Линклар

logo-print
Avji pishiqchilik boshlanib¸ aksar o‘zbekistonliklar murabbo yopishga kirishgan ayni kunlarda¸ shakar narxi qariyb 5000 so‘mga yetib qoldi. Tahlilchilarga ko‘ra¸ shakarga nisbatan bozor talabi kuchayadigan yoz mavsumida har yil kuzatiladigan bunday qimmatlash O‘zbekistondagi asosiy iste‘mol mollari savdosining yuqori mansabdagi shaxslar monopoliyasiga aylantirilgani bilan bog‘liq.


Mayda 2800 bo‘lgan shakar¸ 4500 ga chiqdi...

Ozodlikka murojaat qilayotgan o‘zbekistonliklar murabbo va kompot mavsumi boshlangan ayni kunlarda shakar narxi qimmatlab borayotganidan shikoyat qilmoqda.

Toshkentlik Munisa opa Ozodlik bilan suhbatda shakar hamma joyda har xil narxda sotilayotganini aytdi:

- Bir joyda hatto navbat bilan 3500 so‘m, boshqa joyda 4500 so‘m sotilayapti. Biz shakarni supermarketdan kilosini 4500 so‘mdan sotib oldik plastik kartaga. Boshqa do‘konlarda naqd pulga 4100 so‘m ekan, deydi Munisa opa.

Poytaxtdagi “Makro” supermarketi xodimi Ozodlik bilan suhbatda do‘konda shakar har kuni borligi¸ ammo bir kishiga ikki kilogrammdan ortiq sotilmayotgani aytdi.

Do‘kon xodimi shu kunlarda shakarga bunday cheklov joriy qilinganini talab ko‘paygani bilan izohladi:

- Shakarimiz har kuni bor. Faqat navbat ko‘payib ketayapti. Odamlar darrov sotib olib ketishayapti. Bir kilosi 3200 so‘m. Bir odamga ikki kilodan sotilayapti. Hozir sezon bo‘lgani uchun qimmat bo‘layapti, deydi “Makro” xodimi.

Ayni paytda, navoiylik Sherali o‘zi yashaydigan hududda shakar taqchilligi va navbat yo‘qligini ammo so‘nggi ikki hafta ichida narx ko‘tarilganini aytdi.

- Shakar bor-u, qimmat. Bir kilosi naqd pulga 4000 so‘m, plastik kartaga 4500 so‘m. Endi kompot sezoni boshlandi-ku. 15 kuncha oldin shakar 3500-3800 so‘m edi. Keyin ozgina ko‘tarildi. Istagancha bor. Shakar muammosi yo‘q. Faqat qimmat, deydi navoiylik Sherali.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan Farg‘ona, Jizzax va boshqa viloyatlardagi fuqarolar ham so‘nggi haftalar davomida o‘zlari yashaydigan hududda shakar narxi oshganidan nolidi.

Talab va taklifdagi sun‘iy nomutanosiblik

O‘zbekistonda meva pishiqchiligi mavsumida shakar narxining oshishi muttasil kuzatilayotgan muammo.

Hukumat mamlakatning shakarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq mahalliy ishlab chiqarish hisobiga qondirish iddaosi bilan 1998 yilda Xorazm viloyatida yiliga 180 ming tonna shakar ishlab chiqaradigan zavod qurdi.

“Xorazm shakar” O‘zbekiston-Avstriya-AQSh qo‘shma korxonasi hozir O‘zbekistondagi shakar ishlab chiqarayotgan yagona zavod hisoblanadi va u rasmiy ma‘lumotlarga ishonilsa¸ mamlakatning shakarga nisbatan ehtiyojining 60 foizini qondiradi.

2014 yilda Toshkent viloyatidagi “Angren” maxsus sanoat hududida bir kecha-kunduzda 1000 tonna shakar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan mamlakatdagi ikkinchi shakar zavodi, “Angren shakar” MChJ XK ishga tushirilishi rejalangan.

Rasmiy iddaolarga ko‘ra¸ Singapur va Avstriya shirkatlari bilan hamkorlikda qurilayotgan “Angren shakar” ishga tushganidan keyin O‘zbekistonning ehtiyoji to‘liq mahalliy shakar hisobiga qondiriladi.

Gulnora Karimova "Baho shakar" bilan.

Gulnora Karimova "Baho shakar" bilan.

O‘zbekistonning yuzlab million dollarlik shakar bozorini davlat nomidan boshqaruvning eng yuqori pog‘onalariga aloqador sanoqli shaxslar nazorat qilishi aytiladi.

O‘zbekistonda shakar biznesining egasi sifatida “Baho shakar” laqabi bilan tanilgan Bahodir Karimjonov mamlakat prokuraturasi bu biznesni taftish qila boshlanganidan keyin 2013 yil boshida Dubayga qochib ketgan.

Karimjonov oilasiga yaqin manbalardan birining ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, Bahodir Karimjonov shakar va yana boshqa sohalardagi yirik biznesini prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova homiyligida yuritib kelgan.

Yevropaning qator davlatlarida yirik miqdordagi korruptsiya ayblovlari ortidan Gulnora Karimova bu ayblovlar markaziga tushganidan so‘ng¸ prezident to‘ng‘ichining O‘zbekiston ichkarisidagi biznes imperiyasi qulatildi.

Bu imperiyaning tarkibiy qismi bo‘lib kelgani taxmin etiladigan shakar bozorining hozirda qaysi shaxs va guruh nazoratiga o‘tganiga oid aniq ma‘lumot hozircha Ozodlik ixtiyorida mavjud emas.
XS
SM
MD
LG