Линклар

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatini qariyb 20 yildan beri boshqarib kelayotgan Rustam Inoyatov 70 yoshni qarshiladi. Toshkentdagi manbalar xabariga ko‘ra, xavfsizlik xizmati raisi -- og‘ir xasta ekani haqida yillardan buyon tinmayotgan mish-mishlarga qaramay -- kamtarona davrada o‘tkazgan yubileyida tetik, bardam ko‘ringan va hatto, "xoslar" davrasida o‘z sog‘ligi uchun qadah ko‘targan.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining so‘nggi bir necha yil davomida sog‘ligi yomonlashgani haqida mish-mishlar tinmay kelayotgan raisi Rustam Inoyatov 70 yoshni qarshiladi.

Toshkentlik mustaqil jurnalist Sergey Yejkovning yozishicha, 22 iyun kuni oz sonli yaqinlari davrasida yubileyini nishonlagan MXX raisi, "tetik, bardam ko‘ringan va hatto, o‘z sog‘ligi uchun qadah ko‘targan".

1995 yilning 26 iyunidan beri O‘zbekiston MXX raisi lavozimini egallab kelayotgan Rustam Inoyatov sobiq SSSRdan qolgan qudratli tizimni to‘lig‘icha o‘z nazoratiga oldi va O‘zbekistonning chorak asr davomidagi mutlaq rahbari – Islom Karimovgagina bo‘ysunadigan tuzilmaga aylantirdi.

Natijada, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati bugunga kelib davlat va millat manfaatlari himoyasi uchun razvedka va kontrazvedka faoliyati bilan shug‘ullanadigan tuzilma emas, balki mamlakatning 30 millionlik aholisini qo‘rquvda ushlaydigan jazo mashinasiga aylandi, deydi kuzatuvchilar.

MXXning tug‘ilishi

1991 yilning 26 sentyabri, O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini e‘lon qilganidan 27 kun o‘tib, Islom Karimov “O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tashkil qilish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Atrofda hali mustaqillik eyforiyasi bosilmagan bo‘lsa-da¸ bu farmon O‘zbekiston Oliy Kengashining 11- chaqiriq navbatdan tashqari 7-sessiyasida jilla qursa bitta deputatni hushyor torttirdi va Toshkent shahar Kuybishev tuman Xalq deputatlari kengashi raisi Shuhrat Nusratov bu farmonni bekor qilishni so‘rab, o‘shanda O‘zbekistondagi oliy hokimiyat idorasi bo‘lgan parlamentdagi xalq vakillariga murojaat qildi:

"Hurmatli deputatlar! O‘zbekiston Oliy Sovetining navbatdan tashqari 7- sessiyasi kun tartibiga qo‘shimcha masalalar muhokamasini kiritishni taklif etaman.

Birinchisi - O‘zbekiston prezidentining 1991 yil 26 sentyabr kungi “O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tashkil qilish to‘g‘risida” gi farmoni¸ xususan bu xizmatni Oliy kengashni chetlab o‘tib¸ shaxsan prezidentga bo‘ysundirish haqidagi qismini xalqqa qarshi¸ demokratiyaga qarshi¸ konstitutsiyaga qarshi¸ diktaturaga eltuvchi farmon sifatida bekor qilish. Bu farmonnning ikkinchi moddasini o‘qib beraman: “O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tashkil etilsin va uning faoliyati prezidentga bo‘ysundirilsin”. Bunaqa qoida dunyoning biror demokratik davlatida yo‘q¸ hatto dunyoning biror totalitar va biror diktator mamlakatida ham xavfsizlik xizmati rasman¸ qog‘ozda bitta odamga bo‘ysundirilgan emas!

O‘rtoqlar¸ bu farmon bilan mamlakatning razvedka, kontrrazvedka idoralari barcha texnik asoslari va barcha eski ishlari bilan birga oliy xalq vakillik idorasi nazoratidan chiqarilib, faqat bir odam qo‘liga topshirilmoqda! Bu aql bovar qilmas ish! Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi¸ o‘rtoqlar! Bunga yo‘l qo‘ysak¸ bizni 37-yillar taqdiri kutmoqda¸ buning uzoq muddatli oqibatlarini bugun hatto bashorat qilish ham mumkin emas. Ayniqsa¸ prezidentimizning boshvoqsiz tabiatini inobatga olsak¸ buning oqibatlarini tasavvur qilish ham qiyin!”

