Линклар

logo-print
Pokistondagi Tahriki Tolibon janggari guruhining o‘zbek qo‘mondoni Abu Asar Pokiston harbiylari 17 iyun kuni amalga oshirgan havo hujumida o‘ldi. Ikki kun avval Pokiston harbiylari uyushtirgan hujumda O‘zbekiston Islomiy Harakati (O‘IH) qo‘mondonlaridan biri Abu Abdurrahmon al-Maoniy o‘ldirilgan edi.

“Xudkush hujumlar ustasi” laqabi bilan tanilgan Pokistondagi Tahriki Tolibon guruhining o‘zbek qo‘mondoni Abu Asar Pokiston harbiy uchqichlari seshanba kuni ertalab Shimoliy Vaziriston viloyatida amalga oshirgan havo hujumida o‘lgan.

18 iyun kuni Pokistondagi axborot vositalari rasmiylarga tayanib tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Abu Asar Pokiston hududida qator xudkush hujumlar uyushtirish uchun mas‘ul bo‘lib kelgan.

Pokistonlik harbiylar iddaosiga ko‘ra, havo hujumi natijasida Karachi shahridagi aeroportga 8 iyun kuni qilingan hujum tashkilotchilaridan biri, O‘zbekiston Islomiy Harakati (O‘IH) qo‘mondonlaridan Abu Abdurrahmon al-Maoniy ham o‘ldirilgan edi.

Pokiston harbiylari Afg‘onistonga chegaradosh bo‘lgan qabilalar yashaydigan Shimoliy Vaziriston mintaqasida 13 iyun kuni toliblar va xorijiy janggarilarga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar boshlagan.

Pokiston xavfsizlik kuchlari matbuot xizmati (ISPR) iddaosiga ko‘ra, amaliyotlar boshlaganidan beri 200 dan ortiq janggari o‘ldirilgan va ularning aksarini o‘zbeklar tashkil qiladi.

Ayni paytda Tahriki Tolibon harakatining matbuot kotibi Shahidulloh Shahid to‘qnashuvlar paytida toliblardan 8 nafari halok bo‘lgani, Pokiston xavfsizlik kuchlaridan 50 kishi o‘ldirilganini da‘vo qildi.

Janggarilarga qarshi amaliyotlar borayotgan mintaqadagi Ozodlik muxbiri Umar Daroz Vazir havo hujumi oqibatida Abu Asar bilan birga yana bir necha o‘zbek janggarilari qo‘mondoni o‘ldirilganini aytdi.

- Pokiston harbiylari Mironshoh, Mirali va Began mintaqalarida uyushtirgan havo hujumida Abu Asar va o‘zbek janggarilarining yana bir necha yuqori lavozimli qo‘mondoni o‘ldirildi. Mintaqada amaliyotlar davom etmoqda, - dedi Ozodlikning mintaqadagi muxbiri.

Umar Darozga ko‘ra, Pokiston razvedka xizmati Abu Asarning shaxsi haqida atroflicha ma‘lumot tarqatmagan.

Namanganlik Tohir Yo‘ldosh va Juma Namangoniy tashkil etgan O‘zbekiston Islomiy harakati Al-Qoida terror tashkilotiga aloqador guruh sifatida xalqaro terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekiston Islomiy Harakati janggarilari asosan Pokistonning Shimoliy Vaziriston viloyatida boshpana topgan.

Hozir bu mintaqada O‘IHning bir necha yuz janggarisi joylashib olgani taxmin qilinadi.

- Vaziriston viloyatidagi mahalliy aholi vakillariga ko‘ra, faqat Mirali va Mironshohda ijaraga olingan uylarda taxminan 500 nafar o‘zbek janggarisi yashaydi, - deydi Ozodlik muxbiri.

Umar Darozga ko‘ra, mahalliy aholining O‘IH a‘zolariga munosabati yaxshi emas. Boisi ular turli jinoiy faoliyat ortidan kun ko‘radi.

- Ularning asosiy daromadi turli tadbirkorlar va rasmiylarni to‘nashdan keladi. Shuningdek, ular xorijdan ham moliyaviy yordam oladi, - deydi Ozodlikning Shimoliy Vaziriston viloyatidagi muxbiri Umar Daroz Vazir.
XS
SM
MD
LG