Линклар

Ro‘za paytida oqshom tushganidan boshlab bolakaylar uyma-uy yurib¸ qadimiy ramazon qo‘shiqlarini aytishi bu oy manzarasining ajralmas qismi deb ko‘riladi. Endilikda estrada xonandasining ramazon qo‘shiqlarini aytishi bu manzaraning yangi qirrasi sifatida namoyon bo‘ldi.

O‘zbekistonning katta shaharlarida ramazon qo‘shiqlarini aytayotgan bolalar soni siyraklashgan ayni kunlarda bu qo‘shiqlarni katta sahnada kuylayotgan estrada xonandalarining soni ortmoqda.

Bu fikrni ilgari surgan o‘zbekistonlik bastakor Sharofat Ozod qiziga ko‘ra¸ sahnada ramazon qo‘shiqlarini aytayotgan o‘zbekistonlik ashulachi Shahnoz bulardan biridir:

- Shahnoz repertuarida ramazon haqida oltita qo‘shiq bor. Men bu qo‘shiqlarni eshitib ko‘rdim¸ umuman olganda, yomon emas. Turkiya va arab mamlakatlarida ramazon oyini ulug‘lab¸ payg‘ambarimizga salovotlar aytilgan qo‘shiqlar ijro qilinadi. Shahnoz mana shu an‘anani O‘zbekistonga olib kirdi. Endi Shahnoz ramazon aytibdi degani bu hali uni ko‘chama-ko‘cha yurib, ramazon aytib keldim eshigingizga deganini bildirmaydi. Qo‘shiq ko‘ngildan aytilgan¸ eng muhimi shu, - deydi toshkentlik bastakor.

Ozodlik suhbatlashgan 36 yashar qo‘shiqchi, o‘zini "shoira va bastakor" deb tanishtirgan Shahnoz Saidqosimova bu sohada birinchi emasligini aytadi.

- To‘g‘ri 2004 yildan beri ramazon oyini ulug‘lovchi qo‘shiqlarni aytib kelaman. Ammo¸ Shuxrat Qayumov aytganlari bor¸ mendan oldin shu rahmatlik Husniddin Holiqov aytganlariga havas qilgan edim. Shu bo‘lib men 2004 yilda ramazonga bag‘ishlangan ilk qo‘shig‘imni aytdim. Albatta, Diniy qo‘mita va Islom universitetidagi domlalarga ko‘rsatib, maslahatlashib aytdim. Auditoriya yomon qabul qilmadi¸ - deydi Shahnoz Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdosh o‘z qo‘shiqlarining Turkiya va arab mamlakatlaridagi ramazon madhiyalaridan farqi haqida ham gapirdi.

- Buni o‘zi arab davlatlarida salovot, nashida deb aytiladi. Men esa hali nashida aytmadim. Men ashula qilib aytaman. Masalan, ko‘pchilik san‘atkorlar bir bo‘lib, jo‘r bo‘lib salovot aytsak bo‘lardi. A kapella qilib. Lekin hali bizda bunaqa yo‘q. Ayni paytda men aytgan qo‘shiq shirinlik olish uchun bolalar kuylaydigan yo ramazondan ham farq qiladi. Bir so‘z bilan aytsak, ramazon oyini ulug‘laydigan qo‘shiq¸ - deydi suhbatdosh.

Ramazon haqida qo‘shiqlar kuylayotgan Shahnoz Ozodlik tinglovchilarini 11 oyning sultoni - muqaddas ramazon oyi bilan qutladi.

Shahnoz Saidqosimova Toshkent Davlat Sharqshunoslik Institutining Xalqaro Munosabatlar bo‘limini tugatgan bo‘lsa ham, asosan bastakor sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

Shahnoz bastalagan 346 tadan ortiq musiqa qo‘shiqchilar tarfidan ijro qilingan. Buning barobarida Shahnoz yakkaxon qo‘shiqchi sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi.

Xonanda bu yilgi ramazon uchun xam qo‘shiq tayyorlagan.

- Unda Allohning 99 ismi nashida qilib aytiladi. Bu qo‘shiq Ramazon uchun atalgan yettinchi qo‘shiq. Nashida tarzida yozilgan. Bu qo‘shiq matnini ham diniy qo‘mitaga ko‘rsatib, izn olganman, - deydi qo‘shiqchi Ozodlik bilan suhbatda.

Ko‘chalarda ramazon aytadiganlar kam

Ro‘za paytida oqshom tushganidan boshlab bolakaylar uyma-uy yurib¸ qadimiy ramazon qo‘shiqlarini aytishi ramazon manzarasining ajralmas qismi deya bilinadi.

Ayni kunlarda O‘zbekistonning katta shaharlarida ramazon qo‘shiqlarini aytayotgan bolalar soni siyraklashgan, deydi folklorshunos olim¸ professor To‘ra Mirzayev Ozodlik bilan suhbatda:

- „Yo ramazon“ qo‘shiqlari ilgaridan barcha viloyatlarida keng tarqalgan edi. Xalq orasida yo ramazon, rabiman, rabigon, rayvon, ramazon, ravan, rabibon, o‘rebezon kabi nomlar bilan ataladi. Ro‘za kunlari ana shunday qo‘shiqlarni kuylovchilar ramazonchilar yoki rayvanchilar deb yuritilgan¸ deya gap boshlagan To‘ra Mirzayev ramazon aytish ritualining umumiy manzarasini ham tasvirlab berdi:

- Ramazon aytib keldim, eshigingga¸ Xudoyim o‘g‘il bersin, beshigingga¸ deb birgalashib aytishadi. Ana shundan keyin guruhdagi chechan bola: “Bu uyning tepasida oy ko‘rdik¸ Bu uyning egasini boy ko‘rdik” degan misralarni aytadi. Keyin orqadagi guruh “So‘m-so‘m tillo, so‘m tillo, Suvga solsa botmasin. Xudo bergan keng davlat, Tepkilasa ketmasin¸” deb kuylaydi. Ritual so‘ngida xonadon egasi bolalarga yegulik va pul ulashadi. Agar xonadon egasi hech narsa bermasa¸ ramazonchi bolalar tarafidan hajv qilingan¸ deydi ramazon qo‘shiqlarini o‘rgangan professor To‘ra Mirzayev.

Professor To‘ra Mirzayevga ko‘ra¸ shaharlardagi ba‘zi "o‘qimishli odamlar" ramazon aytishni tilanchilikka tenglashtirib¸ farzandlariga ramazon aytishni taqiqlashadi. "Bu to‘g‘ri emas", deydi To‘ra Mirzayev Ozodlik bilan suhbatda:

- Buni tilanchik bilan bog‘lash mutlaqo noto‘g‘ri. O‘choqda kul¸ karmonda pul¸ chiqaraqoling 10 so‘m pul¸ degan ba‘zi shahar joylarida aytilayotgan yasama satrlar bu ayblovlar uchun asos bo‘lmoqda. Ammo biz yoshligimizda bunday misralarni aytmasdik. Aslida uy egalaridan hadya olish rayvanchilarning asosiy maqsadi emas, ular ota-bobolarning udumiga rioya qilib savob olish, asriy an‘analarimizga umrboqiylik baxsh etish niyatida “yo ramazon” aytadilar:

Ro‘zani uch kun tutib keldik sizga,

Ro‘zaning zakotini bering bizga.

Ramazon aytgan bilan to‘yamizmi,

Burungining qa‘dasini qo‘yamizmi?

“Yo ramazon” qo‘shiqlarini aytuvchilarga xos eng muhim belgilaridan biri shundaki, ular oilaga farzand tilash, ya‘ni "qo‘sh kokilli o‘g‘il" yoki "ko‘ngil guli-qiz" farzand ato etilishiga, har bir xonadondan alla sadolari yangrab turishiga bo‘lgan ezgu umid mujassamlashgan:

Yo ramazon aytib keldik eshigingizga,

Qo‘chqorday o‘g‘il bersin beshigingizga,

Qo‘chqorday o‘g‘il bersa beshigingizga,

Kim kelib, kim ketmaydi eshigingizga".

"Yo ramazon" qo‘shiqlari tilanchining zori emas¸ balkli ajdodlardan kelayotgan madaniyat ip uchlarini uzmasdan saqlab¸ “burungilarning qa‘dasini qo‘ymaslik” degan falsafa ichiga jam bo‘lgan¸ deydi suhbatdosh.

To‘ra Mirzoning aytishicha Samarqand va Buxoroda aytilayotgan ramazon qo‘shiqlari esa diniy rivoyatlar unsurlari bilan yo‘g‘rilgan.

Buxoroning Jondor tumanida aytilgan bu qo‘shiq Yusuf haqidagi huzun hikoyani ham o‘z ichiga oladi:

- Payg‘ambarning o‘n bir o‘g‘li bor edi,

O‘n biridan shoh Yusuf gulzor edi.

Shoh Yusufni ovga olib chiqdilar,

Chohga tashlab, bo‘ri yedi, dedilar.

Onasi yugurib chiqdi choh boshiga,

Chashmalar ravon bo‘ldi ko‘z yoshiga.

Bu misralar aytilganidan keyin o‘n chog‘li bola mana bu naqoratni kuylaydi:

Ro‘zaning o‘n beshini tutib keldim sizga,

Ro‘zaning zakotini bering bizga.

Bu uyning orqasidan tutun chiqar,

Bu uyning qatlamasi butun chiqar.

Etti kelin yugurib chiqar.

Ramazon aytib keldim, eshigingizga,

Xudoyim o‘g‘il bersin, beshigingizga.

Ramazon aytish tarixi

Folklorshunos olim¸ professor To‘ra Mirzayev Ozodlik bilan suhbatda ramazon aytish bugungi Markaziy Osiyo hududlarida islom dini kirib kelishidan oldin ham mavjud bo‘lganini aytadi:

- Odamlarga qo‘shiqlar vositasida ezgu tilaklar tilash an‘anasi islom kirib kelganidan keyin boshqacha mazmun kasb qildi. Zardo‘shtlardagi shamol tindirish¸ yomg‘ir yog‘dirish yoki farzand tilash kabi tilaklar islom davriga kelib ramazon bilan bog‘landi¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlik bilan suhbatda To‘ra Mirzayev bundan yuz yil oldin Turkistonda katta–katta odamlar ramazon aytishganiga e‘tibor qaratdi.

Turkistonda ramazon oyida ijro etiladigan xalq qo‘shiqlari haqida ilk ma‘lumotlar sharqshunos olim Nikolay Ostroumovga oid.

Ostroumov 1898 yili “Turkestanskaya tuzemnaya gazeta”da chop etilgan maqolasida Toshkent va Turkistonning boshqa shaharlarida ro‘za boshlanishi bilanoq bolalar ramazon oyi sharafiga qo‘shiqlar aytishini, bu odat o‘sha davrda darveshlar orasida ham mashhur bo‘lganligini qayd qilgan.

XS
SM
MD
LG