Shuhrat Nusratovning bu ogohlantirishi mohiyatini o‘sha kuni zalda o‘tirgan xalq namoyandalari yo tushunmadilar – ularning ko‘pi o‘sha kuni Karimovning Mirsaidovga qarshi gizli o‘yini bilan band edi¸ yoxud rais yonida o‘tirgan Karimov bu masala kun tartibiga qo‘yilishi oldini olishda ustamonlik qildi – har qalay sessiyada Karimovning MXX haqidagi farmoni bekor etilmadi va u O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatiga poydevor qo‘ydi.

Karimovning MXX dagi islohotlari va Rustam Inoyatov

O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e‘lon qilgunga qadar¸ birorta o‘zbek Moskvaning Toshkentdagi asosiy tayanchi hisoblangan bu idora rahbarligiga keltirilmagan. O‘zbekiston KGBsini Brejnev zamonida Melkumov Leon Nikolayevich (1978-1983 yillar)¸ so‘ngra Golovin Vladimir Aleksandrovich (1983-1986 yillar) va Morgasov Anatoliy Sergeyevich (1986-1991 yillar) boshqargan. Bu idora tepasiga birinchi o‘zbekni 1991 yilda O‘zbekiston Kommunistik partiyasining 1-kotibi Islom Karimov olib keladi. Bu vazifaga Karimov Qashqadaryoda obkom bo‘lib yurgan paytida uning ishonchiga kirgan Qashqadaryo KGBsi rahbari G‘ulomjon Aliyev tayinlanadi.

1995 yilda Aliyev pensiyaga chiqariladi va shu yilning 27 iyunida MXX raisligiga Islom Karimov asli Surxondaryoning Sherobod rayonidan bo‘lgan sharqshunos¸ fors tili va adabiyoti bo‘yicha yetuk mutaxassis¸ 1976-81 yillarda diplomatik niqob ostida SSSRning Afg‘onistondagi rezidenti bo‘lgan Rustam Inoyatovni tayinlaydi.

“Avvaliga Islom Karimov SSSRdan meros qolgan maxsus xizmatlarni isloh qilishga¸ so‘ngra esa¸ kuchaytirishga kirishadi. Sovetlardan qolgan bu tizim asosan davlat ichkarisi emas¸ balki tashqarisida (razvedka-kontrrazvedka) ishlash yo‘nalishida bo‘lgani uchun Karimov MXXni isloh qilishga kirishdi.

Karimov bu idora faoliyat yo‘nalishini teskarisiga o‘zgartirib¸ uni mamlakat ichkarisi bilan ko‘proq shug‘ullanishga buradi¸ zotan o‘shanda ham¸ hozirgi kabi Karimov hokimiyati uchun asosiy tahdid mamlakat ichida edi. O‘shandan beri O‘zbekiston chekistlari¸ tashqi razvedka ham zo‘r ishlayotganini takrorlashdan to‘xtamasalarda¸ asosan mamlakat ichkarida “dushman ovlash” bilan band. MXX ishidagi bunday burilish ayrim kutilmagan oqibatlarni keltirib chiqardi.

Xususan¸ O‘zbekiston MXX sini muxolifatchilar va Karimov hokimiyatidan norozi dindorlar telefon suhbatlarni eshitib¸ ularni kuzatishdan ko‘ra yuksakroq ish bilan shug‘ullanishga o‘rgangan malakali kadrlar tark eta boshladi. Shu bois O‘zbekiston MXX si uchun 90-yillar o‘rtalaridan boshlab og‘ir davr boshlanadi – eng zo‘r mutaxassislar¸ xususan millati o‘zbek bo‘lgan chekistlar ham bu idorani tark etib¸ asosan Rossiyaga ketishadi.

