amaliyotlarga qo‘shilayotgan o‘zbekistonliklar soni ko‘payib borayotgani tilga olgan edi.

Maqsadi “butun dunyo kufr davlatlariga qarshi jihod orqali islomiy xalifa qurish ekanini” ta‘kidlayotgan o‘zbek mujohidlari vakili Ozodlik bilan suhbatda¸ Shom diyoriga jihodga kelayotgan o‘zbekistonliklar orasida “G‘arbdan deysizmi, Sharqdan deysizmi, Yevropa, Osiyodanxoh yurist deysizmi, medik deysizmi, injener deysizmi, texnolog deysizmi, xullas ideologlar, barcha-barcha birodarlar safimizda bor”¸ deya iddao qilgan edi.

Britaniya fuqaroligini olganda o‘z ism-sharifini ham o‘zgartirgani taxmin etilayotgan Dilmurod Miraliyevning¸ ana shunday “aqlli jihodchilar” safiga qo‘shilgan bo‘lishi ham ehtimoldan soqit qilinmayotir.

Toshkentlik 45 yashar Dilmurod Miraliyevni tanigan-bilganlar¸ uning 2012 yil dekabridan keyingi hayotidan xabardor bo‘lganlar bo‘lsa¸ Ozodlik bilan WhatsAppdagi +420 724 971 539 raqami¸ yoxud OzodlikOnline, OzodSkype va OzodOvoz Skype manzillari orqali bog‘lanib¸ ma‘lumot berishlari mumkin.
XS
SM
MD
LG