Линклар

1 iyul kuni O‘zbekiston milliy valyutasi so‘m muomalaga kiritilganiga 20 yil to‘ldi. Bu vaqt ichida so‘m bir necha yuz barobarga qadrsizlandi. Oradan 20 yil o‘tib, bozorga tushgan oddiy o‘zbekistonlik so‘mni xaltada ko‘tarib yurishi oddiy holga aylandi. Iqtisodchilar bu holni nafaqat pul-kredit siyosati, balki umuman O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchragani bilan izohlashadi. Lekin O‘zbekiston bank sohasi mulozimlari 20 yil avval milliy valyuta muomalaga kiritilgan paytda so‘mdan ko‘zlangan umid va maqsadlar to‘la amalga oshganini aytadi

O‘zbekiston bank sohasi rasmiylaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, bugun 20 yoshga to‘lgan o‘zbek so‘mi o‘ziga yuklangan vazifani to‘la bajarmoqda, degan fikrni ilgari surdi.

Lekin mutaxassislarning ko‘pchiligi, qolaversa oddiy o‘zbekistonliklar orasida o‘zbek mulozimining bu fikrlariga qo‘shilmaydiganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

1994 yilning 1 iyulida yangi pul 1, 3, 5, 10, 25, 50 va 100 so‘mlik kupyuralar hamda 1, 3, 5, 10, 20 va 50 tiynlik tanglar shaklida muomalaga kirdi. 20 yil avval so‘mning qadri ham ancha baland bo‘lgan. Masalan, jahon valyutasi – AQSh dollariga nisbatan qiymati 6 so‘mga 1 dollarni tashkil qilgan. Oddiy o‘zbekistonlik uchun asosiy o‘lchamlardan biri bo‘lgan go‘sht narxi ham bir kilosiga 15-20 so‘mlar atrofida bo‘lgan.

Oradan 20 yil o‘tib, tanga u yoqda tursin 100 so‘mlik qog‘oz pul ham deyarli muomaladan chiqib qolganini kuzatish mumkin.

O‘zbekiston Moliya vazirligining pul siyosatiga aloqador sobiq mulozimi Saparboy Jubayev so‘nggi 20 yil davomida mamlakat iqtisodi qanday rivojlangan bo‘lsa, so‘mning ahvoli ham shunga yarasha bo‘ldi, deydi.

- Bu umumiy iqtisodiy siyosatning natijasi. Pul-kredit siyosati ham umumiy iqtisodiy siyosatning bir qismidir. Shuning uchun umumiy iqtisod aniq bozor iqtisodiyotiga ochiq o‘tish masalasi hal bo‘lmagandan keyin uning ichidagi bir qismi bo‘lgan pul-kredit siyosati to‘g‘ri kelmaydigan bir yo‘l bilan ketayaptida,- deydi Ostonadagi Yevroosiyo universiteti dotsenti Saparboy Jubayev.

So‘mning AQSh dollariga bugungi qiymati bozor narxida 3100 so‘m, rasmiy kusrda 2300 so‘mni tashkil qiladi. Ya‘ni 20 yil ichida so‘m kamida 450 barobarga arzolaganini xulosa qilish mumkin. Yoki so‘mning bir kilogramm go‘sht hisobidagi narxi 1000 barobarga qadrsizlandi.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Mirkomil Toshkandiy so‘mning bunday tez sur‘atda qadrsizlanishi mamlakat iqtisodi uchun salbiy oqibatidan tashqari, kundalik hayotda noqulayliklar yaratmoqda, jumladan bozorga tushgan odam so‘mini xaltaga solib borish majbur bo‘lmoqda, deya misol keltirdi.

- 20 yil ichidagi inflyatsiya milliy valyutaning qadrini yeb qo‘ydi. Albatta bu tendentsiya bo‘lishi kerak edi. Bu narsa bo‘lishi kerak edi. Bu narsani bizlar kutgan edik. Lekin bu darajada tez bo‘ladi deb kutmagan edik. Hozir bir haftalik emas, ikki kunlik bozorga kamida 100 ming pul kerak. Natijada, bozorlarda qoplab pul ko‘tarib yurganlarni ko‘rish mumkin,- deydi iqtisodchi.

Bozorga pulini xaltada tashishdan tashqari pul-kredit siyosatining mantiqsizligi boshqa favqulodda vaziyatlarni ham keltirib chiqarmoqda.

Masalan, 100 so‘mlik muomaladan chiqib qolgani bois Samarqand shahrida jamoat transportida 700 so‘mlik yo‘lkira uchun 1000 so‘m bergan yo‘lovchilarga qaytimiga pulning o‘rniga saqich bilan bir quti gugurt berilayotgani haqida Ozodlik xabar qildi.

O‘zbekiston Moliya vazirligining sobiq mulozimi Saparboy Jubayev bunday noqulayliklarga sabab bo‘layotgan hukumat pul siyosatining mantig‘ini mutaxassislar yillar davomida qidirib topolmaydi, deydi.

- Bu hech bir ma‘nosi, logikasi yo‘q masala. Hech tushunib bo‘lmaydigan. Buni 20 yildan beri na O‘zbekistondagi iqtisodchilar biladi, na chetdan O‘zbekistonni tushunishga harakat qiladigan iqtisodchilar hech tushunmagan narsada. Bunda hech qanaqa mantiq yo‘q,- deydi Saparboy Jubayev.

1994 yil 1 iyulidan beri O‘zbekiston Markaziy banki 200, 500, 1000 va 5000 so‘m qiymatidagi kupyuralarni ham muomalaga kiritdi. Bugun O‘zbekistonda eng yirik banknota 5000 so‘mlik qora bozor narxida 1,6 AQSh dollari, davlat kursida 2,15 AQSh dollariga teng.

Qiyoslash uchun qo‘shni Turkmanistonda eng yirik 500 manat 180 AQSh dollari, Tojikiston va Turkmanistondagi eng yirik pul 100 dollar, Qozog‘istonda esa eng yirik pul 55 dollarga teng.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan O‘zbekiston bank sohasi mulozimi mutaxassislar bildirgan fikrlarga javoban, keyingi 5-6 yil davomida mamlakatda joriy qilingan bank kartalari tizimi xaltada naqd pul ko‘tarib yurish ehtiyojini hal qilgan, deya ta‘kidladi.

XS
SM
MD
LG