Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:21

Qoraqalpog‘istonni O‘zbekistondan ayirmoqchi bo‘lgan shaxs xalqaro qidiruvga berildi


Orol dengizining qurishi¸ Qoraqalpog‘istonni yer kurrasidagi ekologik falokat zonalaridan biriga aylantirdi va bu vaziyat ham ayirmachilarning turli iddaolariga asos bo‘lmoqda.
Orol dengizining qurishi¸ Qoraqalpog‘istonni yer kurrasidagi ekologik falokat zonalaridan biriga aylantirdi va bu vaziyat ham ayirmachilarning turli iddaolariga asos bo‘lmoqda.

O‘zbekiston huquq tizimlari o‘zini Qoraqalpog‘iston mustaqilligi uchun kurash olib borayotgan “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” harakati rahbari lideri deb e‘lon qilgan Omon Sagidullayevni qo‘lga olish bo‘yicha ham respublika¸ ham xalqaro miqyosda qidiruv e‘lon qildi. Prokuratura tomonidan davlatga qarashli 2 milliard so‘mni noqonuniy o‘zlashtirganlikda ayblanib¸ jinoyat ishi ochilgan Sagidullayev¸ yarim rasmiy 12news.uz saytiga ko‘ra¸ jazodan qochib¸ xorijda yashirinishga muvaffaq bo‘lgan.

Mazkur Internet nashrining huquq tizimlaridagi o‘z manbasiga tayanib xabar qilishicha¸ qishloq xo‘jalik texnikasi lizingi bilan shug‘ullanib kelgan “Agrointexnika” hissadorlik jamiyati raisi sifatida Omon Sagidullayev¸ davlatga yetkizgan katta miqdordagi ziyonni qoplatish maqsadida qidiruvga berilgan.

Ayni paytda¸ bu manba¸ qidiruvga berilgan Sagidullayevning “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” nomi ostida muxtor respublikani O‘zbekistondan ajratish iddaosi bilan chiqqan harakat rahbari ekanini ham ta‘kidlagan¸ ammo buni tasdiqlovchi aniq fakt va ma‘lumotlarni ochiqlamagan.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ Nukus tumanining sobiq hokimi¸ 47 yashar Omonboy Sagidullayev O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)¸ 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste‘mol qilish) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bo‘yicha ayblanib¸ unga qarshi jinoyat ishi ochilganidan so‘ng¸ 2011 yilda O‘zbekistondan qochib ketgan.

Rossiya Ukraina hududi bo‘lgan Qrim yarim orolini anneksiya qilishi bilan ketma-ket¸ Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” deb atagan ayirmachi guruh paydo bo‘ldi va Qoraqalpog‘istonning O‘zbekistondan ajrab chiqishi haqida turli bayonotlar tarqata boshladi; xalqaro tashkilotlarga qoraqalpoq xalqining Toshkent zulmi ostida ezilayotgani haqidagi murojaatlar yo‘lladi.

Aprelь oyida¸ ayrim norasmiy manbalar¸ Qo‘ng‘irot tumanida ayirmachilik talabi bilan yozilgan varaqalar tarqatilgani va o‘zbek maxsus xizmatlari bu urinishlarni zudlik bilan bostirishga kirishganiga oid iddaolar paydo bo‘ldi. Ayrim manbalarga ko‘ra¸ ushbu kampaniya doirasida Omon Sagidullayevning Nukusdagi besh inisi hibsga olingan. Ozodlik hozircha bu xabarlarni tasdiqlovchi aniq ma‘lumotga ega emas.

Rus tilidagi ijtimoiy tarmoqlarda Roman Mamitov va Marip Kungradskiy taxallusi bilan aynan aprelь oyidan boshlab faollashgan “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” ayirmachi guruhi yetakchilari¸ muxtor respublikaning Karimov rejimi asoratida qolganini iddao qilib chiqdi. Ayirmachilar¸ Qoraqalpog‘istonni O‘zbekistondan ajratib¸ uni Qozog‘iston¸ yoxud Rossiya tarkibiga qo‘shish rejasida ekanini yoyinladilar.

“Taraqqiyotning o‘zbekcha modeli Qoraqalpog‘istonni falokat yoqasiga olib kelganini ta‘kidlagan “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” ayirmachi guruhi lideri¸ muxtor hududning O‘zbekistondan ajrab chiqishi¸ uning demokratik rivojlanish yo‘liga kirishi uchun asosiy shart ekanini iddao qiladi.

Kuni-kecha Internetda o‘zbek maxsus xizmatlari uslubida yozilgan ayrim maqolalarda¸ har ikkala taxallus ostida tarqatilgan yozuvlar muallifi aynan Omon Sagidullayev ekani da‘vo qilindi.

Asli qoraqalpog‘istonlik imom Muhammadsolih Obutov esa¸ bugun siyosiy-iqtisodiy¸ ijtimoiy va ekologik muammolardan aziyat chekayotgan faqat qoraqalpoqlar emas¸ balki aksar O‘zbekiston xalqi ekanini ta‘kidlaydi:

- Qoraqalpog‘istonning asosan qoraqalpoqlar zich yashaydigan Nukus va Qo‘ng‘irot kabi hududlaridan chiqqan bu yigitlar¸ muammoga milliy tus berishga urinmoqdalar. Ammo bugun Karimov zulmidan faqat qoraqalpoq emas¸ balki o‘zbeklar ham birdek aziyat chekmoqda. Karimov rejimi¸ millatidan qat‘iy nazar¸ xoh shaxsiy¸ xoh ommaviy tarzda bo‘lsin¸ hammaga zulm qilmoqda. “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” harakatiga qo‘shilgan yigitlar bu zulmga milliy tus berishga urinmoqdalar. Men qoraqalpog‘istonlik sifatida bu hududda bir odamning millati qoraqalpoq bo‘lgani uchun o‘zbeklar tarafidan qiynalganiga oid iddaolarni mutlaq rad etaman. Qiynalayotgan bo‘lsa¸ o‘zbek ham¸ qoraqalpoq ham birdek qiynalmoqda. Shu bois¸ men bu yigitlarni Karimov rejimi zulmiga milliy-siyosiy tus berishning ikki qardosh xalq orasiga sun‘iy nizo solib¸ begunoh qonlar to‘kilishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantiraman¸ deydi uzoq Toshkent rejimi tazyiqlaridan qochib¸ hozirda Shvetsiyadan boshpana topgan qoraqalpg‘istonlik imom Muhammadsolih Obutov.

Ayni mavzu yuzasidan Ozodlik suhbatlashgan ayrim mustaqil tahlilchilar¸ Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi bilan ketma-ket Internetda paydo bo‘lgan "Olg‘a Qoraqalpog‘iston" ayirmachilari ortida¸ hokimiyat almashinuvi pallasiga kirgan O‘zbekistondagi vaziyatni manipulyatsiya qilishga urinayotgan tashqi kuchlar¸ birinchi galda esa¸ Rossiya maxsus xizmatlari turgan bo‘lishi ehtimolini alohida ta‘kidladilar.

XS
SM
MD
LG