Bunday qiyin vaziyatda Karimov “oltin kallalar” ketishini to‘xtatib¸ yangilarini olib kelishga qodir odamni MXX tepasiga keltirish zaruratini tuyadi va Timur Alimov boshchiligidagi Toshkent klani Karimovga temir irodali chekist sifatida Rustam Inoyatovni “tavsiya qiladi”.


O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati ichidagi yashirin guruh vakili ekani taxmin qilingan “siyosatshunos Usmon Haqnazarov” Rustam Inoyatovning 1995 yil yozida “kontora” tepasiga kelish tarixini shunday tasvirlagan edi.

Hozirga kelib¸ Rustam Inoyatov nafaqat KGB/MXX¸ balki mustaqil O‘zbekiston hokimiyat tizimlari tarixida o‘z kursisida eng uzoq o‘tirgan amaldor bo‘lib qolmoqda.

Vazni 140 kiloga borib qolganidan qiynalib harakatlanishi¸ qandli diabetdan aziyat chekishi haqidagi ovozalarga qaramay Rustam Inoyatov¸ O‘zbekiston hukumati ichidagi manbalarning Ozodlikka aytishicha¸ bugun mamlakatda Islom Karimovdan keyingi ikkinchi qudratli shaxs bo‘lib qolmoqda. Mustaqil O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatining 19 yili bir shaxs raisligi ostida o‘tgani bois¸ Rustam Inoyatovni o‘zbek xufya xizmatining "otasi" va bu idora faoliyati yo‘nalishlari muallifi, deyish mumkin.

Oradan 23 yil o‘tib...

Sobiq deputat Shuhrat Nusratovning qo‘rqinchli bashorati¸ hatto sobiq kgbchilarning e‘tirof etishicha¸ to‘liq amalga ko‘chdi. SSSR KGBsi – Davlat xavfsizlik qo‘mitasi safida 26 yil ishlab¸ 1988 yili iste‘foga chiqqan Meli Qobilov¸ O‘zbekiston MXX si qonun va nazoratdan tashqaridagi tizimga aylangani¸ oqibatda 2014 yilga kelib xalq boshiga yana 37-yillar dahshati tushganini aytadi:

- MXXchilarning qilayotgan ishlari hozir beboshlikdan boshqa narsa emas. Hozir bebosh bo‘lib ketgan, kontrol yo‘q. 1937 yilda ham partiyaning kontrolidan chiqqandan keyin o‘sha repressiyalar bo‘lib ketgan edi. 1937 yillarda beboshliklar bo‘lib ketgan edi. Hozir ham xuddi shunday¸- deydi yoshi 70 dan oshgan sobiq kgbchi Meli Qobilov.

1998 yilgi MXX 2011 yilgisidan farqli edi...

Bu gapni 90-yillar oxirida MXX bosimiga uchrab¸ hibsga tashlangan¸ hozirda Norvegiyada qochqinlikda yurgan toshkentlik jurnalist Yevgeniy D‘yakonov aytadi.

- Bundan 12 yil avval MXXda nisbatan madaniy¸ intellektual jihatdan yetuk va qanchalik bema‘ni bo‘lib eshitilmasin¸ suhbatidan maza topish mumkin yigitlar ishlar edi. Bu gapni men shaxsan o‘z tajribamdan kelib chiqib aytayapman. Men Ichki ishlar vazirligi yerto‘lasida o‘tirganman va MVD jallodlari oldida mxxchilar farishtadek ko‘ringan edi. MXXdagilar gumon qilinayotgan shaxsni urmas¸ qiynoqqa solmas¸ u bilan faqat faktlar asosida gaplashar edi o‘shanda. O‘sha payt MXX hali o‘z faoliyat yo‘nalishidan ham butunlay toymagan¸ asosan strategik ahamiyatga ega rangli metallar kontrabandasi¸ narkotiklar savdosi bilan shug‘ullangan guruh va shaxslar bilan shug‘ullanar edi. MXX qo‘lga olib qamalgan kameradoshlarim asosan shunaqa jinoyat bilan olinganlar edi¸- deydi 90-yillar oxirida iqtisodiy faoliyati tufayli MXX “nazariga tushgan” Yevgeniy D‘yakonov.

