Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:08

Qo‘qonlik ishchilar yer kavlayotib 13.5 kilolik oltin g‘isht topishdi


Qo‘qonda kanalizatsiya ishchilari tomonidan topilgan oltin.
Qo‘qonda kanalizatsiya ishchilari tomonidan topilgan oltin.
Qo‘qon shahrida Suv-oqava shirkati xodimlari kanalizatsiya quvurini yangilash uchun yer burg‘ulayotganlarida og‘irligi 13,5 kilogramm bo‘lgan bir g‘isht oltin topib olishgan. Oltin topib olgan qo‘qonliklar o‘tgan asr boshlariga oid ekani aytilayotgan quyma g‘isht oltinni shahar Ichki ishlar bo‘limiga olib borib topshirishgan.

Qo‘qon shahar Suv oqava shirkati rahbarlaridan biri besh nafar ishchisi o‘tgan hafta shahar markazida qazishma ishlari payti 13.5 kilolik oltin topib olgani va bu oltin davlat organlariga topshirilganini tasdiqladi:

- Ular o‘z ixtiyorlari bilan oltinni Ichki ishlar bo‘limiga olib borib topshirishdi. Chunki bu topilma davlatning mulki. Oltinni qiymati aniq bo‘lganidan so‘ng ularga qandaydir qismi pul mukofoti sifatida berilar ekan, dedi Qo‘qon shahar Suv-oqava shirkatining ismini aytmagan rahbarlaridan biri.

Qo‘qon markazida qazishma ishlarini olib borayotgan Suv-oqava shirkati ishchilari oltin topgani haqidagi xabarlar va shu oltinning fotosurati uyali telefonlar orqali tarqaldi.

Suv-oqava shirkati ishchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda oltin topilishi tafsilotlarini gapirib berdi:

- Qo‘qonning Eski shahar qismida, Hamza teatrini orqasida beshta ishchimiz kanalizatsiya quvurlarini yangilashayotgan edi. Ekskavatorda yerni kavlashgan. Biz bilan ishlaydigan Qobil aka qazilgan joyga tushsa¸ yaltillagan narsa ko‘ringan. To‘rt burchak yaltiroq metal. O‘yilgan yozuvlari ham bor. Organlarga olib borishsa oltin ekan, olib qolishibdi. O‘shandan ularga qanchasinidir berishar ekan, dedi Suv-oqava shirkati ishchilaridan biri.

Qo‘qon shahar Ichki ishlar bo‘limi rasmiylaridan hozircha bu yuzadan izoh olish imkoni bo‘lmadi.

Qo‘qonlik zargar Abdunabi aka telefonda tarqalgan oltin suratini ko‘rganini aytib¸ uning tarixiy va moddiy qimmatini chamalashga urinadi:

- Hamza teatrini atrofi Qo‘qonni qadimiy joylari bo‘lgan-da. Men ko‘rdim suratni, to‘rt burchak g‘isht oltin. Ilgari o‘zimizni musulmon g‘ishtlar bo‘lardiku, o‘sha 13 yarim kilolik quyma oltin. Uni narxi taxminan 750-800 ming dollar atrofida bo‘ladi. Qadimiy ekani hisobga olinsa, undan ham qimmat bo‘lishi mumkin, deydi Abdunabi aka.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, tarix va madaniyat yodgorliklari jumlasiga kiradigan ashyolardan iborat xazina topgan shaxs, uni davlatga topshirishi shart.

Xazina topgan shaxs¸ shu davlat mulkiga topshirilgan xazina qiymatining 25 foizi miqdorida mukofot olish huquqiga egadir.

Oltin topib olgan qo‘qonlik ishchilarga qancha miqdorda mukofot puli berilishi ma‘lum emas.

Qo‘qon shahar Suv-oqava shirkati rasmiylari bu haqda ma‘lumot berolmasliklarini aytishdi.
XS
SM
MD
LG