Линклар

Navoiy teatri rahbariyati o‘zini tanqid qilgan primadonnani ishdan bo‘shatdi


O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Muyassar Razzoqova.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Muyassar Razzoqova.

Yaqinlargacha Markaziy Osiyodagi opera san‘ati markazi bo‘lgan Navoiy teatrini keyingi paytda ko‘plab qo‘shiqchilar tark qilgani aytiladi. Bu maskanda qo‘shiq aytgan hofizlar ko‘p hollarda o‘z tarixiy vatanlari Berlin¸ Nyu-York¸ London¸ Moskva va Tel-Aviv kabi shaharlariga ketishdi. O‘zbekistonni o‘z vatani deb bilgan primadonna Muyassar Razzoqova esa teatrdagi noijodiy muhitdan bezib ishdan ketsa ham¸ vatandan ketmaganligini aytadi.

O‘zbek opera san‘ati malikasi sanalgan 50 yashar O‘zbekiston xalq artisti Muyassar Razzoqova Ozodlik bilan suhbatda sahnani tark qilishga teatr rahbariyati tomonidan majburlanganini bildirdi:

- Teatrdagi ijodiy tanazzul¸ qurilishga ajratilgan pullarning talon- taroj qilinishi borasida bildirgan e‘tirozlarim boshimga balo bo‘ldi. Teatr rahbari qurilish tugamasligidan manfaatdor. Qurilish unga daromad keltirmoqda. Remont bo‘lib turibdi, u esa bu yonda o‘zining pulini ishlab yuribdi. Teatrni o‘g‘irlab yotibdi. Kuni o‘tib turibdi. U kishi (Navoiy nomidagi opera va balet teatri bosh direktori Baxtiyor yoqubov nazarda tutilmoqda - tahr.) teatrning sahnaviy faoliyat ko‘rsatishini sira istamaydi. O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari Adham Ilhomovich Ikromov ham teatr direktoriga boshpanox¸ krisha. Shularni gapirganim uchun teatr direktori Baxtiyor yoqubov meni sahnadan ketishga majbur qildi. Meni Moskva va Sankt Petrburgdagi teatrlarga taklif qilishganida bormadim. O‘zbek san‘atiga xiyonat qilib ketdi¸ degan gaplarni eshitmaslik uchun chet elga ketmadim. Chorasizlikdan konservatoriyada ishlayapman¸ deydi suhbatdosh.

Lirik-koloratur soprano deb tasniflangan noyob ovoz sohibasi Muyassar Razzoqova suhbat davomida ma‘muriy bosim va tazyiqlar yo‘qolgan kezda¸ hoziroq sahnaga qaytishga tayyor ekanligini bildirdi:

- Men opera hofiziman¸ har kuni qo‘shiq aytishim kerak. Meni sevimli ish joyimdan, teatrdan haydashdi. Shu darajagacha olib kelishdiki, teatrni majburan tark etdim. Hozir Konservatoriyada talabalarga dars berayapman. Biroq qancha muxlislar mening ovozimni sog‘inib, teatrga kelishar edi. Endi esa men teatrda yo‘qman! Bu katastrofa! Teatrning hozirgi rahbari ijodni o‘ldirdi. 6 oydan beri teatrni ta‘mirlamoqda. Buncha muddat teatrni yopib turishidan maqsad nima? Teatr badiiy kengashida xalq artisti sifatida mening o‘z o‘rnim bor? Rahbar esa faqat uning aytgani aytgan, degani deganini ro‘kach qilib, badiiy kengashdan meni chetlatdi. 25 yil teatrda ishlab, hali bu qadar tahqirlanmaganman¸ deydi O‘zbekiston xalq artisti Muyassar Razzoqova Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik muxbiri Muyassar Razzoqova e‘tirozlari yuzasidan Alisher Navoiy nomli Opera va balet teatri direktori Baxtiyor yoqubovga murojaat qildi. Qisqa suhbat mobaynida teatr direktori Muyassar Razzoqovaning o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketganini iddao qildi:

- Muyassar o‘z ixtiyoriga ko‘ra ishdan ketdi. Uni hech kim haydamadi¸ o‘zi ketdi. Endi esa ketganini ham piar qilyapti. Hech kim uni xafa qilmadi¸ dedi teatr direktori.

Primadonna e‘tiroziga sabab bo‘lgan shubhali qurilish

Ozodlik radiosi yil boshida Akademik Katta teatr artistlarining qo‘shiq aytish o‘rniga qurilishda shag‘al tashiyotgani yuzasidan shikoyatlarni o‘rgangan edi.

