Линклар

Braziliyada borayotgan futbol bo‘yicha jahon birinchiligi o‘yinlarini jamoa bo‘lib kafe-restoranda ko‘rishga ishqiboz o‘zbekistonliklar¸ o‘rnatilgan turli qoida va cheklovlar bois¸ bunga muvaffaq bo‘la olmayotganlaridan shikoyat qilmoqdalar.

Toshkentda bar-restoranlar nechagacha ishlayapti?

“Kafe va barlarni kechki soat 11 larga yopishayapti. Yopilayotgan bo‘lsa futbolni qanday ko‘ramiz?! PPS (post-patrul xizmati) niklar kelib kafe egalariga “yopilsin”, deyapti. O‘yin qizg‘in joyiga yetganida, endi 50-60 minut ko‘rganimizda, chiqarib yuborishdi”.

Yunusobod tumanidagi kafelardan birida Rossiya bilan Janubiy Koreya o‘rtasida bo‘layotgan futbol o‘yinini oxirigacha ko‘ra olmasdan chiqarib yuborilganidan g‘azablangan toshkentlik futbol ishqibozlaridan biri Ozodlikka shunday xabar yo‘lladi.

Bu shikoyat ortidan poytaxt umumiy ovqatlanish muassasalarida jahon birinchiligi o‘yinlarini tomosha qilish imkonini o‘rgangan Ozodlik muxbiri¸ bunday imkonning bir necha mezonga va o‘yin vaqtiga ko‘ra farqlanishini aniqladi.

Braziliyada guruh bosqichida kuniga uchta o‘yin o‘tkazilmoqda. Bu o‘yinlarning birinchisi Toshkent vaqti bilan kechki soat 9 da boshlanib¸ qariyb 11 ga qadar davom etmoqda. Kunning ikkinchi o‘yinlari Toshkentda soat tungi 12 da boshlanib¸ 2 ga qadar cho‘zilsa¸ uchinchi o‘yinlar sahargi 3 da boshlanib¸ tonggi 5 gacha davom etmoqda.

Ma‘lum bo‘lishicha¸ futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini ko‘rsatish haqqini O‘zbekiston milliy teleradiokampaniyasidan sotib olmagan kafe-barlar¸ Toshkent shahar hokimligi o‘rnatgan umumiy tartibga ko‘ra¸ tungi soat 11 da o‘z ishini to‘xtatishi lozim:

- Litsenziyasi yo‘q kafemizning. Litsenziya sotib olinadi bunga maxsus. Shuning uchun 11 da yopishga majburmiz¸ dedi bunday litsenziyasi yo‘q kafe egalaridan biri Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Tonggacha o‘tiradigan ishqiboz ko‘p emas...

Ikkinchi o‘yin tugashi bilan yopilishini aytgan Toshkent markazidagi pivo restorani menejeri¸ o‘z muassasasining futbol o‘yinini ko‘rsatishga litsenziyasi borligiga qaramay¸ tongga qadar ishlashning hojati qolmasligini aytadi:

- Biz 9 dagi birinchi o‘yinni namoyish qilamiz,12 dagi ikkinchi o‘yinni ko‘rsatamiz, ammo uchinchi o‘yinga deyarli hech kim qolmaydi, shu sababli soat 2-3 larda restoranimiz o‘z ishini yakunlaydi, dedi o‘zini Marina deb tanishtirgan pivoxona boshqaruvchisi.

O‘z ismini oshkor etmaslikni so‘ragan Toshkentdagi yana bir restoran xizmatchisi ham futbol translyatsiyasiga litsenziyasi va katta ekran borligiga qaramay¸ restoranni qachon yopish mijozlar qiziqishiga qarab belgilanishini aytadi:

- Agarda yaxshi o‘yin ketayotgan bo‘lsa, qo‘ysak bo‘ladi. Lekin ko‘pincha odam yig‘ilmay qoladi. Xodimlarimiz esa oilali, bola-chaqasi bor, kassa yig‘ilmaydi... Shu sababli biz uchala o‘yinning translyatsiyasidan voz kechdik. Ammo, masalan, shanba kuni Germaniya va Gana, Argentina va Eron bellashadi – odam unga kelishi mumkin; Rossiya o‘yinlariga, albatta, yig‘iladi va biz uning o‘yinlarini, albatta, ko‘rsatamiz. Bosniya-Gertsegovina va Nigeriya o‘yinini ishqibozlari topilmasa kerak, deya biznes sirlari bilan o‘rtoqlashdi restoran egasi.
XS
SM
MD
LG