Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:25

Rossiyaga rasman ishga kelganlar ham firibgarlar qo‘liga tushayotganidan gapirmoqda


O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga qarashli Fuqarolarni chet ellarga ishga joylashtirish bo‘yicha viloyatlardagi mintaqaviy byurolar orqali Rossiyaga ishga kelayotgan ayrim o‘zbekistonliklar¸ o‘zlarining odam savdosi bo‘yicha uyushgan jinoiy guruh qo‘liga o‘lja bo‘layotganlari haqida Ozodlikka ma‘lumot yo‘llamoqdalar. Mehnat birjalarida berilayotgan va‘dalarga uchib kelayotganlarning ko‘pchiligi¸ bugun O‘zbekistonga qaytish uchun yo‘lkirasiz qolgani barobarida¸ vatanda qo‘l qo‘ydirilgan shartnoma bo‘yicha jarimaga tortilish tahdidi ostida ham qolgan.

Yomg‘irdan qochib¸ do‘lga tutilish?

“Uy taraflarda tuzuk-quruq ish topa olmagandan keyin¸ O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga qarashli Fuqarolarni chet ellarga ishga joylashtirish bo‘yicha mintaqaviy byurolaridan biri orqali Rossiya Federatsiyasining Krasnoyarsk shahridagi “Drujba KROO” firmasiga ishga keldik. O‘zbekistonda bizga bu firma juda katta ekani¸ zavod va fabrikalari ko‘p ekani¸ qurilish bo‘yicha ham ishlari talay ekanligi¸ ish haqi 500 AQSh dollaridan kam bo‘lmasligini aytishgan va bu blankalarda ham yozilgan edi. Bu yerga kelib bilsak¸ bu posrednik firma ekan¸ hech qanaqa zavod-fabrikasi yo‘q ekan. Bu orada aldanib kelgan odamlar uyidan yo‘lkira pul chaqirib¸ qaytib ketishdi. Sababi¸ 7 kun 11 soatdan ishlasangiz ham maosh 300 dollarga yetmaydi. Bu firma bizni qurilishlarda ishlatib¸ va‘da qilingan pulning yarmini ham bermadi. Haqqimizni so‘rasak¸ bizni qarzdorga chiqarib¸ va‘da qilingan ish kiyimlari narxini ham bo‘ynimizga ilib qo‘ydi. Buxoro mehnat byurosi viloyat televideniyesi orqali aynan shu firmani reklama qiladi. Bu reklamani ko‘rgan buxoroliklar Krasnoyarskka oqib kelmoqda. Bular yo bor-yo‘g‘ini sarflab yana uyiga qaytib ketishga¸ yo chorasizlikdan arzimagan choychaqaga ishlab yurishga majbur bo‘lmoqda. Aytishlaricha¸ Buxoro televideniyesi har bir ishchi uchun bu firmadan 100 dollardan pul olmoqda. Xorazm va Qoraqalpog‘istonda ham ayni ahvol”¸ deyiladi Ozodlikka kelgan murojaatda.

Bu murojaat ortidan Ozodlik o‘tkazgan surishtiruvdan ayon bo‘lishicha¸ O‘zbekistonning qator viloyatlaridagi Fuqarolarni chet ellarga ishga joylashtirish bo‘yicha mintaqaviy byurolar Rossiyaga qonuniy ishga keyish istagini bildirgan yuzlab¸ minglab yigitni to‘plab¸ Krasnoyarsk shahrining Djambulьskaya ko‘chasida joylashgan “UNKTs – Dustlik”(Drujba) KROO boshqauv hay‘ati raisi Zafar Safarov ixtiyoriga jo‘natmoqda.

Ozodlik ixtiyoriga taqdim qilingan rasmiy hujjatdan bu jarayonning qanday amalga oshirilishini anglash mumkin.

Hurmatli Safar Ziyadullayevich¸ O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga qarashli Fuqarolarni chet ellarga ishga joylashtirish bo‘yicha ........ mintaqaviy byurosi quyidagi fuqarolarni sizning so‘rovingiz bo‘yicha ishga jo‘natadi. Komandirovka muddati 1 yil”¸ deb boshlanadigan rasmiy maktubda¸ O‘zbekistonda berilgan katta va‘dalarga ishonib¸ Krasnoyarskka qonuniy ishga ketish bo‘yicha Mehnat vazirligi byurosi bilan kelishuv tuzgan fuqarolar ro‘yxati ilova qilinadi.

O‘z puliga Krasnoyarskka yetib kelgan bu O‘zbekiston fuqarolari¸ maktubda yozilganidek¸ Rossiyaga kelib¸ “hurmatli Zafar Ziyadullayevichning” hech qanaqa qurilish shirkati yoki zavod-fabrika egasi emas¸ balki O‘zbekiston hokimiyat tizimidagilar bilan Rossiyadagi ish beruvchilar orasidagi o‘rtakash ekanini tushunishgan.

"Ammo buni tushunganimizda¸ boz ustiga¸ og‘ir mehnat qilib topgan pulimizni har oy bu o‘rtakash bilan baham ko‘rishga majburligimizni anglaganimizda¸ ancha kech bo‘ldi. Bir tomonda¸ viloyat mehnat byurosida bir yil ishlab beraman¸ ishlamasam¸ jarima to‘layman¸degan hujjatga qo‘l qo‘yganmiz¸ boshqa tomondan¸ Rossiyada qonuniy ishlashga ruxsat beruvchi hujjatlarimiz “Drujba” KROO egasining qo‘lida - bunday hujjatsiz biz ko‘chada qolish barobarida istalgan paytda noqonuniy migrant sifatida deportatsiya qilinadigan toifaga aylandik"¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondan Krasnoyarskka "posilka" qilingan ishchilardan biri o‘z shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan.

“Ish beruvchi” – O‘zbekiston Mehnat vazirligi (elchixona va MXX) vakili

Ozodlik o‘tkazgan surishtiruv davomida¸ o‘zbekistonlik minglab ishchi “o‘z ixtiyoriga” yuborilayotgan Zafar Safarovning nafaqat “UNKTs – Dustlik”(Drujba) KROO boshqaruv hay‘ati raisi¸ balki O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada ishga joylashtirish bo‘yicha maxsus namoyandasi ham ekani aniqlandi. Buni Ozodlik bilan suhbatda Zafar Safarovning o‘zi ma‘lum qildi:

- Men bu yerda O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi byurosining vakiliman. Men aynan O‘zbekiston xalqlarining bu yerdagi ijtimoiy-huquqiy adaptatsiyasi bo‘yicha raisman. Mening vazifam¸ biznikilarni bu yerdagi ish beruvchilar ishlatib ko‘chaga otishi oldini olishdir. Mening ishim ish beruvchining barcha qonuniy hujjatlar asosida O‘zbekiston fuqarosini ishga olishi va ish haqini vaqtida berishini nazorat qilishdir. Biz O‘zbekistondan besh yildan beri odam olib kelamiz¸ ularni darhol yotoqxona¸ ishga ruxsatnoma va ish bilan ta‘minlaymiz. Ularga o‘zining uyida yo‘q sharoitni qilib beramiz. O‘zlarida novvoyxonayu¸ oshpazi bor. Kuniga besh marta ovqatlanish uchun arzimagan 2500 rubl olib qolamiz. Ularni rossiyalik ish beruvchilarga sotib¸ mehnat haqlariga sherik bo‘layotganimiz haqidagi shikoyatlar¸ quruq tuhmat. Agar to‘g‘ri bo‘lsa¸ Ozodlikka emas¸ O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi¸ Bosh konsullikka shikoyat qilsinlar. Men ularga hisob beraman¸ mening ishimni ular¸ kerak bo‘lsa¸ MXX tekshiradi¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondagi Fuqarolarni chet ellarga ishga joylashtirish bo‘yicha mintaqaviy byurolar minglab o‘zbekistonlikni “ixtiyoriga” jo‘natayotgan Zafar Safarov.

Uyushtirilgan odam savdosi?

Moskvadagi Memorial inson huquqlari tashkiloti kuzatuvchisi Bahrom Hamroyev¸ Krasnoyarskdagi “Drujba” KROO misolidagi sxemani¸ O‘zbekiston hukumatidagi muayyan guruhlarning Rossiyaga ishga ketayotganlarni to‘liq nazoratga olish¸ ayni paytda¸ular orqasidan katta pul ishlashga qaratilgan yana bir sxemasi deb baholaydi:

- Bunaqa sxema butun Rossiya bo‘ylab yoyila boshladi. Masalan¸ Moskva va Moskva oblastida xuddi shu ishni O‘zbeklar Kongressimiyey¸ deb ataladigan bir guruh qilayapti. Bular orqali minglab odam Rossiyaga kelayapti. Lekin ularning na hujjati oxirigacha normallashadi¸ na oladigan oyligi. Yana ayni sxema – O‘zbekiston hukumati va SNBga otchyot beradigan¸ o‘zbek elchixonasiga hisob beradiganlar shu hukumat bilan birgalikda shu xalqning qonini birgalikda ichib yuripti¸ shu xalqqa faqat muammo yaratayapti¸ shu xalqning so‘nggi imkonini tortib olayapti. Bu yigitlarga endi Afg‘onistonga ketishdan boshqa imkon qoldirmayapti bular¸ deydi o‘zbekistonlik huquq faoli.

XS
SM
MD
LG