Teatr bosh direktori o‘rinbosari Ilhom Tursunboyev o‘shanda Ozodlik bilan suhbatda teatr ijodiy va texnik jamoasi hasharga chiqqani va bu jarayonda hech qanday majburlash bo‘lmaganini ta‘kidladi:

- Teatrimiz uch yildan beri rekonstruktsiyada. Ta‘mir juda cho‘zilib ketdi. Yaqinda yuqori davlat tashkilotlari tomonidan tekshiruv bo‘ldi. Binodagi ahvolni¸ podryadchiklar bajara olmayotgan ishlar¸ hamma joyning iflosligini ko‘rib¸ ular o‘zimizga “sizlar ham yordam bering” deb murojaat qilishdi.

Uch yil avval Qo‘qonda joylashgan qurilish shirkatlaridan biri bilan tuzilgan kelishuv asosida teatr binosida keng ko‘lamli ta‘mir boshlangan va bu ta‘mir hanuz bitmagan.

Akademik Katta teatr sobiq badiiy rahbari va bosh direktori¸ milliy opera va balet teatri darg‘asi sanalgan SSSR Xalq artisti Bernora Qoriyeva Ozodlik bilan suhbatda¸ bugun Navoiy teatri binosi va uning ijodiy vaziyatidagi holdan hayronu lol ekanini aytadi:

- Tafsilotlarini bilmayman. Lekin bu durdona va noyob binoda ta‘mir ishlarining o‘ta shubhali tarzda cho‘zilib ketganidan xabarim bor. Bu bino va bu teatr jamoasi bir paytlar Toshkentning faxri edi. Ammo bugunga kelib avvalgi teatrdan asar ham qolmadi. Bilganim¸ bu binoni na san‘at va na balet nimaligini tushunmaydiganlar ta‘mirlayapti. Faxrimiz sanalgan bu binodan hech narsa qolmadi¸ hisob¸ deydi achchiq bilan o‘zbek baleti onasi sanalgan dunyoga mashhur balerina.

Akademik Katta teatrning sobiq primadonnasi¸ O‘zbekiston xalq artisti Muyassar Razzoqova san‘at va balet nimaligini tushunmaydigan rahbarlar teatrni boshqarmasligi kerak¸ degan fikrda:

- Rahbar men haqimda safsata va uydirmalar tarqatdi. Nimamish, ovozim yo‘qolib qolganmish? Nima emish, janjalkash, urushqoq emishman. Haq-huquqi toptalayotgan odam odillikni talab qilsa, urushqoqlik bo‘ladimi? Qarab tursin, shu gaplari uchun ham ovozim qandayligini ko‘rsatib, yana yakkaxon kontsert beraman¸ deya ta‘kidlagan Muyassar Razzoqova Ozodlik tinglovchilariga "Vatan" deya nomlangan ariyani ijro etib berdi.

Qo‘shiqchi¸ laureat va deputat

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat akademik Katta teatrining sobiq primadonnasi Muyassar Razzoqova 1964 yilda Qoraqalpog‘istonning Beruniy shahrida tug‘ilgan. 1988 yilda Muxtor Ashrafiy nomidagi Toshkent Davlat konservatoriyasining opera sinfida, Rozalinda Laut va Saodat Qobulovalar ustozligida tugatib, shu yili Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek akademik katta teatrida opera yakka ijrochisi sifatida mehnat faoliyatini boshlab, teatrda sahnalashtirilgan o‘zbek va jahon klassikasi operalarida asosiy partiyalarni ijro etdi.

Sulaymon Yudakovning «Maysaraning ishi»dagi Oyxon, M. Bafoyevning «Umar Hayyom» idagi Feruza, M. Ashrafiyning «Dilorom»idagi Dilorom, Glier va T. Sodiqovning «Layli va Majnun» idagi Layli, J. Verdining «Traviatta»sidagi Violetta, «Rigoletta»sidagi Jilda, «Bal maskarad»idagi Oskar, D. Rosinining «Silviya sartarosh»idagi Ro-zina, Donitsettining «Lyuchiya di Lammermur»idagi Lyuchiya kabi partiyalar yosh opera solistikasining qisqa davr ichidagi ijodiy mehnatining mahsulidir.

Muyassar Razzoqova Germaniya, Frantsiya, AQSh, Ispaniya, Italiya, Vengriya, Turkiya va boshqa xorijiy mamlakatlarda ijodiy safarlarda bo‘lib, jahon mumtoz operalaritsan ariyalarni va o‘zbek milliy qo‘shiqlarini mohirona kuylab, chet el qo‘shiq muxlislarining ham e‘tiboriga sazovor bo‘ldi.

Razzoqova 1990 yilda Vengryada bo‘lgan vokalchilar tanlovida ikkinchi mukofotga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 1997 yilda Italiyada bo‘lib o‘tgan kuchli operachilar musobaqasida o‘ttizlik guruhiga tushib, laureat bo‘ldi.

Iste‘dodli opera solistkasi va xushovoz xonanda Muyassar Razzoqova «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» (1998) unvoni sohibidir.

U 1999 yilda O‘zbekiston Oliy Majlisiga deputat etib saylangan.
XS
SM
MD
LG