1999 yil portlashlari va MXX

“16 fevral Toshkent portlashlaridan so‘ng Islom Karimov Inoyatovdan terrorchi va ekstremistlar ro‘yxatini¸ ularni qamoqqa olish uchun¸ Almatov yetakchiligidagi IIVga berishni talab qiladi. O‘zini Almatov xizmatiga bo‘ysundirilgan deb his qilgan Inoyatov Karimovdan MXXga ekstremizm va terrorchilikda gumonlanayotganlarni so‘roq va tergov qilish vakolatini o‘z idorasiga berishni so‘raydi. Prezident bu so‘rovga gumonlanayotganlardan ko‘rsatma olishda militsiya tajribasini qo‘llash sharti bilan rozi bo‘ladi. Inoyatov esa¸ boshi ustida Samarqand klani bulutlari quyoqlashayotgani bois¸ MXX qo‘pol metodlar bilan ish ko‘rmasligi lozimligini bilsa-da¸ Karimov shartiga ko‘nadi”¸ deb yozadi o‘zi mxxchi ekani taxmin qilinadigan Usmon Haqnazarov 1999 yildan boshlab MXX faoliyat doirasi va ishlash uslubidagi keskin burilishni sharhlar ekan....

Aynan Toshkent portlashlaridan so‘ng¸ MXX faoliyati to‘lig‘icha O‘zbekiston ichkarisidagi muxolifatchilar¸ ayniqsa¸ diniy muxolifatni ovlash¸ Karimovning xorijdagi demokratik va diniy muxoliflariga zarracha aloqasi bor fuqarolarni tutish¸ qiynoq ostida uydirma ayblarga iqror qildirish va uzoq yillik qamoqlarga tashlashga aylanadi.

Bu ishni qilish uchun Karimov MXX ga cheklanmagan huquq berdi¸ degan edi 2008 yil yozida Ozodlik radiosi muxbirlari bilan suhbatda bu idoraning xorijdan boshpana topgan xizmatchisi Ikrom Yoqubov.

- Oddiygina xavfsizlik xizmatining yashirin bo‘linmalari bor. Bu bo‘limlarni eng oddiy xodimlariga ham o‘ldirish huquqi berilgan. Davlat ularning faoliyatini huquq bilan kafolatlab qo‘ygan. Ular hech qanday javobgarlikka tortilmaydi¸- degan edi Ikrom Yoqubov.

MXX metodlari MVDni ham yo‘lda qoldirdi

Bu haqda Ozodlikka MXX o‘z ish uslubini Karimov tavsiyasiga ko‘ra o‘zgartirganidan so‘ng uning nishoniga aylangan ikki o‘zbekistonlik ko‘rsatma beradi.

Birinchisi¸ 2004 yilda Andijonda og‘ir jinoyatlarda ayblanib¸ uzoq yillik qamoqqa hukm etilgan¸ 2005 yil 13 may voqealaridan so‘ng qamoqdan qutulib¸ xorijdan boshpana topgan Odil Maqsadaliyev.

Maqsadaliyev¸ konstitutsion tuzumni ag‘darishga urinish aybi bilan 2004 yil yozida hibsga olingunga qadar Andijonda "Sanoatlend" nomli shirkat tuzib¸ temir mahsulotlaridan xalq iste‘mol mollari¸ keyinchalik esa¸Daewoo zavodi mashinalarning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yayotgan¸ yuzlab odamni yaxshi haq to‘lanadigan ish bilan ta‘minlayotgan edi.

MXX ish uslubini o‘z tanasida his etgan bu govoh Andijonda 2004 yil iyunidan boshlab O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan bittama-bitta hibsga olingan andijonlik 23 tadbirkordan bittasi.

