Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:15

Tojikistonlik fohishalarning ko‘pi boshqa ish bilan shug‘ullanishni istamaydi


Tojikiston Xotin-qizlar qo‘mitasi militsiya reydlarida qo‘lga olingan fohishalarga umumiy ovqatlanish joylarida yoki oliy ma‘lumot talab qilmaydigan ishlarda ishlashni taklif qilganlar, biroq tanfurush ayollarning aksariyati bu taklifni rad etgan.


Tojikiston Xotin-qizlar qo‘mitasi mas‘uli Mahbuba Azimova Ozodlik radiosining tojik xizmati bilan suhbatda hozirgi paytda o‘z hamkasblari ayollar o‘rtasidagi ahloqiy jinoyatlar darajasini pasaytirishga ko‘maklashuvchi tushuntirish ishlarini boshlaganlar.

Uning qayd etishicha, tojikistonlik ayollarni fohishalik yo‘liga kirib ketishiga ko‘plab sabablar bor va ularning hammasini bu yo‘lga turmush darajasining pastligi turtgan, deb bo‘lmaydi. Misol o‘laroq M. Azimova fohishalarga turli ishlar taklif qilingani, ammo ular buni rad etganini keltirdi.

Militsiya reydlari

So‘nggi ikki hafta ichida Tojikiston huquq-tartibot idoralari ahloqiy jinoyatlarga qarshi kurashga qaratilgan qator maxsus tadbirlar o‘tkazganlar. Ana shunday tadbirlar chog‘ida Varzob tumanida joylashgan “Sitora” dam olish maskanining shu maskan hududida g‘arxona tashkil qilgan xodimi ushlangan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, “Sitora” xodimi 150 somoniy (30 AQSh dollari – tahr.) evaziga Yavon tumanidan bo‘lgan besh nafar fohishani dam olish maskaniga joylashtirgan.

Fohishalarning 80 foizi – kasal

Bir necha kun avval vazirlik qo‘shmachilik va fohishalik bilan shug‘ullangan 500 nafar fuqaro ushlangani haqida ma‘lumot tarqatgan. Militsiya reydi chog‘ida qo‘lga olinganlarning hammasi teri-tanosil dispanserida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ko‘rikdan o‘tkazilganlarning 400 nafari yoki 80 foizida yuqumli tanosil kasalliklari aniqlangan.

Ozodlik radiosi tojik xizmatining Tojikiston Ichki ishlar vazirligidagi manbasiga ko‘ra, reyd paytida ushlanganlarning aksariyatiga jarima solingan, shu jumladan, 26 kishi 3600 somoniy (720 AQSh dollari – tahr.) miqdorida jarima to‘lagan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 1641 nafar fohisha qo‘lga olingan va bu tendentsiya rasmiylarni tashvishlantirmay qolmayapti. Ammo rasmiylarning tashvish izhor qilishdan boshqa choralari qolmayapti, chunki Tojikiston qonunchiligida fohishalik uchun jarimaga tortish ko‘zda tutilgan, xolos. G‘arxona ochgan shaxslarga esa qonunchilikda bundan og‘irroq jazo belgilangan.

Tojikistonda ayollarni fohishalik bilan shug‘ullanishga undovchi asosiy sabablar aniqlanmagan bo‘lsa-da, ko‘pchilik hali ham asosiy sababni mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolda ko‘radi.
XS
SM
MD
LG