Линклар

2 iyul kuni Ukraina xavfsizlik kuchlari mamlakat sharqidagi Rossiya tarafdori bo‘lgan ayirmachilarga qarshi harbiy amaliyotlarni davom ettirdi. Ayni paytda, Ukraina, Rossiya, Germaniya va Frantsiya tashqi ishlar vazirlari Berlinda favqulodda uchrashuv o‘tkazib, Ukraina bo‘hronini muhokama qilishi rejalagan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi e‘lon qilgan bayonotda, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov germaniyalik hamkasbi Frank-Uolter Shtanmayyer bilan telefon so‘zlashuvi chog‘ida Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Loren Fabius va Ukraina Tashqi ishlar vaziri Pavlo Klimkin bilan uchrashuv o‘tkazish haqidagi fikrni qo‘llab-quvvatlagani bildirilgan.

2 iyul kuni Berlinda NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Germaniya Kantsler Angela Merkel bilan Ukraina bo‘hronini muhokama qildi.

So‘zlashuvdan keyin jurnalistlar uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida Merkel Ukrainadagi vaziyat hammani tashvishga solayotganini ta‘kidladi.

- Hammamiz Ukrainadagi vaziyatdan juda tashvishdamiz. Ukraina prezidenti (Petro Poroshenko) bir tomonlama e‘lon qilgan otashkesim paytida Poroshenkoning tinchlik rejasini ayirmachilar qabul qilmagani achinarli holdir, deya bayonot berdi Germaniya rahbari.

Ayni paytda Ukraina Milliy xavfsizlik va Mudofaa kengashi matbuot kotibi Andrey Lisenko 2 iyul kuni Ukraina qo‘shinlari ayirmachilar egallagan pozitsiyalarga yuz martadan ko‘p hujum qilib uchta qishloqni janggarilardan tozalaganini ma‘lum qildi.

Lisenkoga ko‘ra, to‘qnashuvlar paytida to‘rt nafar Ukraina harbiysi halok bo‘lgan.

2 iyul kuni Ukraina parlamenti raisi Aleksandr Turchinov qurolli kuchlar va Milliy gvardiya terrorchilar va jinoyatchilarga qarshi hujumlarni davom ettirmoqda. Harbiylarimiz o‘tkazayotgan amaliyotlar o‘z natijasini bermoqda, deya bayonot berdi.

30 iyun kuni Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko 10 kun davom etgan bir tomonlama otashkesim samara bermagani bois to‘xtatilganini e‘lon qilgan edi.

Poroshenko janggarilar otashkesimdan qayta guruhlarga bo‘linish va Rossiyadan og‘ir qurollar olib kelib g‘amlab qo‘yish maqsadida foydalanganini urg‘uladi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi 10 kunlik otashkesim paytida 27 nafar ukrain askari halok bo‘lganini bildirdi.

1 iyul kuni kechqurun AQSh Davlat departamenti matbuot vakili Mariye Xarf Poroshenko “o‘z mamlakatini himoya qilish huquqiga ega ekani”ni aytdi.

Ammo Sergey Lavrov Ukraina prezidentining qarori “yana qon to‘kilishiga olib kelishi”ni ta‘kidladi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa Poroshenko Ukrainada urush harakatlariga yo‘l ochilgani mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olganini aytdi.

Moskvadagi elchilar bilan 1 iyul kungi uchrashuvda Putin G‘arb davlatlarini mintaqada beqaror vaziyat keltirib chiqarishda Ukrainadagi bo‘hrondan foydalanayotganlik aybladi.

Putin Rossiya etnik ruslarni siyosiy, iqtisodiy va gumanitar vositalardan foydalangan holda himoya qilishni davom ettirishini ta‘kidladi.

1 iyul kuni Yevropa Ittifoqi TI vazirlari Rossiyaga nisbatan yangi sanktsiyalar joriy qilishni kechiktirdi.

Manbalarga ko‘ra, 7 iyul kuni bu masala qayta muhokama qilinadi. Hozirda YeI ekspertlari ma‘lum shaxslar va shirkatlarga qaratilgan sanktsiyalar joriy qilish ustida ishlamoqda.

XS
SM
MD
LG