- Meni 2004 yil 8 iyun kuni ishga ketayotgan vaqtimda yo‘lda shunday to‘sib, xuddi xavfli jinoyatchiday qo‘llarimni qayirib, boshimni egishib, 8tacha odam o‘rtaga o‘tkazishib, boshingni ko‘tarma¸ deb SNBga olib borishdi. Grajdan kiyimida, bittasi ola-bula formasida. O‘zbekcha gaplashdi. Hammasi o‘zbek. Olib borishib, besh-oltitasi shunday o‘rab olib “Sen mana bunaqa qilgan ekansan. Falonchaga miltiq, pistolet sotgan ekansan” deb savol-javoblar, hamma tarafdan udar boshlanib ketdi.

“Senlar terroristsan” deyapti. “Qanaqa men terroristman” desam, “Bugun senlar 100ta odamni ishlatayapsan. Ertaga 200-300-1000ta bo‘ladi. 1000ta bo‘lgandan keyin O‘zbekiston o‘zimizniki deb turib¸ O‘zbekistonni tortib olasan senlar bu ketishda” deyaptida. Bizlar insonlarga ish o‘rni yaratib berib bu ishlarni qilsak, qanday biz terrorchi bo‘lishimiz mumkin? desam, “Biz ham tekshirdik. Hamma yoqni ko‘rdik. Faqat bizga tepadan buyruq bor. Buni qilmasak, biz ham faloncha yil o‘qiganmiz mana shu ishda, biz qilmasak, bizlarni sizlarga sherik qilib qo‘yadi. Bizni ham to‘g‘ri tushuninglar. Qamashimiz kerak sizlarni” deyishdi.

Shunaqa narsalar bo‘ldiki, jurnalistlarni olib keldi o‘zlari topib. Shunda “Falonchani falonday, buni unday deysan” degan edi, “Men uni unaqa deya olmayman” desam, “Deysan. Men nima desam, shuni gapirasan. Bo‘lmasa, oilangni olib kelib mana bu yerda ko‘zingning oldida qiynaymiz¸ zo‘rlaymiz” deb majbur qilib o‘zining gapini gapirtirdi. Boshqa variant qolmas ekan. Mana televizorlarda ko‘rayapmiz insonlar chiqib gapirayapti. Bular hammasi noto‘g‘riligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz. Boshimizdan o‘tkazdik bu narsalarni. Bularning imkoniyati haqiqatan keng. Borib uydagilarni ham olib kelishi mumkin. Kimni xohlasa shuni qamashga, xohlagan narsasini qilishga imkoniyat yaratib berilgan ekanda bularga¸- deydi bugun xorijdan boshpana topgan Odiljon Maqsadaliyev.

MXXning 2000 yillarga kelib qaror topgan ish metodlari haqida yana bir guvohlik ko‘rsatmasini 2007 yil iyulida Qirg‘izistonning Qadamjoyidan Vodildagi o‘z do‘koniga sotish uchun kir yuvish poroshogi olib kelayotgan farg‘onalik o‘qituvchi ayol Munojot Omonjonova beradi. Bu ayolning na diniy ekstremistlar va na siyosiy muxolifatga aloqasi bor:

- Bizni quvib kelgan mashinadan notanish odamlar o‘ta mast holatda tushishdi. Turmush o‘rtog‘imning boshiga musht bilan urib yiqitib, keyin oyoqlari bilan tepa boshladi. Mening o‘ng qulog‘imga musht bilan urdi. Qulog‘im yirtilib qon oqdi. Sirg‘am qulog‘imni yirtib uchib ketdi hattoki. Sochimni ushlab yerga yuzim bilan bir necha bor urdi. Oyog‘imdan ushlab “Hozir shu yerda nomusingga tegaman” deb haqorat qildi. Navbatma- navbat bizlarni juda qattiq urishdi, haqorat qilishdi.

Atrofda juda ko‘p odamlar to‘plandi. Uchastkovoy aralashib “Kir yuvish poroshogiga shunchami?” desa, MXXning boshlig‘i uni ham haqorat qilib, jag‘iga musht bilan urib “Mashinadan narkotik topdim, Hizbut-Tahrir kitoblarini topdim¸ desam nima deysan?” deb uchastkovoyni ham haydab yubordi.

MXX boshlig‘i turmush o‘rtog‘im va meni “Asfalt yo‘lga yotasanlar. Ustlaringdan mashina bosib o‘tadi” deganida, turmush o‘rtog‘im “Mening xotinimni tegmanglar. Uch nafar farzandim bor. Men o‘zim yotaman. Tegmanglar unga” deb asfaltga emaklab bordi. Shunday ustimdan uchalasi ham yurib tepganida hushimdan ketibman. Hushimga kelganda MXX menga do‘q-po‘pisa qilib, “Agar bizni aytsang, qirib tashlayman” dedi. Oddiy poroshokka shunchalik xo‘rlanaman deb xayolimga kelmagan edi¸- degan edi Ozodlik muxbiri bilan yig‘i aralash gaplashgan Munojot Omonjonova.

"MXX qonundan tashqari tizimga aylandi"

26 yil SSSR KGBsida xizmat qilgan Meli Qobilov 2011 yilga kelib shakllangan O‘zbekiston MXX sini ana shunday ta‘riflaydi.

- Hozir pista sotadigan bilan ham MXX shug‘ullanadi¸ saqich sotadigan bilan ham shu shug‘ullanadi. Hozir o‘ziga berilgan vazifasiga boshqa narsalar ham aralashib ketdi. Davlatga qarshi jinoyatlar emas¸ hamma narsa bilan – savdogar bilan ham¸ tadbirkor bilan shular shug‘ullanadigan bo‘lgan. Hozir prokuraturaning vakolatiga berilgan¸ militsiyaning vakolatiga berilgan moddalar bilan ham MXX shug‘ullanib yotibdi. Hozir bilganini qilib yotishibdi¸ istagan metodini qo‘llab bo‘lmagan jinoyatlarni topib¸ bo‘yniga qo‘yishayapti. Qaysiki ishga SNB aralashgan bo‘lsa bo‘ldi, o‘sha odamga¸ albatta¸ srok beriladi. O‘zbekiston Jinoyat Kodeksida nechta modda bo‘lsa¸ bugun hammasi bilan MXX shug‘ullanayapti¸- deydi SSSR KGBsining sobiq xodimi.

O‘zbekiston MXXsi otalari¸ aslida muhobaratning yangi tizimini yaratgani yo‘q¸ ular faqat “kontora”ni eski – Stalin davridagi ish uslubiga qaytarishdi¸ deydi o‘zbekistonlik jurnalist Yevgeniy D‘yakonov.

- Bu jarayon¸ ayniqsa¸ Zokir Almatov Ichki ishlar vaziri lavozimidan ketganidan so‘ng tezlashib ketdi. Agar avvallari IIV MXX ni muvozanatda ushlab kelgan bo‘lsa¸ Andijon voqealaridan so‘ng Inoyatov o‘z asosiy raqibi Almatovni yo‘q qildi va IIV ning aksar vakolatlarini o‘z qo‘liga oldi. Bugun O‘zbekiston IIV si ham¸ prokuraturasi ham¸ Mudofaa vazirligi ham MMX chizgan chiziqdan chiqa olmay qolgan. Stalin zamonidagi kabi¸ bugun mamlakat hayotining barcha sohasiga oid qaror MXX ruxsatisiz qabul qilinmaydi. O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari avvallari Matbuotchilar ko‘chasidagi KGB binosidan boshqarilgan bo‘lsa¸ bugun har bir gazeta idorasida “kontora” ofitserlari o‘tiribdi¸- deydi o‘zbekistonlik jurnalist.

MXXchilar soni faqat ko‘paymoqda

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatida qancha odam ishlashi haqida hech qanday ma‘lumot yo‘q.

Norasmiy manbalarga ko‘ra¸ bugun MXXning amaldagi ofitserlar tarkibi kamida 100 ming kishidan iborat¸ bu raqamga iste‘fo va zahiradagi ofitserlar¸ bugun O‘zbekistonning har bir ko‘cha va mahallasida ishlayotgan josuslar tarmog‘i kirmaydi.

Postsovet davlatlaridagi maxfiy xizmatlar tahlili bilan shug‘ullanadigan Rossiyadagi Agentura.ru agentligining yozishicha¸ 2004 yilga kelib O‘zbekiston MXXsi tarkibi 1991 yilgiga nisbatan 26 baravarga oshgan va qurolli kuchlari va xizmatchilari soni jihatdan Mudofaa vazirligidan o‘zib¸ IIV dan keyin ikkinchi o‘ringa chiqqan.

Ayrim Rossiya nashrlariga ko‘ra¸ 2005 yil 13 may kuni Andijonda yuzaga chiqqan qonli voqealardan so‘ng Ichki ishlar va Mudofaa vazirligi qoshidagi maxsus kuchlar ham MXXga bo‘ysundirilgan¸ 2009 yilga kelib esa¸ IIVning saralangan ofitserlardan iborat “BARS” maxsus guruhi (spetsnaz) butunlay tarqatib yuborilgan¸ ayni paytda MXX tarkibidagi “Ts” aksil-terror guruhi va “OK Tashkent” “spetsnaz” otryadi kuchaytirilgan.

Taxminlarga ko‘ra¸ maxsus amaliyotlarni bajarishga mo‘ljallangan qurolli guruhlar soni va tarkibi jihatdan hozirga kelib MXX IIVdan o‘zib ketgan va bunday guruhlarga amaliyot davomida terrorchilikda gumon qilingan shaxslarni ogohlantirishsiz otib tashlash vakolati berilgan.

Agentura.ru nashrining yozishicha¸ bugunga kelib rasman MXX tarkibida bo‘lgan Prezident xavfsizligi xizmati tarkibida dunyodagi eng katta davlat bo‘lgan Rossiya prezidenti qo‘riqchilari sonidan ko‘proq ofitser xizmat qiladi.

Islohot va nazorat lozim...

- Bu sistemani faqat reforma qilish kerak va uni kontrolga¸ xalq kontroliga olish kerak. U yerda ishlayotganlarning 90 foizi Milliy xavfsizlik deb atalgan joyda ishlashga noloyiq. Bozorga borib turib semechka sotayotganga ham “man SNBman”, jevachka sotayotganga ham “man SNBman” deb ta‘magirlik qilib qo‘rqitadi. Uni ham qo‘yavering, xotinlari chiqadida “Bilasanmi¸ man faloncha SNBning xotiniman”¸ deb dag‘dag‘a qiladi. Biz sho‘rliklar ishlaganda xotinimiz turaversin¸ o‘zimizni ham birov tanimas edi. Poklik bo‘lishi kerak bu idorada¸ hozir “vorovskoy” bo‘lib ketgan¸ SNB kadrlarining ichida davlat manfaati uchun xizmat qiladigan qolgani yo‘q¸ ko‘pi o‘zining manfaati uchun ishlayapti¸ xolos.

Qonunda MXX ham “prokuror nazoratida” deb aytiladi. Vaholanki, prokurorning ishini amalda bular nazorat qilayapti. Qaysi prokuror MXX ni nazorat qila oladi¸ kerak bo‘lsa eshigidan kira olmaydi. Kontrol ham yo‘q, balo ham yo‘q, battar ham yo‘q¸ hech narsa yo‘q. Istagan narsasini qiladi, istagan narsasi bo‘ladi¸ tamom. SNB aralashdimi¸ dod deb turadi militsiya tergovchisi ham, prokurorning tergovchilari ham. MXX ning nazoratidami¸ bular hech nima qila olmaydi. Qo‘lga olingan odam¸ aybi bormi¸ yo‘qmi¸ muqarrar jazo olishi kerak, o‘tirishi kerak¸- deydi SSSR KGBsi tarkibida 26 yil xizmat qilgan Meli Qobilov.

Karimovga ham¸ MXX ga ham islohot kerak emas...

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining iste‘fodagi polkovnigi Arat Narmanbetov¸ keksa kgbchining islohot va xufya xizmatni xalq nazoratiga olish haqidagi orzusini ushalishi qiyin¸ deb baholaydi.

