Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:17

JCh-2014: Fransiya eski "yarasini" unutgani yo‘q


Fransiya jamoasi Nigeriya bilan Jahon chempionati doirasida 2014 yilning 1 iyulida maydonga tushgan edi.
Fransiya jamoasi Nigeriya bilan Jahon chempionati doirasida 2014 yilning 1 iyulida maydonga tushgan edi.

Chorak final bellashuvi oldidan Fransiya ommaviy axborot vositalari terma jamoaning 1982 yilgi mag‘lubiyatini eslab, "o‘sha yara haligacha tuzalmagani" haqida yozmoqda. Fransiya o‘shanda Germaniya Federativ Respublikasi jamoasiga og‘ir vaziyatda g‘alabani boy bergan edi.

Chorak final bellashuvi oldidan Fransiya ommaviy axborot vositalari terma jamoaning 1982 yilgi mag‘lubiyatini eslab, "o‘sha yara haligacha tuzalmagani" haqida yozmoqda. Fransiya o‘shanda Germaniya Federativ Respublikasi jamoasiga og‘ir vaziyatda g‘alabani boy bergan edi.Ispaniyadagi dunyo birinchiligidan beri 32 yil va 7 Jahon chempionati o‘tdi. Biroq negadir 1982 yilning 8 iyulida Sevilyada o‘tgan yarim final o‘yini futbol veteranlari va muxlislari xotirasidan haligacha o‘chgani yo‘q. O‘shanda 3-3 hisobi bilan yakunlangan matchdan so‘ng penaltilar seriyasida frantsuzlarning finalga chiqish orzusi barbod bo‘lgan edi.

Germaniya esa chempionlik uchun kurashni davom ettirib, final o‘yinida Italiyaga mag‘lub bo‘lgandi.

Futbolchilarning yuqori mahorati, maydonda haqiqiy dramatik vaziyat yuzaga kelgani bilan esda qolgan o‘sha o‘yinda og‘ir jarohat olgan frantsuz futbolchisiga nemislar darvozaboni ataylab qo‘pollik qilgani haqidagi talash-tortishlarga hozirgacha nuqta qo‘yilgani yo‘q.

To‘pni ushlayman deb darvozadan otilib chiqqan Xarald Shumaxer to‘pni tepishga ulgurgan raqib hujumchisi Patrik Battistonni qo‘pol tarzda yerga yiqitgan edi. Ushbu to‘qnashuv natijasida Battistonning miyasi chayqalib, ikki tishi tushgan va umurtqa pog‘onasi jarohatlangan edi. Raqib hujumchisining maydonda harakatsiz yotganiga qaramay, Shumaxer to‘pni o‘yinga kiritmoqchi bo‘lgani ko‘pchilikning e‘tiroziga sabab bo‘lgan. O‘yinni boshqargan referi esa vaziyatga to‘g‘ri baho bermay, Germaniya darvozaboniga hech qanday ogohlantirish qilmagan edi.

Bunday adolatsizlikka guvoh bo‘lgan stadiondagi ispaniyalik muxlislar Fransiya jamoasiga yon bosa boshlagan.

O‘yinning asosiy vaqti 1-1 hisobida yakunlangach, qo‘shimcha ikki taymda taniqli futbolchi Mishel Platini jamoasi 2 ta gol kiritib, hisobni 3-1ga yetkizgan. Biroq Germaniya jamoasi g‘alabani osonlikcha berib qo‘ymasligini namoyish etib, hisobni tenglashtirgan edi.

Penalьtilar seriyasida Fransiya raqib darvozasini bir marta aniq nishonga ololmagan edi.

Platini keyinchalik "o‘sha o‘yinni ko‘rmaganlar dunyo chempionati nima ekanini bilmaydilar", deb aytgan.

"Figaro" gazetasi esa ancha vaqt Fransiyada Xarald ismini Gitlerdan-da yomon ko‘rilgani haqida yozgan.

Fransuzlar 32 yil oldin bo‘lgan mag‘lubiyat alamini esdan chiqara olmay turgan bir vaqtda, Germaniyaning taniqli darvozaboni Oliver Kan ZDF kanaliga: "Fransiya unchalik yaxshi komanda emas", - deb fikr bildirdi.

"Nigeriya bilan o‘tgan o‘yinda ko‘rganimizdek, maydon o‘rtasidan bosim boshlasa, Benzemani topolmay qolishar ekan. Himoyasi ham nochor", - dedi Bundesliganing besh karra eng yaxshi darvozaboni.

Futbol tahlilchilari ayni damda "Real Madrid" klubi va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Karim Benzemani Germaniya to‘purari Tomas Myuller bilan solishtirib, chorak final uchrashuvida ikkovlonning gol urish imkoniyatlarini teng baholamoqda. Hozircha Myuller hisobida 4 gol bo‘lsa, Benzema 3 golga mualliflik qilgan.

Murabbiylar haqida gap ochadigan bo‘lsak, Yoaxim Lyov Germaniya terma jamoasini so‘nggi 8 yildan beri boshqarib keladi. Didye Desham bo‘lsa o‘zi 1998 yili dunyo chempioni bo‘lgan.

O‘yin munosabati bilan Fransiya prezidenti Fransua Olland ikki o‘lkaning do‘stlik kechasini uyushtirmoqda.

Germaniya-Fransiya o‘yini g‘olibining yarim finaldagi raqibi o‘sha kunning o‘zidayoq o‘tadigan Braziliya va Kolumbiya jamoalari o‘rtasidagi chorak final o‘yinida aniqlanadi. Bukmekerlik shirkatlar ushbu uchrashuvda mezbonlar imkoniyatini yuqoriroq baholashmoqda.

2 iyulda Kolumbiyaning dunyo birinchiligi bilan bog‘liq yana bir fojiasiga 20 yil to‘ldi. 1994 yilgi Jahon chempionatida AQShga qarshi o‘tgan o‘yinda o‘z darvozasiga gol kiritib qo‘ygan Andres Eskobarni uyiga qaytganidan so‘ng otib ketishgan edi.

Ta‘kidlash joiz, chorak finalga chiqish bahslarida o‘ziga xos rekord o‘rnatildi - 5 o‘yinda g‘olib qo‘shimcha vaqtda aniqlandi, ikki o‘ynida penaltilar seriyasiga guvoh bo‘ldik.

Eslatamiz, Braziliyada o‘tayotgan Jahon chempionatining chorak final bosqichiga Fransiya, Germaniya, Braziliya, Kolumbiya, Argentina, Belgiya, Gollandiya va Kosta-Rika jamoalari chiqqan. Chorak final o‘yinlari 4 iyul kuni boshlanadi. Shu kuni Fransiya Germaniyaga qarshi, Braziliya esa Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. 5 iyulda Argentina Belьgiya bilan, Gollandiya esa Kosta-Rika bilan bellashadi.

Salvador shahridagi Fonte-Nova stadionida o‘tadigan Gollandiya–Kosta-Rika chorak final o‘yiniga o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov hakamlik qiladi.

Mazkur o‘yin so‘nggi ikki Jahon chempionatida Ravshan Ermatov boshqaruvidagi jami 9-uchrashuvdir. Bungacha hali hech bir hakamga mundialning final bosqichlarida 9 ta o‘yinni boshqarish nasib qilmagan.

XS
SM
MD
LG