Линклар

Namangan viloyati hokimligi topshirig‘i bilan viloyatdagi o‘qituvchilar 21 iyundan mahallama-mahalla yurib, aholidan mulk solig‘i va kommunal to‘lovlar uchun qarzlarni oshig‘ich undirishga safarbar qilindi. Maktablarda esa maxsus yig‘ilishlar o‘tkazilib, qarzdorlik oqibatidan ogohlantirilgan hujjatli filmlar namoyish qilindi va o‘sha yerning o‘ziga o‘rnatilgan terminallar vositasida qarzdorlikning ma‘lum bir qismi undirildi.


Namangan viloyatidagi umumiy o‘rta ta‘lim maktablarining o‘qituvchilari 21 iyun kunidan boshlab, aholining kommunal xizmat to‘lovlaridan qarzi va yillik mulk solig‘ini hozirdanoq undirish tadbiriga safarbar qilindi.

Namangan shahridagi 2-sonli maktabning ismini oshkor qilmayotganimiz mutasaddisi shanba kunidan boshlab, ta‘tildagi o‘qituvchilar ham "ko‘ngilli ravishda" ishga chaqirilganini aytdi.

- Ertalab soat 8 dan boshlab, o‘qituvchilarimizning hammasi - ta‘tildagilar ham kelishdi – mahalla faollari bilan ertalabdan uchrashib, gaplashishdi. Mahallalar bo‘lib berildi. Bugun kechki payt soat 5 dan yana o‘qituvchilarimiz mahallama-mahalla yurib, odamlarga qarzini to‘lash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boradi. Yig‘ilishlar bo‘layapti. Hokimiyatdan buyruq bo‘ldiku maxsus,- dedi Namangan shahridagi 2-sonli maktab xodimi.
​Uning aytishicha, maktab direktori va mahalla fuqarolar yig‘ini raislariga har bir mahallada yig‘ilish o‘tkazish va tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha viloyat hokimidan maxsus buyruq kelgan.

Bu buyruq asosida maktab va mahalla fuqarolar yig‘inlari rahbarlari boshchiligida 21 iyun kuni oqshom joylarda yig‘ilish o‘tkazilgan.

Yig‘ilishning tashkil etilishi va o‘tkazilishi, so‘ngra tegishli tartibda viloyat hokimiga berilishi kerak bo‘lgan axborotnoma namunasi esa avvaldan maktab rahbarlariga jo‘natilgan.

Ushbu namunadan bir nusxa Ozodlikka ham yo‘llandi.

Ushbu hujjatda yig‘indan asosiy maqsad mahalla faollari va o‘qituvchilar ishtirokida elektr quvvati, gaz va sanitar tozalov idoralaridan aholi qarzini tezkor tartibda undirish ekani ko‘rinadi. Belgilangan topshiriqlar sirasida, hatto yig‘ilish o‘tkazilgan joyning o‘zida shtablar tuzib, terminallar o‘rnatib, aholiga pensiyalar tarqatish va 22 iyun kunidan boshlab esa qarzni undirishga kirishish vazifasi aks ettirilgan.
Namangan viloyati Uychi tumanidagi Yorqo‘rg‘on qishloq fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Hamida opaning aytishicha, uning mahallasidagi yig‘ilish 13-maktabda bo‘lgan va unda aholi kommunal xizmatlardan qarzdorlikning jiddiy oqibatidan ogohlantirilgan.

- Bizda shu 5 ta mahallada yashaydigan aholi faollari 13 maktabdagi yig‘ilishga chaqirildi. Qarzlarni undirish, keyingi to‘lovlar uchun oldindan to‘lab qo‘yish haqida gapirildi. Keyin bir CD disk qo‘yib, aholi ogohlikka chaqirildi. Shu qarzdorlik, odam savdosiga qarshi kurash haqidagi hujjatli film qo‘yildi, - deydi Hamida opa.

Uning aytishicha, 22 iyun – yakshanba kunidan boshlab, mahalla faollari, o‘qituvchilar va soliqchilar uyma-uy yurib, kommunal to‘lovdan qarzdorlikni undirayapti.

- Lekin, shu mulk solig‘ini ham yil tugamasidan to‘liq to‘laysizlar, degan gap bo‘layapti. Hali yil tugamasidan qanday to‘laymiz, desak ham to‘langlar, deyapti. Menga 148 ming so‘m yozib ketdi mulk solig‘i, - deydi yorqo‘rg‘onlik Hamida opa.

Namangan shahridagi bozorda uy-ro‘zg‘or buyumlari sotadigan mahalliy tadbirkor Abdurasul Karimov u yashaydigan hududdagi yig‘ilish mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli binoda o‘tganini aytdi.

- Shu binoda o‘tdi yig‘ilish. Men ishda edim, borolmadim. Lekin borgan qo‘shnim aytdiki, qarzingizni to‘lab qo‘ying, oldindan to‘lang kommunal to‘lovlarni, degan odatdagi gaplar bo‘lgan. Keyin disk ko‘rsatilgan. Odam savdosidan ehtiyot bo‘linglar, degan. Shu-da endi, asosiy maqsad pul undirish va ogohlikka da‘vat! - deya kinoya qildi Abdurasul Karimov.

Namangan viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi viloyatda maktab o‘qituvchilarining kommunal to‘lovdan aholi qarzini undirish jarayoniga safarbar qilingani yangilik emasligiga ishora qilar ekan, bu galgi safarbarlik bir necha kun davom etishini aytdi.

Muxbir bilan mikrofonsiz gaplashgan mutasaddiga ko‘ra, nafaqat Namangan, balki Andijon va Farg‘ona viloyatlarida ham borayotgan bu tadbirdan asosiy maqsad 2014 yilning birinchi yarmiga oid qarzdorlikni tugatishdir va bu tadbir respublika rahbariyatidan borgan maxsus topshiriq asosida o‘tkazilmoqda.
XS
SM
MD
LG