Линклар

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining (MXX) 40 nafar xodimi noqonuniy tadbirkorlik, korruptsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib ishdan chetlatildi. Bir-biridan mustaqil bir necha norasmiy manbadan olingan bu ma‘lumotning hozircha rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Xavfsizlik xizmati xodimlarining ishdan chetlatilgani to‘g‘risida xabar qilgan Ozodlik manbalariga ko‘ra, MXXda "jiddiy tozalashlar ketmoqda"

Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan ma‘lumot bergan O‘zbekistonning kuch ishlatar tizimlaridagi manbaning iddao qilishicha¸ MXXning ishdan chetlatilgan qariyb 40 xodimi O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmatidagi eng yosh general Hayot Sharifxo‘jayevning ukasi Javdat Sharifxo‘jayev boshchiligidagi guruh a‘zolari bo‘lgan.

Ozodlik manbasi Javdat Sharifxo‘jayev qo‘lida ishlaganlarning shu kunlarda ishdan chetlashtirilganini bildirar ekan, ularning qamalgan yo qamalmagani haqida aniq ma‘lumot bera olmadi.

Manba ulardan "ba‘zilari qamalgani¸ ba‘zilari esa uy qamog‘ida" ekanligini iddao qildi.

Ozodlikning O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yaqin yana bir manbasi esa MXX raisi o‘rinbosari general Hayot Sharifxo‘jayevning ukasi "Javdat Sharifxo‘jayev ishdan bo‘shatilgani va tergov qilinayotganligi"ni iddao qildi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan bu manba Javdat Sharifxo‘jayev qo‘lida ishlaydigan MXX xodimlarning qo‘lga olingani haqidagi ma‘lumotni “Ha¸ bu haqiqatga juda yaqin ma‘lumot”, deb aytdi.

MXXning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasida ishlagani aytilgan Javdat Sharifxo‘jayevning “ishdan quvilgani“ haqida o‘tgan yil oxirida O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ham o‘z tvitlarida yozgan edi.

Ammo keyinchalik bu ma‘lumot o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa ham, bugunga kelib, ya‘ni oradan 7 oy o‘tgach Javdat Sharifxo‘jayev va uni qo‘lida ishlagan 40 xodim "izolyatsiya qilingani" iddao qilinmoqda.

Javdat Sharifxo‘jayevning muammolarga yuz tutgani va MXXning o‘nlab xodimi ishdan chetlatilgani va balki hibsga olingani borasidagi ma‘lumotlarni qarorgohi Parijda joylashgan "Markaziy Osiyoda Inson huquqlari assotsiatsiyasi" tashkiloti rahbari Nadejda Otayeva ham o‘z manbalariga tayanib gapirdi:

- Javdat Sharifxo‘jayevning jiddiy muammolarga duch kelganligini beshta manba tasdiqlayapti. Bu esa xokimiyat ichida kadr almashinuvi bo‘layotganidan dalolat. Bu kadr almashinuvi Karimov oilasi bilan MXX o‘rtasidagi intriga oqibatidir. MXX nomidan maxsus amaliyotlarni MXX raisi o‘rinbosari, general Hayot Sharifxo‘jayev o‘z ukasi Javdat Sharifxo‘jayev vositasida amalga oshirib kelgan edi. Ular sarmoya bilan shug‘ullangan tadbirkorlarni nishonga olib reyderlik yo‘li bilan mol- mulkini tortib olishgan. Bu talonchiliklar ancha shov-shuvlarga ham sabab bo‘lgan edi. Bugunga kelib Javdat ilk zarbani oldi. Bu esa uning akasi Hayot uchun jiddiy signaldir. Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ Hayot Sharifho‘jayevning lavozimdagi umri ham qil ustida turibdi. Bir manbaga ko‘ra Hayot xozir ta‘tilda¸ boshqa manbaga ko‘ra, uy qamog‘ida. Xozir MXXda jiddiy tozalashlar ketyapti. Bizga kelgan ma‘lumotga ko‘ra¸ qirqqa yaqin MXX xodimi ishdan chetlatilgan. Ularning nechtasi uy qamog‘ida¸ nechtasi hibsda va nechtasi mamlakatdan qochib ketgani haqidagi aniq ma‘lumotni bizga va‘da qilishdi. Xulosa bitta¸ jallod rolida bo‘lganlarning o‘zlariga nisbatan repressiya boshlandi¸ deydi "Markaziy Osiyoda Inson huquqlari assotsiatsiyasi" tashkiloti rahbari Nadejda Otayeva.

Suhbatdoshga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha davlat idoralarida keng ko‘lamli taftish ketmoqda.

O‘tgan hafta O‘zbekistonda Davlat bojxona qo‘mitasining turli bo‘limlarida ishlovchi yuzga yaqin xodimi hibsga olingani haqida ma‘lumot tarqalgan edi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan maxsus amaliyot natijasidagi hibsga olishlar mamlakat hududiga kontrabanda tovarlar olib kirilishining oldini olish maqsadida amalga oshirilgan.

Ozodlikning Respublika bojxona qo‘mitasidagi manbalariga ko‘ra, bojxona xodimlarining hibsga olinishi korruptsiya va kontrabandaga qarshi o‘tkazilgan maxsus amaliyot doirasida amalga oshirilgan.

Bundan avval O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining ikki nufuzli amaldori hibsga olingani xabar qilingandi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, yuzga yaqin bojxona xodimi qo‘mitaning kontrabandaga qarshi kurash Bosh boshqarmasi boshlig‘i Aziz Xasanov va uning o‘rinbosari Aziz Abdurahmonovlarning hibsga olinishdan so‘ng olib ketilgan.

O‘zbekistonga kontrabanda mollari olib o‘tilishiga qarshi kurashishga bosh-qosh bo‘lishi kerak bo‘lgan bu ikki amaldor “kontrabanda tovarlarining hech bir to‘siqsiz” mamlakatga olib kirilishiga homiylik qilgani iddao qilinmoqda.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasidagi manba o‘z hamkasblarining hibsga olinishini Milliy xavfsizlik xizmatining “kontrzarbasi”deb ta‘rifladi.

- Bundan avval bojxona qo‘mitasining kontrabandaga qarshi kurash bo‘limi mamlakatga noqonuniy mol olib kelayotgan Milliy xavfsizlik xizmatiga tegishli odamlarining yo‘lini to‘sgan va reydlar shundan so‘ng boshlandi, - dedi O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasidagi manba.

Bojxona qo‘mitasining nufuzli amaldorlari va xodimlari O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati hibsxonasida qolmoqda.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy saytida bojxonachilarning hibsga olingani haqida biror xabar berilmadi.

Ularga qanday ayblov qo‘yilayotgani to‘g‘risida ham ma‘lumot yo‘q. Ozodlik bu xabarlar yuzasidan O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi bilan bog‘landi. Qo‘mita matbuot xizmati xodimi savolni eshitishi bilan telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatidan ham Davlat bojxona qo‘mitasidagi hibslar haqida ma‘lumot olish imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG