Линклар

O‘zbekiston Respublikasi Xalq banki 1992 yilda muomalaga chiqarilgan zayom obligatsiyalarini aholidan qabul qilib olishni 1 iyul kuni to‘xtatdi. 20 yil muddatga chiqarilgan 250, 500 va 1000 so‘mlik obligatsiyalar aholiga qancha nisbatda qaytarilishi hanuz noma‘lum bo‘lib qolmoqda.

Xalq bankining Toshkentdagi shoxobchalaridan birining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda 1992 yilda muomalaga chiqarilgan 12 foizlik yutuqli davlat zayomlarini qabul qilish 1 iyulda to‘xtatilganini aytdi.

- 1 apreldan boshlab may, iyun oylarida, uch oy qabul qildik. 1 iyulgacha topshirilsin, degan qaror bor edi. Bugun 2 iyul, dedi Xalq banki xodimi.

1992 yilda muomalaga chiqarilgan 250, 500 va 1000 so‘mlik zayom obligatsiyalarning qiymati bugunga kelib qanchani tashkil etishi borasidagi hisob-kitoblar jamoatchilikka e‘lon qilinmadi.

Ozodlik bilan so‘zlashgan Moliya vazirligi xodimi zayomlar qancha nisbatda qaytarilishi hozircha ma‘lum emas, dedi.

- Shu bir oy ichida Vazirlar Mahkamasi indeksatsiya masalasida qaror qabul qiladi. Ya‘ni, qanchaga ko‘paytirilib berish to‘g‘risida. Hozircha bu noma‘lum, dedi Moliya vazirligi rasmiysi.

Unga ko‘ra, aholi bankkka topshirgan zayomlarning puli 1 avgustdan 30 noyabrgacha berilishi rejalashtirilgan.

Vazirlik xodimi belgilangan muddatda Xalq bankiga topshirilmagan zayomlar o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblanishini qo‘shimcha qildi.

- Vazirlar mahkamasining 51-qarori chiqqan. Qarorda zayomlar 1 iyulgacha taqdim etilishi mumkin, deyilgan. “Belgilangan muddatda va tartibda bank bo‘linmasiga taqdim etilmagan zayom obligatsiyalari o‘z kuchini yo‘qotgan hisoblanadi hamda qabul qilinmaydi va to‘lanmaydi” deb yozilgan, deydi Moliya vazirligi xodimi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 1992 yilda jami 25 milliard so‘mlik zayom chiqarilgan. Xalqqa 20 milliard so‘mlik zayom sotilgan. Qolgan 5 milliard so‘mlik obligatsiya sotilmagan.

1992 yilda O‘zbekistonda 1 AQSh dollari taxminan 15 so‘m atrofida bo‘lgan.

Shu kunlarda qora bozorda bir AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi 3100 so‘mni, O‘R Markaziy banki rasmiy kursi bo‘yicha 2300 so‘mni tashkil etmoqda.

1 iyul kuni O‘zbekiston milliy valyutasi so‘m muomalaga kiritilganiga 20 yil to‘ldi. Bu vaqt ichida so‘m bir necha yuz barobarga qadrsizlandi.

XS
SM
MD
LG