Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:07

Janubiy Koreyadagi “nolegallar”ga O‘zbekistonda jazo tayinlandi


O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan shartnoma asosida Koreyaga ishga ketib¸ belgilangan muddat (4 yilu 10 oy) ichida vatanga qaytmagan o‘zbek muhojirlariga har kechikkan oy uchun taxminan 1000 dollardan jarima solinmoqda. Jarima to‘lanmagan taqdirda¸ ish sudga oshirilib¸ 1000 dollarlik shtraf 1500 dollarga aylantirilmoqda.


Agentlik ogohlantiradi

Bu ma‘lumotlarni Ozodlikka O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rasmiysi bildirdi.

Agentlik rasmiysi ta‘kidicha¸ Koreyaga ishga ketish uchun tuzilgan shartnomaning maksimum muddati 5 yil va shu muddat ichida O‘zbekistonga qaytib¸ bu haqda vazirlikka shaxsan bildirmagan muhojir¸ avtomatik tarzda “nolegal” maqomiga o‘tadi va undan jarima undiriladi.

“Agentlik bilan tuzilgan shartnomada yozilgan¸ agar o‘zi to‘lamasa bu jarima kafilidan undiriladi. Bu shaxs(kafil)ning kimligi¸ ish joyi¸ pasport ma‘lumotlari¸ hammasi shartnomada ko‘rsatilgan. Jarima miqdori Koreyada o‘rnatilgan eng kam ish haqining bir baravarida deb belgilangan va bu 1000 AQSh dollari bo‘ladi. Jarimaning miqdori “nolegallik” muddatiga bog‘liq bo‘ladi. Bir yilgacha qancha¸ bir yildan oshsa qancha¸ hammasi shartnoma asosida belgilanadi”¸ deydi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi mutaxassisi.

Bu rasmiyga ko‘ra¸ “nolegal” muhojirlarga nisbatan bunday jazo choralari Janubiy Koreya hukumati bosimi ostida joriy qilingan.

“Janubiy Koreya hozir nolegal mehnat muhojirlariga qarshi siyosatini keskinlashtirmoqda. Koreyada ham politsiyasi reydlar o‘tkazib¸ bizdan ketganlarni tutib¸ deport qilayapti. Koreyslardan bizga “o‘zbek nolegallari ko‘payib ketdi¸ yig‘ishtirib olinglar”¸ degan gaplar 2013 yildan beri bo‘layapti. “Nolegallar ko‘pligi uchun¸ sizlar bilan ishlamaymiz”¸ deyishgacha borishdi yil boshida. Lekin ikki davlat o‘rtasida memorandum borligi uchun¸ hali Koreyaga ishga yuborish to‘xtaganicha yo‘q. Biz nolegallarni O‘zbekistonga qaytarish majburiyatini olganmiz”¸ deydi o‘z shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan rasmiy suhbatdosh.

Ana shu majburiyat ostida agentlik o‘z rasmiy saytida Janubiy Koreyaga mehnat shartnomasi asosida ketgan fuqarolarni vatanga qaytishi bilan “Hisobga olish va statistika sho‘‘basiga qaytganligini belgilatish uchun fuqarolik pasporti bilan uchrashish” lozimligidan ogohlantirmoqda.

Agentlik saytida¸ zudlik bilan uchrashi lozim bo‘lgan “nolegal”lar ro‘yxati ham ilova qilingan. Bu ro‘yxatdan 2007-2009 yilda Janubiy Koreyaga agentlik bilan shartnoma asosida ishga ketib¸ hozirga qadar qaytganini ro‘yxatdan o‘tkazmagan 1947 nafar shaxsning ismi-sharifi va shartnoma tuzgan muddati joy olgan.

Koreyadagi “nolegal” qaytmoqchi emas...

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan shartnoma asosida Janubiy Koreyaga ishga ketib¸ belgilangan muddat tugaganiga qaramay¸ O‘zbekistonga qaytmayotgan “nolegal” muhojirlar Ozodlik bilan suhbatda agentlikdan zudlik bilan mamlakatga qaytish va belgilangan jarimani to‘lash haqida maktub uy manzillariga yuborilayotganini tasdiqladilar.

“Tanishlarim orasida 15 mingdan 20 ming dollargacha jarima belgilanganlari bor”¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Koreyadagi “nolegal”lardan biri.

O‘zbekiston hukumatining Koreyadagi o‘z “nolegallari”ni yig‘ishtirib olish urinishlari va belgilangan katta jarimaga qaramay¸ bu muhojirlarning ko‘pi vatanga qaytish fikridan yiroq ko‘rinadi.

- Qaytmayman. Uchta bolamni katta qilib¸ ularni o‘qitib¸ uylik-joylik qilishim kerak. O‘zbekistonda ish bo‘lmasa¸ borining oyligiga kun ko‘rib bo‘lmasa¸ pora olib¸ pora berishni xohlamasam¸ nima qilaman u yerga qaytib. Bolalarim katta bo‘lsin¸ ularni amallab Koreyaga o‘qishga olib kelaman. Bo‘lmasa¸ ularning umri ham shunaqa muhojirlikda o‘tishi kerak bo‘ladi. Buni xohlamayman. Koreya normal davlat. Qonunni buzmasangiz¸ birov sizning hujjatingizni tekshirmaydi. Tinchgina ishlab yursam¸ meni hech kim deport qilmaydi”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan nolegal muhojirlardan biri.

“Qaytmas nolegal”ni O‘zbekistonda nima kutmoqda?

Bu savolga javob bergan O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rasmiysi¸ 2016 yilning 1 yanvaridan boshlab eski rusumdagi O‘zbekiston pasporti yaroqsiz bo‘lishi munosabati bilan¸ Koreyadagi nolegallar (hammasi eski pasport egalari) 2015 yil oxiriga qadar vatanga qaytishi shundoq ham shart ekanini alohida ta‘kidladi.

(Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ Koreya¸ qolaversa¸ boshqa mamlakatlarda mehnat muhojiratida yurganlarning uyiga mahalla va militsiya xodimlari birma-bir kirib¸ ishga ketganlarning uyga qaytib¸ berilgan muddat ichida biometrik pasport olish shart ekanidan ogohlantirmoqda.)

“Nolegallar bugun-erta O‘zbekistonga qaytmasa ham¸ ular o‘z vakillari orqali belgilangan jarimani to‘lashi shart. Jarimasini to‘lab yursa¸ ular sudga berilmaydi. Hozir kelib to‘lamasa¸ ma‘lum muddatdan keyin ish sudga oshadi va 10 ming dollar o‘rniga 15 ming dollar to‘lanadi¸ shtraf¸ gosposhlina va mahkama xarajatlari – advokat¸ sud ijrochilari puli qo‘shilgan holda. Bularning hammasini kafil to‘laydi. Agar hozir to‘lansa¸ biz ishni sudga oshirmay¸ yopib yuboramiz. Nolegalning o‘zi kelmasdan¸ uyidagilardan kimdir kelib shartnoma bo‘yicha chiqarilgan jarimani yopsa¸ biz u odamni jarimachilar ro‘yxatidan chiqaramiz¸ bo‘ldi. Bizda u qaytmagan bo‘lib turadi¸ lekin jarimachilar ro‘yxatidan olib tashlanadi”¸ deydi O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rasmiysi.

Mehnat migratsiyasi bo‘yicha o‘zbek-koreys hamkorligi

Mamlakatdagi sanoatlashuv jarayonining tez rivojlanib¸ demografik muammolar bois iqtisodning eng jadal o‘sayotgan sanoatiga ish kuchi topilmayotgani ortidan 90-yillarda Seul hukumati maxsus malaka talab qilmaydigan ishlar uchun muhojirlarni jalb etish siyosatini qo‘llashga kirishdi. Sanoat shirkatlariga koreyaliklar qilishni istamagan 3D ( difficult, dirty, dangerous) – qiyin¸ iflos va xatarli ishlar uchun qoloq davlatlardan malakasiz muhojirlarni olib kelishga ruxsat berildi.

2004 yil 17 avgustida mamlakatda malakasiz xorij ishchilarini ishga yollashga huquqiy asos beruvchi Employment Permit System – Ishga olishga ruxsat berish tizimi joriy qilindi.

2006 yilda ana shu tizim asosida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Koreya Respublikasi Mehnat vazirligi bilan o‘zbekistonliklarni Koreyaga ishga yuborishga oid Memorandum imzoladi. Mazkur Memorandum hozirga qadar har ikki yilda uzaytirilib kelinmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining bildirishicha¸ Koreya Respublikasida ishlash istagini bildirgan (yoshi 18-39 gacha, sog‘lom, sudlanmagan, avval Koreyada nolegal yurmagan va majburan Koreya Respublikasidan chiqarib yuborilmagan, chet elga chiqishi taqiqlanmagan) fuqarolar Koreya Respublikasi Erkin yollash tizimi bo‘yicha koreys tilidan test sinovlarida qatnashishlari talab etiladi.

Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarning nomiga koreys ish beruvchilaridan mehnat shartnomasi kelgandan so‘ng fuqarolar Agentlik tomonidan belgilangan tartibda Koreya Respublikasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuboriladi.

Hozirga kelib Janubiy Koreya¸ asosan¸ Osiyoning 15 hukumati bilan mehnat migratsiyasiga oid kelishuv imzolagan. V‘etnam¸ Filippin¸ Indoneziya¸ Tailand va Shri Lankadan kelayotganlar Koreya zavod-fabrikalaridagi ham legal¸ ham nolegal muhojir ishchilarning aksar qismini tashkil etadi. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra¸ O‘zbekiston 15 davlatdan iborat bu ro‘yxatda yuqoridagi beshlik va Mongoliyadan keyin 7-o‘ringa chiqqan. Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra¸ hozirda Koreyadagi o‘zbekistonlik nolegallar soni 500-700 ming nafarni tashkil etadi.

“Afsuski, biz Koreyaga jo‘natganlar orasida ish joylarini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketib, noqonuniy faoliyat yuritayotganlari ham uchramoqda. Natijada bunday kishilar mehnat, ijtimoiy va boshqa huquqlardan himoyasiz qolib, turli muammo va qiyinchiliklarga uchramoqda. Bu esa davlatimiz sha‘niga putur yetkazishi bilan birga fuqarolarimizga bo‘sh ish o‘rinlari, ya‘ni kvota ajratilishiga ta‘sirini o‘tkazayapti”¸ degan edi mazkur agentlik rahbari mahalliy matbuotda qilgan chiqishida.
XS
SM
MD
LG