Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:07

Toshkentda qora niqobli ikki bosqinchi qamaldi


Toshkent shahri Yunusobod tuman sudi qora niqob kiygan holda qurol bilan qo‘rqitib, bosqinchilik qilgan ikki yigitni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Andijon viloyati Shahrixon tumanida ham qurollangan qora niqobli yana ikki talonchi qidirilmoqda.

Poytaxtning Yunusobod tumani Anorzor (sobiq G‘ulommahmud Abdullayev) mahallasida yashovchi Nosir aka ismli shaxsning uyiga qurol bilan bostirib kirib, o‘g‘irlik qilgan ikki yigitning mahkama jarayoni yaqinda yakunlandi.

Yunusobod tuman huquq-tartibot idoralaridagi manbaga ko‘ra, yigitlarning biri 25 yosh, ikkinchisi 26 yoshda bo‘lib, ular qora niqob kiygan holda yarim tunda Nosir akaning uyiga bostirib kirgan.

Manbaning aytishicha, bosqinchilar pistolet bilan qo‘rqitib, uy egalarining qo‘l-oyoqlarini bog‘lab qo‘yib, ularni kaltaklashgan. So‘ng uydagi pul va qimmatbaho narsalarni o‘g‘irlab ketishgan.

Talonchilarning ismi- sharifini ochiqlamagan manbaga ko‘ra, ikkala yigit ham o‘g‘irlikdan ko‘p o‘tmay Yunusobod militsiyasining tezkor qidiruv guruhi tomonidan qo‘lga olingan.

Kuni kecha Yunusobod tuman jinoyat ishlari sudi ushbu ikki yigitni bosqinchilik, talonchilik va o‘g‘irlikda aybdor deb topib, ularning biriga 21 yil, ikkinchisiga esa 18 yillik qamoq jazosi tayinladi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, ikkala yigit oldin ham Jinoyat kodeksining o‘g‘irlik moddasi bilan uch marta sudlanib, qamoq jazosini o‘tab chiqqan.

O‘g‘irlikdan so‘ng Nosir aka oilasi bilan Anorzor mahallasidan ko‘chib ketgan.

Huquq-tartibot idorasidagi manbamizga ko‘ra, sud jarayonida bosqinchilarning pistoleti oddiy o‘yinchoq qurol ekani aniqlangan.

Andijonning Shahrixon tuman militsiyasi esa shu kunlarda haqiqiy qurol bilan qora niqobda bosqinchilik uyushtirgan ikki talonchini qidirmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, may oyida Shahrixon tumanida qora niqobli o‘g‘rilar bilan bog‘liq ikkita bosqinchilik holati sodir etilgan. Ikkala holatda ham qora niqobli qurollangan shaxslar o‘ziga to‘q odamlar uyiga bostirib kirib, o‘g‘irlik qilgan.

Andijon huquq- tartibot idorasidagi manbaga ko‘ra, hozirda ushbu jinoyat bo‘yicha jami 23 nafar kishi hibsga olinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda:

“23 kishini gruppa-gruppa qilib o‘rganayapmiz. Lekin asosiy gumondor bo‘lgan shaxs ushbu o‘g‘irliklardan so‘ng Rossiyaga chiqib ketgan. U avval ham Jinoyat kodeksining 166-moddasi bilan uch marta sudlanib chiqqan. Hozir uning Rossiyadagi adresini aniqlashga harakat qilayapmiz. Keyin o‘sha joydagi organlarga axborot jo‘natamiz”, dedi manba.

Hozirda Shahrixondagi qora niqobli bosqinchilarni qidirish bo‘yicha maxsus shtab tashkil qilingan. Andijonning barcha tumanlari va qo‘shni viloyatlarga ham talonchilar borasida ma‘lumotnoma jo‘natilgan.

XS
SM
MD
LG