Линклар

1 iyuldan boshlab “Rossiya Federatsiyasi Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan o‘zgartishlar kuchga kirdi. Unga binoan Rossiya televideniyesi va radiosida, kinofilmlarda va boshqa san‘at asarlarida so‘kinish so‘zlarini ishlatish taqiqlandi.

TV, radio, kino va teatrda so‘kinish mumkin emas

2014 yilning 1 iyulidan boshlab “Rossiya Federatsiyasi Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunining 6-moddasi “Rossiya Federatsiyasida davlat tili sifatida rus tilidan foydalanishda zamonaviy rus adabiy tiliga muvofiq bo‘lmagan so‘z va iboralarni (jumladan, so‘kinish so‘zlarni) ishlatish man etiladi”, deb o‘zgartirildi.

Demak, 1 iyuldan boshlab so‘kinish so‘zlar ishlatilgan filmlarga Rossiyada prokat guvohnomasi berilmaydi, so‘kinish so‘zlardan foydalanilgan teatr spektakllari, ko‘rgazma va kontsert dasturlari namoyish etilishiga ruxsat berilmaydi.

So‘kinish ishlatilgan musiqiy asarlar yozilgan disklar va kitob muqovalarida esa, “So‘kinish so‘zlari mavjud”, deb yozilishi shart qilib qo‘yildi.

Til tozaligi uchun kurashishga qaratilgani aytilayotgan yangi tartiblarni buzganlar ma‘muriy javobgarlikka tortilishi mumkin: jismoniy shaxslar 2 mingdan 2,5 ming rublgacha, davlat amaldorlari 4 dan 5 ming rublgacha, yuridik shaxslar esa 40 dan 50 ming rublgacha jarimaga tortiladi.

Tartibni takroran buzganlarga nisbatan jarima miqdori bir necha barobarga oshiriladi va hatto qamoq jazosiga o‘zgartirilishi mumkin.

So‘kinish madaniyati (?)

Ayni paytda, kuzatuvchilar so‘kinishning man etilishi betakror rus san‘at asarlarining tsenzura qilinishiga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

Xususan, bu qonun zarbasi ostiga birinchilar qatorida Andrey Zvyagintsevning “Leviafan” kinofilmi tushdi.

Kinorejissyorning filmdan “beadab” so‘zlarni olib tashlash taklifiga bergan rad javobiga javoban Kann kinofestivalida mukofotlangan film Rossiyada prokatdan olib tashlandi.

30 iyun kuni – til to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri kuchga kirishidan bir kun oldin – Rossiyaning Moskva, Peterburg, Qozon, Krasnodar, Nijniy Novgorod, Novosibirsk shaharlarida norozilik aktsiyalari bo‘lib o‘tdi.

“Madaniyat himoyasi uchun Butunrossiya aktsiyasi” shiori ostida yig‘ilgan namoyishchilar so‘kinish so‘zlarni san‘at asarlarida ishlatishga ruxsat berish talabi bilan chiqdi.

Ozodlikning rus xizmati Moskva ko‘chalarida o‘tkazgan so‘rovda aksar rossiyaliklar yangi taqiqlardan naf chiqishiga ishonmasliklarini gapirdi. Suhbatga tortilgan moskvalik ayol "Menimcha, ayniqsa adabiyotda so‘kinishdan foydalanmaslikning iloji yo‘q! Chunki unda badiiy g‘oyasi mujassamlashgan bo‘lishi mumkin", desa mahalliy erkaklar vakili "So‘kinishsiz filmlarning mazasi qolmaydi", degan fikrni bildirdi.

Dramaturg Dmitriy Ryabov so‘kinish so‘zlari rus adabiyotida ko‘p bo‘lmasa-da, vaqti-vaqti bilan ishlatib turilgan, deydi.

- Pushkindan boshlab Yesenin, Mayakovskiylar yordamida bu odat rus adabiyotida o‘z o‘rnini egallagan. Lekin undan ustomonlik bilan foydalanishgan. Tan olish kerak, oxirgi 20 yil davomida “hamma narsaga ruxsat berildi”, deb odamlar e‘tiborini o‘ziga qaratish maqsadida so‘kinish iboralari juda ko‘p ishlata boshladi. Bu yaxshi emas: so‘kinish so‘zlaridan faqat bilgan odamlargina foydalanishi zarur, dedi dramaturg Dmitriy Ryabov.

Rus filologi Irina Koteneva beadab so‘zlarni ishlatish odati rossiyaliklar kundalik hayotining bir qismi ekani, adabiy asarlar esa – real hayotning in‘ikosi sifatida qabul qilinishi kerakligi to‘g‘risida Ozodlikka gapiradi.

- Quyi qatlam vakillarining balandparvoz “buyuk tilda” so‘zlashishini bir tasavvur qiling. Klassik adabiyot ayrim yo‘nalishlarida so‘kinishni joyiga qo‘yib ishlatishlari mumkin. Bu masalada bunday shoshqaloqlik qilish yaramaydi, dedi deputatlarga tanbeh bergan filolog Irina Koteneva.

Rossiya Federatsiyasi Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar joriy yilning 23 aprelida Rossiya Davlat Dumasi tomonidan qabul qilingan va bir haftadan keyin Federatsiya Kengashi tomonidan tasdiqlangan edi.

Kuni kecha, Vladimir Jirinovskiy boshliq LDPR deputatlari tomonidan muhokamaga olib chiqilgan “OAVda xorij so‘zlaridan foydalanishni taqiqlash” to‘g‘risidagi qonun loyihasi Duma muhokamasidan o‘tmadi. Liberal-demokratlar rus tilidan “butik”, “diler”, “seyshen”, “ofshor”, “parlament” va boshqa barcha “xorijiy” so‘zlar o‘rniga ruscha ekvivalentini joriy qilish taklifi bilan chiqqan edi. Shuningdek, partiyaning o‘zgarmas yetakchisi Vladimir Volьfovich rus tilidan “Ы” harfini olib tashlashni taklif qilgan.

Ta‘kidlash joyizki, Rossiya Davlat Dumasining 450 deputatidan atigi 2 nafarigina filologdir. Qolgani - sportchi, yurist va artistlardir.

Qayerda so‘kinish mumkin?

“Rossiya Federatsiyasi Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan, so‘kinish so‘zlariga doir taqiq kabel yoki sputnik televideniyelari ko‘rsatuvlariga, shuningdek, Rossiyada o‘tajak kinofestivallarida namoyish etiladigan xorij filmlariga tegishli emas.

Rossiyalik ko‘cha-ko‘yda shu paytgacha qanday so‘kingan bo‘lsa, shunday so‘kinaverishi mumkin. Yangi qonunning bunga daxli yo‘q.

XS
SM
MD
LG