“O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan beri bu mamlakat Milliy xavfsizlik xizmatining butun kuch va salohiyati bitta maqsad – Islom Karimovni nima qilib bo‘lsa-da hokimiyatda saqlab turishga qaratilgan. Bu tizimning nomidagi “milliy xavfsizlik” degan so‘z esa¸ hech narsani anglatmaydigan taxtacha¸ xolos”¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda qozog‘istonlik mutaxassis.

- Afsuski¸bu xizmatni nazoratga olib bo‘lmaydi. Chunki O‘zbekistondagi siyosiy tuzum bunga yo‘l bermaydi. MXX mohiyatini o‘zgartirib¸ uni millat va davlat manfaatlariga xizmat qildirish uchun¸ birinchi galda¸ siyosiy tuzumning o‘zini o‘zgartirish kerak. O‘zbekistondagi hozirgi davlat qurilishi doirasida MXXni xalq va jamoatchilik nazoratiga olishga na Karimov va na xizmatning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi. Chunki Karimov hokimiyatining jon tomiri aynan hozirgi shakldagi MXX va bu tizim roli o‘zgargan kun Karimov ham hokimiyatdan ketishini biladi¸- deydi Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining iste‘fodagi polkovnigi Arat Narmanbetov.

MXX chilar o‘z rolini o‘zgartirish – millatiga xizmat qilishni istaydimi?

MXX xodimlarining jamoatchilik bilan mutlaq aloqa qilmasligi¸ bu tizimning o‘ta yopiq ekanidan kelib chiqilsa¸ bu savolga uzil-kesil javob berish qiyin.

Ammo mustaqil kuzatuvchilar va bu tizim faoliyatidan yaxshi xabardor mutaxassislar bu savolga ijobiy javob berish ehtimoli qariyb yo‘q degan fikrdalar.

“Albatta¸ yo‘q! Nega degan savol javobi esa oddiy¸ - deydi bu xizmatga yaqin manba Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda¸ - bugun MXX da o‘tirgan eng past vakolatli xodimdan uning eng tepasida o‘tirganlarga qadar hammasining o‘z darajasiga mos biznes hududi¸ doimiy daromad manbai bor. Soliqqa tortilmaydigan bu daromaddan tashqari¸ MXX xodimlari Karimovga sadoqat bilan xizmat qilayotgani uchun mamlakatda eng katta oylik bilan ta‘minlangan¸ ularga davlat hisobidan uy-joy bilan beriladi¸ boz ustiga¸ ular oilasi xavfsizligi ham kafolatlangan. Naqd turganda ular nasiya uchun buncha imtiyozdan voz kechib¸ biror o‘zgarishga yo‘l bermaydilar.”

“Siyosatshunos Usmon Haqnazarov” taxallusi ostida bosilgan maqolalarda yozilishicha¸ MXX raisligiga tayinlangunga qadar ham kattagina biznesi bo‘lgan Rustam Inoyatov va uning oilasi O‘zbekistonda keng iste‘mol mollari importi bilan shug‘ullanadi va birgina Toshkentning o‘zida 2003 yilda unga tegishli 20 dan oshiq supermarket bo‘lgan.

“Bugun O‘zbekiston MXX sini qo‘rqinchli jazo mashinasiga aylantirgan asosiy omillardan biri davlat va millat xavfsizligi bilan shug‘ullanishi lozim bu tizimning biznes va mafiya bilan chatishib ketgani¸ butun tuzumni yemirayotgan korruptsiya markaziga aylanganidir. Hozirgi siyosiy sistema Karimovni qo‘riqlash evaziga siylanayotgan MXX dagilarning ishtahasini shunday kuchaytirib yubordiki¸ hatto ertaga Karimov ketsa ham¸ hozirda O‘zbekistondagi eng qudratli kuchga aylangan bu xizmat o‘z rolini o‘zgartirishni istamasligi mumkin. Karimov yaratgan sistemaning eng qo‘rqinchli tomoni ham shunda”¸ deydi xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z shaxsi oshkor etilishini istamagan Ozodlik manbasi.

XS
SM
MD
LG