Линклар

O‘zbekistondagi Mudofaa ishlari boshqarma (voyenkomat)lari abituriyentlarni bir oylik harbiy xizmat bo‘yicha shartnoma tuzishga majburlamoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, bir oylik safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat shartnomasini imzolamagan abituriyentlarga oliygohlar talab qilayotgan hujjat berilmayapti. Amaldagi tartibga ko‘ra, abituriyent yigitlar o‘qish davomida harbiy xizmati kechiktirilgani haqidagi ma‘lumotnomani oliygohga topshirmasa, uning hujjatlari qabul qilinmaydi.


Farg‘ona viloyatida yashovchi ismini ochiqlamayotganimiz yigitga ko‘ra, u yashayotgan tumandagi Mudofaa ishlari bo‘limi uni bir oylik safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat shartnomasini imzolashga majburlayapti, aks holda uning harbiy xizmatini kechiktirmaslik bilan tahdid qilingan:

"Universitetga voyenkomatda uchyotda turibdi degan spravka kerak ekan. O‘sha oliy o‘quv yurtiga topshiradigan dokumentlar orasida shu hujjat ham bo‘lishi kerak. Kollejni bitirganimdan keyin oliy o‘quv yurtiga, universitetga topshiraman deb, voyenkomatga borganimda shunaqa shart qo‘yishdiki, yo bir oylik shartnoma asosida borasan, pul to‘laysan dedi. Yoki universitetga yozib bermaymiz, deyishdi. Kattaroq odam kelsa, yo birorta amakisi, tog‘asi kattaroq ishda ishlasa, kelib yozdirib ketayapti. Qolgan oddiy insonlarga berishmayapti osonlik bilan", dedi farg‘onalik yigit.

Ozodlikka murojaat qilgan toshkentlik yigit ham mudofaa ishlari bo‘limidan “Harbiy ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida guvohnoma”ga harbiy xizmatini kechiktirish borasidagi muhrni bostira olmayotganidan shikoyat qildi:

“O‘qishga kirishdan oldin otsrochka qildiradi-ku. Voyenkomat voyenniy propisnoyga harbiy xizmatni kechiktirish haqida pechat bosib berishi kerak. Shunga voyenkomatga borsam, menga “Bir oylikka borib kelish uchun shartnoma imzolasang, senga pechat bosib beraman”. Bir oylik armiya 2 million 800 ming so‘m. Shuni to‘lash haqidagi shartnomaga qo‘l qo‘ymaganlarga pechat bosib bermayapti”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan toshkentlik yigit.

Abituriyent yigitning aytishicha, uning tengdoshlari bir oylik harbiy xizmatga borish uchun shartnomani imzolashga majbur bo‘lishmoqda:

“Hamma abituriyentlar yugurib yuribdi. O‘rtog‘im shartnomaga qo‘l qo‘yib, 500 ming so‘mini to‘labdi. Endi har oyda to‘lab borarkan. Unga pechat bosib berishibdi. Nimaga, men 27 yoshgacha xohlagan vaqtimda borishim mumkin-ku axir, desam, eshitishni ham xohlashmadi. Men bir oylikka emas, bir yillikka bormoqchiman. Ularga aytsam, “faqat bir oylikning shartnomasini imzolasang, pechat bosamiz”, deyishdi. Hokimiyatda ishlaydigan amakimning aytishicha, hamma voyenkomatlar bir oylikka majburlab odamlarni tiqayapti. Ularga plan berilgan ekan. Bir oylikka qancha ko‘p odamni shartnoma qildirishsa, ularga plyus bo‘lar ekan. Otchyotini ko‘paytirish uchun qilishayapti”, dedi toshkentlik yigit.

Toshkent shahar Mudofaa ishlari boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi abituriyent yigitlar duch kelayotgan muammoni ta‘magirlik bilan bog‘ladi:

“Balki joylardagi voyenkomatlarning ayrimlarida ta‘magirlik qilish holatlari bo‘layotgandir. Bu borada bizga yozma ariza tushsa, albatta o‘rganamiz. Lekin kollejni bitirgan har bir yigit harbiy xizmatni o‘tashga majbur. Agar propisnoyi bo‘lmasa, institut qabul qilmaydi. Kollejni biritgach, kimdir bir yillikka, kimdir bir oylikka boradi. Bu yoshdagilarning 27 foizi harbiy xizmatga borishi lozim. Keyin o‘qishga qabul qilinadi. Tartib shunaqa qilib qo‘yildi. Albatta sog‘ligi to‘g‘ri kelishi lozim. Lekin o‘qishga kirmoqchi bo‘lganlar harbiy xizmatini kechiktirishi mumkin. Bunga ularning haqqi bor”, dedi Toshkent shahar Mudofaa ishlari boshqarmasi mulozimi.

O‘zbekistonning “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasiga ko‘ra, harbiy chaqiruv yoshidagi yigit oilaviy sharoiti, salomatligi, o‘qishi sabab muddatli harbiy xizmat va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirish muddatini kechiktirishi mumkin.

Mazkur qonunda qayd qilinishicha, maktablar, litsey va kollejlar talabalari hamda oliygohlarning kunduzgi bo‘limi talabalari harbiy xizmatni o‘qishni tamomlagunlariga qadar kechiktirishi mumkin.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG