Линклар

logo-print

26 iyun kuni Farg‘onaga borgan prezident Islom Karimov bu shaharda o‘zi qurdirgan imoratlarni ko‘rib¸ o‘z tashabbusi bilan amalga oshirilgan yirik qurilish ob‘ektlarini ochib bergan. 27 iyun kuni safarini Andijonda davom ettirgan prezident¸ avji chillada suvga ehtiyoji oshib borayotgan vodiyni sug‘oruvchi asosiy ombor – Andijon-Kampirobod suv omborini borib ko‘rgan.

"Ey, go‘zal Farg‘ona yangi ko‘ylagingdan aylanay..."

Islom Karimovning Farg‘ona safari haqida ko‘tarinki maqola yozgan O‘zbekiston milliy axborot agentligi¸ prezidentning “Go‘zal Farg‘onaning yangi qiyofasi”ni ko‘rish¸ “joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida” Farg‘onaga borganini xabar qildi.

Rasmiy xabarda qayd etilishicha¸ prezident Farg‘onadagi San‘at saroyi va Suv sporti majmuasini ochib bergan.

Farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev¸ prezidentning bu gal vodiyga¸ an‘anadan bir oz chekinib¸ hokim almashtirish emas¸ balki o‘zi qurdirayotgan inshootlardan bahramand bo‘lishga kelganini qayd etadi:

- Farg‘ona¸ Qo‘qon va boshqa ko‘pgina shaharlardagi qayta qurilish ishlariga turtki bergan¸ shu shaharlarda qayta qurish ishlari tashabbusi ham shaxsan Karimovdan chiqqan¸ deyiladi. Aftidan¸ prezident o‘zi bergan vazifaning qanday bajarilganini ko‘rish uchun kelgan.

Prezident safari arafasida Farg‘ona¸ Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlaridagi markaziy bozorlar buzilib¸ qayta qurilgan va bu minglab dollarga bu bozorlardan do‘kon sotib olgan savdogarlar noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Ayni shunda¸ Karimovning Farg‘onaga kelishi munosabati bilan markaziy yo‘l bo‘yidagi yuzlab hovlilar buzilib¸ ular egalaridan yo‘ldan bir necha metr orqaroq qilib¸ ikki qavatlik yangi uy tiklash talab qilingan edi. Ozodlikka murojaat qilgan shunday uy egalaridan ayrimlari¸ hokimiyat bergan pulga o‘z yonlaridan qo‘shib¸ "Karimov yo‘li"ga qaragan fasadni amallab bitirganlari¸ lekin fasad orqasining bo‘m-bo‘sh qolayotganini bildirgan edilar.

Andijonim bordur manim...

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ 26 iyun kuni Farg‘onada shaxsan o‘zi uchun qurilgan “prezident rezidentsiya”sida tunab qolgan Islom Karimov¸ 27 iyun kuni vodiy bo‘ylab safarini Andijonda davom ettirgan.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra¸ Karimov o‘zbek-qirg‘iz chegara hududi¸ xususan¸ ana shu hududda joylashgan Andijon-Kampirobod suv omboriga borgan.

- Saraton oyi kirib¸ kunlar rosa isishni boshladi. Qishloq xo‘jaligida suvga ehtiyoj endi boshlanadi. Vegetatsion davr boshlanishi hozir. Prezident Kampirobod suv omborida to‘planadigan suv sathi har yilgi darajadami-yo‘qmi¸ shuni ko‘rish¸ mutaxassislar bilan gaplashishga borgan bo‘lishi kerak¸ deya taxmin qiladi farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev.

1978 yilda qurilgan Andijon-Kampirobod suv omboriga suv Qirg‘izistondan boshlanadigan Qoradaryodan keladi va bu ombor hududi O‘zbekiston-Qirg‘iziston hukumatlari olib borayotgan o‘zaro chegaralarni aniqlash muzokaralaridagi bosh mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.

Hozircha ikkala tomon murosaviy yechim topa olmay kelayotgan bu muammo yuzasidan Bishkek hukumati ilgari surayotgan iddaolardan biri aynan Kampirobod suv ombori hududining aslida Qirg‘izistonga qarashli ekaniga oiddir.

Qirg‘iziston hukumatining chegarani aniqlash va chegara hududlarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Qurbanbay Iskanderovning aytishicha, rasmiy Bishkek bu muzokaralarda eng dolzarb bo‘lib turgan chegara muammolarini hal etishni taklif qilib kelmoqda:

- Biz O‘zbekistonning So‘x tumani atrofidagi chegarani tikonli simlar bilan to‘sish, Kampirobod suv ombori hududidagi chegarani aniqlash va Qirg‘izistonning Barak eksklaviga yo‘l ochish masalasini kun tartibiga kiritishga harakat qilamiz, degan edi Ozodlikka o‘tgan oy Qurbanbay Iskanderov.

Echimsiz qolayotgan chegara muammolari¸ ayni paytda O‘zbekistonning 14 apreldan boshlab O‘shga gaz berishni to‘xtatganiga javoban Bishkek tomoni bu mavsumda O‘zbekistonga suv berishni keskin to‘xtatishdan po‘pisa qilmoqda.

Islom Karimovning chillada aynan vodiyga¸ xususan¸ Kampirobod suv omboriga borishi¸ suv va chegara muammolarining ne chog‘li jiddiyligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish maqsadini ko‘zlagani taxmin qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG