Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:43

O‘zbekistonda oylik ish haqi 236 000 so‘mdan oz bo‘lmasligi lozim


Sarlavhaga chiqarilgan ma‘lumot yangilik emas. U mamlakat Mehnat kodeksida, Prezidentning minimal ish haqiga oid farmoni va qarorida belgilab qo‘yilgan me‘yordir.

Lekin bu qonuniy me‘yorni ko‘pchilik, ayniqsa, fermer xo‘jaliklari ishchilari bilmasligi Ozodlikka kelayotgan shikoyatlardan ko‘rinib turibdi.

Muxbirimiz ana shunday shikoyatlardan biridan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi rasmiysiga bir necha savol bilan murojaat qildi.

Eng so‘nggi shikoyatlardan biri

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi, shu yerdagi “Maslahat tongi” fermer xo‘jaligi ishchisi Sadiroxun So‘fiyev kuni kecha OzodMikrofon eshittirishi bilan bog‘lanib, bir necha yildan beri ish haqi berilmayotganidan, ish beruvchi ustidan davlat idoralariga qilgan murojaatlari natija bermaganidan shikoyat qildi.

- Yarim gektar yerim bor. Ishlayman, lekin 1 so‘m oylik berishmaydi. Arz qilmagan joyim qolmadi, hokimgayam, prokurorgayam arz qildim, natijasi yo‘q, degan edi Sadiroxun So‘piyev.

Uning aytishicha, tasarrufidagi yarim gektar yerni unga bundan 3 yil muqaddam fermer bergan va bu yerda suhbatdoshimiz oilasi bilan paxta yetishtiradi.

50 kg bug‘doy, 150 bog‘ g‘o‘zapoya

So‘fiyevdan 2013 yili qancha ish haqi olganini so‘radik.

- Pul ko‘rinishida hech narsa bergani yo‘q, lekin 50 kilo bug‘doy bergan, dedi fermer xo‘jaligi ishchisi.

“Bas, shunday ekan, nima uchun fermerga o‘sha yerni qaytarib bermaysiz, ishdan bo‘shab olmaysiz?”

Bu tabiiy savolga javoban Sadiroxun So‘fiyev “bo‘shab olsam, oilam o‘tinsiz qoladi, yarim gektar yerdan men 100-150 bog‘ g‘o‘zapoya olaman. Uning bir bog‘i 2000 so‘m”, dedi.

Suhbatdoshimiz bir yilda bir marta yig‘ib oladigan g‘o‘zapoya 100 bog‘ bo‘lsa 200, 150 bog‘ bo‘lsa 300 ming so‘mlik vaj.

Sadiroxun So‘fiyev bilan qayta-qayta bog‘lanib, o‘tkazganimiz uzoq suhbatlardan shu narsa ma‘lum bo‘ldiki, fermer xo‘jaligida na uning o‘zi va na oila a‘zolaridan biron kishi ishchi sifatida rasman qayd etilgan.

Nega bundayligini so‘rash uchun xo‘jalik rahbarini topib bo‘lmadi.

Agar So‘fiyev fermer xo‘jaligining ishchisi sifatida qonunda nazarda tutilgan tartibda qayd etilganida edi, oladigani bir yillik g‘o‘zapoyaning pulini bir oyda maosh sifatida olgan bo‘lar edi.

Har holda O‘zbekistonning Mehnat kodeksi va Prezident imzolagan hujjatlarda belgilab qo‘yilgan me‘yorlar shunday fikrga borishga asos bo‘la oladi.

Mehnat vazirligi mulozimi nima dedi?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining o‘zini tanishtirishni istamagan rasmiysi bilan mana bu savol-javob bo‘lib o‘tdi:

Ozodlik: O‘zbekistonda “Kafolatlangan minimal ish haqi”, degan tushuncha bormi?

Mehnat vazirligi mulozimi: “Kafolatlangan minimal ish haqi”, deyilmaydi. Lekin “Minimal ish haqi” bor. U Prezident farmoni bilan belgilab qo‘yiladi. Ish beruvchi shu minimumni ta‘minlab berishi lozim. 2012 yil, 1 yanvaridan boshlab, hozir ish haqi Yagona tarif setkasining 1- razryadi miqdorida belgilanishi kerak. Bu haqda Prezident qarori bor.

Ozodlik: Ish beruvchi ishchiga Prezident farmoni bilan belgilab qo‘yilgan minimal ish haqidan kam ish haqi to‘lashi mumkinmi-yo‘qmi?

Mehnat vazirligi mulozimi: Mumkin emas. Prezident qarorida yozib qo‘yilibdiki, ishlagan ishchilarning ish haqi Yagona tarif setkasining 1- razryadidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Ozodlik: Necha pul o‘sha me‘yor?

Mehnat vazirligi mulozimi: 236 ming so‘m.

Ozodlik: 236 ming so‘mdan kam...

Mehnat vazirligi mulozimi: ... bo‘lishi mumkin emas Prezident qaroriga binoan. Ishchi berilgan ish normasini bajarsa, unga to‘lanadigan bir oylik ish haqi shuncha bo‘lishi kerak.

Ozodlik: Siz aytayotgan me‘yordan kam ish haqi to‘lagan ish beruvchini ishchi sudga berishi mumkinmi?

Mehnat vazirligi mulozimi: Prezident qarorini (ish beruvchi) bajarmasa, albatta, berishi mumkin.

Ozodlik: Aytilayotgan me‘yorlar fermerlarga ham oidmi?

Mehnat vazirligi mulozimi: Fermerlarga ham taalluqli. Chunki fermer ham ishchini ishga yollaganda unga razryad bo‘yicha ish haqi to‘lashi kerak, deyilgan. Mehnat shartnomasi bo‘yicha to‘lashi kerak, deyilgan.

Shu o‘rinda yana bir muhim hujjatni eslatib o‘tmoqchimiz:

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining (manba - Lex.uz sayti, saytga ko‘ra “Hujjat 01.05.2013 00 sanasi holatida, amaldagi versiya”) 16-moddasi “Xodimning asosiy mehnat huquqlari”, deb ataladi va unda boshqa huquqlar qatorida mana bu me‘yor belgilab qo‘yilgan:

“o‘z mehnati uchun qonun hujjatlarida Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilanganidan oz bo‘lmagan miqdorda haq olish <…> huquqiga egadir”.

236 000 so‘mni tashkil qiluvchi minimal ish haqi – real kurs bo‘yicha 100 AQSh dollariga yetmagan pul - o‘zbekistonlik ishchining bir oylik ehtiyojlarini qondiradimi-yo‘qmi – bu boshqa maqola mavzuidir.

XS
SM
MD
LG