Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:10

Peterburgda 8 yil qidirilgan retsidivist o‘zbek haydovchilarini otib tashladi


Uzbekistan/Russia - uzbeks killed in Saint Petersburg
Uzbekistan/Russia - uzbeks killed in Saint Petersburg

30 iyun kuni Peterburgda mast holatda bo‘lgan mahalliy fuqaro marshrutka haydovchilarini o‘qqa tutdi. Otishma natijasida 38 yashar o‘zbekistonlik o‘ldirildi, yana biri og‘ir ahvolga shifoxonaga olib ketildi. Politsiya tomonidan qo‘lga olingan qotillikda ayblanuvchi shaxs “marshrutkachilar xotinini haqorat qilgani” uchun otilganini gapirmoqda.

Peterburglik o‘zbek haydovchilarini otganlikda ayblanmoqda

Sankt-Peterburgning Kronshtadt shaharchasida 30 iyunь kuni ertalabki soat 7 larda Bolsheviklar ko‘chasi 6 uy yonidagi avtobus bekatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi otib ketildi.

Otishma guvohlari avtobus bekatida qonga belanib yotgan erkak kishi to‘g‘risida politsiyaga xabar berdi. Hodisa joyiga yetib kelgan politsiya yaralangan yana bir o‘zbekistonlikni og‘ir ahvolda topdi.

Odamlarga kesma miltiqdan o‘q uzib, hodisa joyidan qochib ketayotgan shaxs izidan borgan peterburglik haydovchilardan biri uni qaysi uyga kirib ketganini ko‘rgan.

“Hushyor shaharlikning qo‘rsatmasi asosida hodisa joyidan uzoq bo‘lmagan uylardan birida 34 yoshli Aleksey Nesmachniy qo‘lga olindi”, deydi tafsilotlarni Ozodlik bilan suhbatda ochiqlagan Peterburg Bosh tergov qo‘mitasi axborot bo‘limi boshlig‘i Sergey Kapitonov.

- U 2006 yildan buyon ikki kishini o‘ldirgani uchun federal qidiruvda bo‘lgan. Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, uning xotini marshrutkada kimdir xafa qilganidan arz qilgan. U esa mast holatda kesma miltiqni olib ularni otgani borgan, deydi Tergov qo‘mitasi vakili.

Tergovchilarning dastlabki ma‘lumotlariga ko‘ra, Nesmachniy avtomobilь bekatiga kelib, avval u yerda o‘tirgan haydovchilarni haqorat qilgan, keyin 407-chi martshrut haydovchisini yuragiga o‘q uzgan, yana bir marshrut haydovchisini og‘ir yaralagan. Hodisa guvohlari qotillikda ayblanayotgan shaxs bekatda yo‘lovchilarni yig‘ib turgan marshrutkachilar orasida aynan ko‘rinishi osiyolik bo‘lganlarni tanlab otganini ta‘kidlamoqda.

- Ushlangan shaxs “bezorilik mayli bilan odam o‘ldirish” va “bezorilik mayli bilan odam o‘ldirishga urinish” moddalari asosida jinoiy javobgarlikka tortildi. Miltig‘i ikkita o‘q bilan o‘qlanadigan bo‘lmaganda edi, Xudo biladi qancha odam jarohat olishi mumkin edi. Hozircha tergov davom etmoqda, dedi Peterburg Bosh tergov qo‘mitasi axborot bo‘limi boshlig‘i Sergey Kapitonov.

Ozodlik olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘ldirilgan o‘zbekistonlik 1,5 yildan beri “Tretiy park” shirkatida marshrut haydovchisi bo‘lib ishlab kelgan. Hodisa joyida o‘lgan 38 yashar haydovchi ham, yelkasidan o‘q yegan 45 yoshli marshrutkachi ham samarqandlik ekani ma‘lum.

“Tretiy park” avtoshirkati rahbariyati jabrlangan haydovchilarining barcha sarf-harajatlarini o‘z zimmasiga olganini ma‘lum qildi. Shuningdek, avtopark Sankt-Peterburg avtobus bekatlarida politsiya nazoratini kuchaytirish talabi bilan shahar ma‘muriyatiga chiqib, so‘nggi paytlarda haydovchi va yo‘lovchilarga hujum qilish holatlari ko‘payib borayotganini bildirishdi.

Ozodlik Peterburgning Ioann Kronshtadtskiy shahar shifoxonasiga olib ketilgan yarador haydovchining yelka suyaklari maydalangani, uning hayoti xavf ostida emasligini aniqladi. “O‘tgan kuni vrachlar 4 soat davomida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdi”, dedi Kronshtadtskiy shifoxonasi jarrohi.

- O‘qdan yarador bo‘lgan bizda reanimatsiyada yotibdi. Ahvoli barqaror, og‘ir bo‘lsa ham hayotiga xavf yo‘q, dedi operatsiya muvaffaqiyatli o‘tganini ta‘kidlagan shifokor.

Peterburg o‘zbeklar jamiyatida Ozodlikka marhum yigitning onasi allaqachon shaharga Samarqanddan yetib kelganini tasdiqlashdi. Ma‘lum bo‘lishicha, 2 iyulь kuni nobud bo‘lgan samarqandlikning jasadi O‘zbekistonga yuboriladi.

Samarqandda marhum mardikorning 3 nafar voyaga yetmagan farzandi yetim qoldi: yaqin orada u katta o‘g‘lini uylantirishga hozirlik ko‘rayotgan bo‘lgan.

“Muammo ildizini o‘zimizdan qidiraylik”

Sankt-Peterburgdagi “Markaziy-osiyolik mehnat muhojirlariga yordam ko‘rsatish jamg‘armasi” raisi Mahmud Mamatmo‘minov Ozodlik bilan suhbatda xorijdagi yurtdoshlarimizning ko‘plab muammolariga o‘zlarimiz sababchimiz, degan fikrni bildirdi. “Turon” gazetasi muharriri bir muhojirning arzimas xatosi uchun minglab boshqalar javob berishiga to‘g‘ri kelmoqda, deydi:

- Aziat, deyapti, kimdir gap otib qo‘ygan ekan marshrutkachilardan xotiniga. Aytgani rost bo‘lsa, birovni xotiniga birov qarab qo‘ygan bo‘lsa, mana begunoh odam o‘limni bo‘yniga ilib olib ketdi. Muhojirlikda ko‘pchilik o‘zini tutishni bilmay qolyapti. Bo‘layotgan ishlarning aslini olib qarasak, insonlarimiz 5-10 yil yurib, pulli bo‘lib o‘zini tuta olmay qolyapti, deydi Mahmud Mamatmo‘minov.

Peterburgdagi o‘zbeklar jamiyati faoli Rossiyaga yoki boshqa mamlakatga chiqishdan oldin mehnat muhojirlari o‘sha davlat to‘g‘risida ma‘lumotga ega bo‘lishi, bu davlatning qonun-qoidalari, urf-odatlari borasida axborot berishga esa O‘zbekistondagi mahalla qo‘mitalari va boshqa jamoatchilik tashkilotlarini jalb qilish kerakligi to‘g‘risida gapirdi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:47 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG