Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:27

O‘zbekistonning ayrim hududlarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi


Toshkentda yurgan bronetransporterlardan biri.
Toshkentda yurgan bronetransporterlardan biri.

Ozodlikka kelgan xabarlardan birida Farg‘ona viloyatining Yaypan temir yo‘l bekatiga yaqin xududda harbiy texnika va askarlar jamlangani aytilsa¸ boshqasida Qoraqalpog‘istonning Ustyurt hududiga qarab ketayotgan o‘zbek harbiylari tushgan KamAZlar karvoni haqida so‘z yuritiladi. Ba‘zi internet nashrlari esa chorshanba kuni Toshkentda harakatlanayotgan BTRlar suratlarini yoyinladi.

Ozodlikning Farg‘ona viloyati Sho‘rsuv shaharchasidagi manbasining aytishicha, chorshanba kunidan boshlab shaharchada odamlarning bir yerga to‘planishi taqiqlangan:

- Mahalla oqsoqollari, domkom, uchastka nozirlari va posbonlar uyma-uy yurib, odamlarning bir yerga zich bo‘lib to‘planmasligini uqtirishyapti. Bu taqiq ko‘chalarda to‘y va boshqa tadbirlar o‘tkazish, maktabda kechalar tashkil qilish kabi holatlarga ham taalluqli ekani tushuntirilmoqda, dedi sho‘rsuvlik manba.

Farg‘ona viloyatining Sho‘rsuv shaharchasi Tojikistonning Vorux tumani bilan chegaradosh bo‘lgani bois bu shaharchada xavfsizlikka e‘tibor berilishi doim kuzatilgan holat bo‘lib hisoblanadi. Biroq, Ozodlikning Sho‘rsuvdagi manbasiga ko‘ra, chorshanba kunidan boshlangan xavfsizlik choralari oldingilaridan ko‘ra ancha kuchaytirilgan va jiddiy:

- To‘g‘ri, biz chegara zonasi bo‘lganimiz uchun ogohlik va hushyorlik choralariga ko‘nikib qolganmiz. Ammo odamlarning bir yerga to‘planmasligi haqidagi talab ilk marta bo‘lyapti. Bundan tashqari, shaharchaga ichi askarlar bilan to‘la KamAZlar kelishni boshladi. Blokpostlarda tekshiruv juda kuchaydi. Sho‘rsuv kichik bir poselka, nimadir o‘zgarsa hamma biladi, - deb ta‘kidladi Ozodlik manbasi.

Ozodlikning Farg‘ona vodiysidagi boshqa manbalari ham chegaradosh hududlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilganligini tasdiqlashdi. Masalan, Ozodlikning Respublika transport prokuraturasidagi manbasi Farg‘ona viloyatining Yaypan temir yo‘l bekatiga yaqin xududlarda harbiy texnika va askarlar kontsentratsiyasi haqida ma‘lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham Farg‘ona vodiysidagi harbiylarning jangovar holatga keltirilgani muhokama mavzusi bo‘ldi.

Odnoklasniki.Ru ijtimoiy tarmog‘ida Namangan viloyati uzra uchayotgan bir nechta harbiy tikuchar va uchoqlar muhokama qilinmoqda.

Toshkentda BTRlar

Oddiy toshkentliklar shaharda harakatlanayotgan zirhli mashina - BTRlarning suratlarini ijtimoiy tamoqlarga qo‘yishdi.

Toshkentning Qoraqamish massivida yashovchi iste‘fodagi harbiyning ismini aytmaslik sharti bilan Ozodlikka ma‘lum qilishicha¸ Chirchiqdagi tank poligonida doimiy turadigan harbiy mashinalar shu kunlarda Toshkentga keltirilgan.

Farg‘ona.Ru axborot agenligi chorshanba kuni o‘z manbalariga asoslangan holda Toshkentning Qibray tumanida joylashgan O‘zbekiston prezidentining “Do‘rmon” qarorgohi atrofi tanklar bilan qo‘riqlanayotganligi haqida yozdi va fotosuratlarni e‘lon qildi.

Ayni paytda bu ma‘lumotlarni rasman tasdiqlashning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligining matbuot bo‘limi xodimlari Ozodlik muxbiriga bu borada izoh bermadi.

Andijonda erkin harakatlanishga cheklov yo‘q

Ozodlikka Andijondan qo‘ng‘iroq qilgan tinglovchi Andijon shahrida soat 9 dan keyin ko‘chada yurgan odamlarni ushlab jarimaga tortishayotganligini aytdi.

Bu manba voyaga yetmagan o‘g‘lining militsiya tomonidan “kechqurun yurgani” uchun olib ketilganligi¸ 200 ming so‘m jarimaga tortilganini ham iddao qildi.

"O‘g‘limni bo‘limga olib ketgan uchastka noziri¸ Andijonda komendantlik soati¸ 9 dan keyin ko‘chada yurish mumkin emas"¸ debdi. Qanaqa komendantlik soati¸ qachon bunaqa bo‘ldi¸ bu haqda gap yo‘q. Bunaqa taqiq hammagami¸ yoki faqat voyaga yetmaganlargami? dedi Andijon shahridan Ozodlikka bog‘langan manba.

Ozodlikning Andijon viloyat huquq tartibot organlaridagi manbasi bu iddaoni rad qilib¸ “Andijon shahri va viloyatida kechqurun soat 12 dan keyin ham bemalol yurish mumkin. Hali hech kim shaharda erkin harakatlanishni cheklamadi” deb ta‘kidladi.

"Agar kimdir "komendantlik soati" iddaosi bilan odamlarni jarimaga tortgan bo‘lsa¸ ular oddiy tovlamachilar¸ xolos"¸ dedi huquq posbonlaridan biri.

XS
SM
MD
LG