Линклар

O‘zbekiston prezidentining, kutilmaganda, «Ren-TV» kanaliga intervyu bergan nabirasi – kichik Islom Karimovning bayonotlari xorijdagi o‘zbek intellegentsiyasi o‘rtasida turli fikrlarni qo‘zg‘ab yubordi. Ba‘zilar bu chiqishni «inqilobchiga aylantirilayotgan» Gulnora Karimovaning siyosiy mavqei uchun qurilgan puxta rejaning bir qismi, deb ko‘rmoqda. Yana ba‘zilar esa buni ota g‘azabiga uchragan qiz oilasining «chorasizlikdan qilgan amali» demoqda.

«Bandilikda ezilgan bechora qiz haqida eslatma»

O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlar, ayniqsa, prezident oilasiga oid mojarolardan xabardor sobiq diplomat va mustaqil jurnalist Alisher Taksanov Rossiyaning «Ren-TV» kanali orqali «Osiyo shahzodasi» sifatida taqdim qilingan kichik Islom Karimovning chiqishini bir jumla bilan «bechoragina nabiraning boboga murojaati" o‘laroq baholadi.

Tahlilchi Facebookdagi sahifasida qoldirgan sharhida rus jurnalisti Marianna Maksimovskaya taqdim qilgan ko‘rsatuvda prezident qizi Gulnora Karimova o‘ta ijobiy shaxs - «metsenat, diplomat, biznesmen, medialoyiha va jamoatchilik harakatlari asoschisi» sifatida taqdim etilganini urg‘ulaydi.

Jurnalist bu ulkan piar mashinani harakatlantirishu, "bolasini Oksfordda o‘qitish uchun sarflangan mablag‘ni Gulnora Karimova qayerdan olingan?" degan savolgani o‘rtaga tashlar ekan, ayni paytda, bu ko‘rsatuvda Shvetsiya va Shveytsariyada prezident qizining nomi tilga olingan jinoiy ish tergovi haqida so‘z ham aytilmaganini alohida qayd etadi.

«O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan Gulnora Karimovaga rasman ayblov e‘lon qilinmagani rost – bu jihatdan Islom ikkinchi aldayotgani yo‘q. Lekin, u Shvetsiya va Shveytsariyadagi jinoiy ish tergovi haqida gapirmayapti. Gulnoraning o‘g‘li ta‘kidlayaptiki, oilaviy janjal yo‘q, shunchaki bu ishlarning hammasi onasining orqasidan turib amalga oshirilayapti... Go‘yoki, Islom ikkinchi uning oilasiga qarshi kim kurashayotganini bilmaydi, lekin ishonchi komilki, bu odam kattagina kuch va ta‘sirga ega... Xullas, Islom Mansurovich bilan intervyu o‘xshamagan! U muammoni ochmadi, oiladagi bo‘linish sabablarini ko‘rsatmadi, Gulnoraning dushmanlarini aytmadi, bu shunchaki, dunyoga bandilikda ezilayotgan bechoraginaning ahvoli haqida va Islom boboga uning g‘alati harakat qilayotgani haqida eslatishdir. Ayni paytda bu harakati bilan u Oksfordda o‘qiyotgan bo‘lsada, hali siyosiy jihatdan yetilmaganini ham ko‘rsatib qo‘ydi», deb yozdi Alisher Taksanov.


«Maqsad Gulnorani totalitar rejim kurashchisiga chiqarishdir»

Uznews.net internet nashriga so‘zlagan rossiyalik siyosatchi va MDH davlatlari bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov fikricha, Gulnora Karimovaning yakkalanishiyu, uy qamog‘iga tashlanishi – Toshkentda ishlangan puxta reja asosidagi stsenariyning bir qismidir.

Tahlilchi bu stsenariyga prezidentning aloqasi yo‘q, deb ishonadi va uning nazarida, kichik Islom Karimovning chiqishi ushbu stsenariyga «nabirani qo‘shish» vaqti kelganidan dalolatdir.

«Bu o‘smir tilga olayotgan jumlalar matni tanqid qilib o‘tirishga ham arzimaydi. Chunki bu intervyuda hech qanaqa sensatsiya yo‘q, bu shunchaki targ‘ibot kampaniyasining navbatdagi qismi, xolos», deb hisoblaydi Arkadiy Dubnov.

Uning fikricha, nabiraning bu chiqishi Gulnora Karimovaning imijini o‘zgartirish, uni totalitar rejimga qarshi kurashchi va yangicha qiyofadagi huquq himoyachisi o‘laroq G‘arbga taqdim qilishning bir yo‘lidir.

"Buning hammasi Gulnoraning «ozod qilinishi» va happy end qabilida yakunlanadi", deya ishonch bildirdi siyosatchi Uznews.net internet nashriga bergan intervyusida.

Kichik Islom Karimovning «chorasizlikdan qilgan amali»

Bi-bi-si o‘zbek xizmati muxbiri savollariga javob bergan Londondagi Ochiq jamiyat instituti vakili Alisher Ilhomov esa kichik Islom Karimovning chiqishini «shunchaki bir chorasizlik» deb baholadi.

"Bu Gulnora Karimova o‘g‘lining chorasizlikdan qilayotgan bir harakati xolos, menimcha. U oilaning ichidagi mojaroni yana bir marta tashqariga olib chiqish bilan bobosiga ta‘sir qilmoqchi va Gulnora Karimovaning qo‘yib yuborilishiga erishmoqchi... Ayrim kuzatuvchilar Karimovani shu yo‘l bilan muxolifatchi qilib ko‘rsatish, uni tuzumga qarshi qo‘yib, xalqni o‘z tomoniga ag‘darish maqsadlari borligi haqidagi farazlarni ham aytishadi. Ammo uning Tvitterdagi chiqishlariga qarasangiz, ularning butunlay tayyorlanmagan bir narsa ekanini ko‘rasiz... intervyuning o‘zi shov-shuvli bo‘lsa ham, uni favqulodda shov-shuvli deb aytish qiyin. Nabirasining Angliyadan turib gapirayotgani va boshpana so‘rash ehtimoli borligi, albatta, Karimov uchun ko‘ngilsiz bir hodisa, ammo O‘zbekistondagi siyosiy vaziyat, merosxo‘rlik borasida Karimov tanlagan va faqat uning o‘zigagina ma‘lum bo‘lgan rejaga ta‘sir ko‘rsatmaydi", deb hisoblaydi Bi-bi-si o‘zbek xizmati muxbiri savollariga javob bergan Londondagi Ochiq jamiyat instituti vakili Alisher Ilhomov.


Kichik Islom Karimov: Onamni mamlakatdan chiqarishmayapti

O‘zbekiston prezidentining nevarasi Islom Karimov 21 iyun kuni Rossiyaning "RenTV" kanalidagi “Nedelya” dasturida namoyish qilingan intervyusida onasi Gulnora Karimova “norasmiy uy qamog‘ida” ekani, u bilan olti oydan buyon ko‘rishmaganini ma‘lum qildi.

- U (ya‘ni Gulnora Karimova - tahr.) bilan aloqam cheklangan. Ko‘p tafsilotlar menga noma‘lum, lekin aniq bilamanki, u (Gulnora Karimovani nazarda tutmoqda – tahr.) bilan singlimni uydan ham, mamlakatdan ham chiqarishmayapti. Singlim hatto bu yerdagi o‘qishiga ham qaytolmadi, - dedi kichik Islom Karimov "RenTV" muxbiriga.

Shuningdek, u dekabr oyida prezident bobosi huzuriga qo‘yilmaganini ham tasdiqladi va bobosi hamda onasini kimlardir manipulyatsiya qilishga urinayotgani, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishga harakat qilayotganini da‘vo qildi.

Avvalroq Gulnora Karimova Twitter ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida qizi Iymon bilan uy qamog‘ida ekani, o‘ziga qarshi kampaniya boshida onasi Tatyana Karimova va O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatov turganini iddao qilgandi.

Shuningdek, u singlisi Lola Karimova-Tillayeva hamda uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillayev haqida ham “fosh qiluvchi” tvitlar yozgandi.

Shu tariqa, RenTVga bergan intervyusida kichik Karimov Islom Abdug‘aniyevich (o‘zining e‘tiroficha, Gulnora Karimova Mansur Maqsudiy bilan ajrashganidan keyin bobosi unga o‘z ota ismini bergan - Tahr.) shu vaqtgacha onasi bergan tvit-bayonotlarni, go‘yoki, so‘zma-so‘z tasdiqladi.

Va hatto, so‘zi oxirida hozir onasi, o‘zi va singlisi tushgan ahvol yomonligi va unda shu ahvolga ko‘nikishdan boshqa imkon yo‘qligini e‘tirof etdi.


GK moliyaviy imperiyasining qulashi

Gulnora Karimova o‘tgan yilning oktyabrь oyida O‘zbekistonda siquvga olinganini iddao qilib, Twitterdagi sahifasidagi olamshumul chiqishlarini boshlagan edi.

2012 yilda esa Yevropaning bir emas¸ balki 10 ga yaqin davlati prokuraturasi O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizining o‘z hududidagi boyliklari va ularning qaysi yo‘l bilan topilgani bilan jiddiy qiziqa boshladi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ Gulnora Karimova Shvetsiya¸ Shveytsariya va Frantsiyada yirik miqdordagi poraxo‘rlik va pul yuvish amaliyotlari bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanib¸ jinoiy ishga tortilgan.

Birgina Shvetsiyada u TeliaSonera telekom shirkatidan 320 million dollar pora olganlikda gumonlanmoqda. Shveytsariya prokuraturasi Gulnora Karimovaga qarashli ekani taxmin etilayotgan 910 million dollarlik mablag‘ning muzlatilgani va buning mamlakat yaqin tarixidagi rekord raqam ekanini tan olgan.

AQSh diplomatlarining 2011 yilda WikiLeaks-ga sizdirilgan maxfiy yozishmalarida Gulnora Karimova “O‘zbekistonda eng nafrat qilinadigan shaxs”¸ reyder va mafiya to‘daboshisi sifatida tasvirlangan edi.

Norasmiy manbalar¸ keyingi o‘n yil davomida O‘zbekiston iqtisodining eng serdaromad sohalarini o‘z qo‘liga olib¸ daromadning aksar qismini offshor shirkatlar vositasida xorij banklariga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan prezident kizi boyligining 10 milliard AQSh dollaridan oshishini taxmin qiladilar.
XS
SM
MD
LG