Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:25

Moskvada o‘g‘irlangan o‘zbek prodyuserining daragi Toshkentdan chiqdi


Mirsobir Hamidqoriyev.
Mirsobir Hamidqoriyev.

Shu yilning 9 iyun kuni Rossiya poytaxti Moskvada noma‘lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan o‘zbek qochqini Mirsobir Hamidqoriyev ayni paytda Toshkentdagi 1-sonli tergov hibsxonasida – “Toshturma”da saqlanmoqda.

Bu haqda Ozodlikka Mirsobir Hamidqoriyevning otasi Mirsobit aka ma‘lum qildi.

Uning aytishicha, Toshkentga olib kelingan dastlabki kunlarda o‘g‘li Mirsobir O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yerto‘lasida saqlangan, keyin esa “Toshturma”ga ko‘chirilgan.

- Toshturmada – podvalda yotibdi. Hali gaplasholganimiz yo‘q. Tergovchi qo‘ng‘iroq qilib: “17-(iyun)da Sobir olib kelindi, tergov izolyatorida”, dedi. MVDning podvalida o‘tiruvdi, Toshturmaga chiqarishibdi endi, - der ekan Mirsobit aka yaqin kunlarda o‘g‘li bilan ko‘rishishga umid qilayotganini aytadi.

Shu yil may oyida sud qarori bilan Rossiyadan qochqinlik maqomi olgan o‘zbekistonlik kinoprodyuser va tadbirkor Mirsobir Hamidqoriyev 9 iyun kuni Moskvada o‘g‘irlab ketilishi bilanoq uning himoyasi bilan shug‘ullanib kelgan huquq faollari buning o‘zbek maxsus xizmatlari ishi ekani haqida taxminlarni ilgari surgandilar.

37 yoshli Hamidqoriyevga sudlarda advokatlik qilgan Illarion Vasilyev o‘zbek qochqini yo‘qolishi bilan Yevropa sudidan tortib mahalliy politsiya, chegara xizmati va Federal xavfsizlik xizmatigacha xabar berilgani odam o‘g‘rilarining ishini ancha qiyinlashtirganini taxmin qiladi.

- Ular Mirsobirni olib chiqib ketishda muammoga duch kelganlar. Buni men aniq bilaman. Mendagi ma‘lumotlarga ko‘ra, uni samolyotda olib chiqib ketishga ulgurolmay qolganlar, chunki biz aeroportlarga to‘siq qo‘ygandik, - der ekan Illarion Vasilьev o‘z himoyasida bo‘lgan Hamidqoriyevning Qozog‘iston orqali mashinada olib chiqib ketilganini taxmin qiladi.

Mirsobir Hamidqoriyev g‘oyib bo‘lgani haqida xabar tarqalishi bilanoq Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiya hukumatidan qochqin maqomidagi bu shaxsni O‘zbekistonga berib yubormaslikni talab qilgan, uning chegaradan olib o‘tilishiga to‘sqinlik qilish va uni izlab topishga qaratilgan qidiruv ishlarini jadallashtirishni so‘ragan.

Shuningdek, Strasburg sudi Rossiya hukumatiga Hamidqoriyevning qayerda ekani, uni topish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilgani, uni qo‘lga olishda Rossiya maxsus xizmatlari ishtirok etgan-etmaganiga oid savollar yo‘llagan va bu savollarga 1 iyulga qadar javob berishni talab qilgan.

Rossiya rasmiylari Yevropa sudi savollariga aytilgan muddatda javob bergan-bermagani o‘ziga noma‘lum ekanini aytgan advokat Illarion Vasilyev, agar Moskva Strasburgga javob bersa, bu javoblar unga ham kelishini qo‘shimcha qiladi.

2011 yildan buyon Rossiyada istiqomat qilib kelgan Mirsobir Hamidqoriyevni o‘zbek rasmiylari taqiqlangan diniy-ekstremistik oqimlarga aloqadorlik ayblovi bilan xalqaro qidiruvga berganlar. M. Hamidqoriyevning o‘zi bu ayblovlarni tamoman rad qilgan.

Bu ayblovlar ortidan u o‘tgan yil yozida Moskvadagi huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingandi.

7 avgust kuni esa Moskvaning Golovinskaya tumanlararo prokuraturasi Hamidqoriyevni O‘zbekistonga topshirishga asos yo‘qligi bois hibsdan ozod qilganidan keyin o‘zbek kinoprodyuseri o‘z advokatlari orqali Rossiyadan siësiy boshpana so‘ragan edi.

XS
SM
MD
LG