Линклар

O‘zbekiston prezidentining nevarasi Islom Karimov Rossiyaning "RenTV" kanalining “Nedelya” dasturiga bergan intervyusida onasi Gulnora Karimova “norasmiy uy qamog‘ida” ekani, u bilan besh oydan buyon ko‘rishmaganini ma‘lum qildi.

Londondagi Oksford universitetida tahsil olayotgan 21 yoshli Islom Karimov onasini so‘nggi marta yanvar oyi oxirlari – fevral oyi boshlarida ko‘rganini aytdi.

- U (ya‘ni Gulnora Karimova - tahr.) bilan aloqam cheklangan. Ko‘p tafsilotlar menga noma‘lum, lekin aniq bilamanki, u (Gulnora Karimovani nazarda tutmoqda – tahr.) bilan singlimni uydan ham, mamlakatdan ham chiqarishmayapti. Singlim hatto bu yerdagi o‘qishiga ham qaytolmadi, - dedi kichik Islom Karimov "RenTV" muxbiriga.

Avvalroq Gulnora Karimova ijtimoiy tarmoqlar orqali qizi Iymon bilan uy qamog‘ida ekani haqida yozgandi.

Gulnoraning o‘g‘li Islom dekabr oyida prezident bobosi huzuriga qo‘yilmaganini tasdiqladi.

- 22 dekabr - mening tug‘ilgan kunim. 21 yildan buyon har tug‘ilgan kunimni bobom bilan nishonlab kelganmiz. So‘nggi bor 22 dekabr kuni Toshkentda bizni qandaydir buyruq borligini aytib, uni oldiga kiritishmadi. Buyruq kimdan ekanini aytishmadi, - dedi O‘zbekiston prezidentining nevarasi.

Kichik Islom Karimov bobosi va onasini kimlardir manipulyatsiya qilishga urinayotganini, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishga harakat qilayotganini aytadi.

- Bizning dushmanimiz bo‘lgan kimlardir unga (bobosi Islom Karimovga demoqchi – tahr.) voqelikni aslidan ko‘ra boshqacharoq ko‘rsatishga urinayaptilar, - der ekan Gulnoraning o‘g‘li Islom, agar bobosi bilan gaplashish imkoni tug‘ilsa, unga hammasini tushuntirib berishini, shundan so‘ng xulosa chiqargan bobosi vaziyatni izga solib yuborishiga ishonishini aytadi, biroq bu “kimlardir”ning kim ekanini ochiqlamaydi.

Avvalroq Gulnora Karimova o‘z tvitlarida o‘ziga qarshi kampaniya boshida onasi Tatyana Karimova va O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatov turganini iddao qilgandi. Shuningdek, u singlisi Lola Karimova-Tillayeva hamda uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillayev haqida ham “fosh qiluvchi” tvitlar yozgandi.

Kichik Islom Karimov buvisi Tatyana Akbarovna va xolasi Lola Islomovna haqida so‘zlarkan, Gulnora Karimova va farzandlarining “bu odamlar bilan” munosabatlari “uncha yaxshi emas”ligini qo‘shimcha qiladi.

RenTVga bergan intervyusida Islom Islomovich Karimov (o‘zining e‘tiroficha, Gulnora Karimova Mansur Maqsudiy bilan ajrashganidan keyin bobosi unga o‘z ismini ota ismi o‘laroq bergan ekan) o‘zini yallo qilib yuradigan “oltin yoshlar” toifasiga kirmasligini aytib, kamtarona turmush kechirishiga ishontirishga urinadi.

So‘zi oxirida Islom Karimov hozir onasi, o‘zi va singlisi tushgan holat yaxshi emasligini, biroq unda shuni qabul qilishdan boshqa iloj-imkon yo‘qligini e‘tirof etadi.

Gulnora Karimova o‘tgan yilning oktyabr oyidan beri O‘zbekistonda siquvga olingan.

Hozirda O‘zbekiston prezidentining qizi Shveysariya va Shvetsiyada katta miqdorda pora olganlik va pul yuvganlikda gumon qilinmoqda.

Bundan tashqari Gulnora Karimova shaxsi bilan bog‘liq jinoyat ishlari Hollandiya, Frantsiya, Finlyandiya, Latviya va Qo‘shma Shtatlarda ham ochilgan.
XS
SM
MD
LG