Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:25

Ro‘zador futbolchilar mahorati JCh-2014 o‘yinlaridan unutilmas xotira bo‘ldi


Bu yil Jahon chempionati 1986 yildan buyon ilk bor Ramazon oyiga to‘g‘ri keldi va xalqaro matbuotda musulmon o‘yinchilar ro‘za tutsa, bu o‘yin sifatiga qanday ta‘sir qiladi, degan savol avvaliga qizg‘in muhokama bo‘ldi. Jazoirlik futbolchilarning mahoratli o‘yinidan so‘ng esa xavotirlar xovuri bosilib, jamoatchilik diqqati ro‘zador futbolchidagi kuch-quvvati sinoatlariga ko‘chdi.

Taqvodor futbolchilar matbuot diqqatida:

Bu yil Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgan Jahon chempionatida ishtirok etayotgan o‘nlab futbolchilar Braziliyaning o‘ta issiq iqlimida 13-13,5 soatlik ro‘za og‘iz bilan maydonga tushdilar.

Shaxsiy daxlsizlik mavzui bo‘lgani bois, bunday futbolchilar nomi FIFA yohud jamoalar tomonidan rasman e‘lon qilingani yo‘q. Ammo, bu masala o‘yin sifatiga bevosita daxldor bo‘lgani bois matbuotda ko‘tarildi va ba‘zi futbolchilar savollarga javob berdi.

Fransiya jamoasidan Bakari Sanya
Fransiya jamoasidan Bakari Sanya

Jumladan, Germaniya terma jamoasidagi o‘yinchi Mesut O‘zil, Shveytsariya jamoasidan Jerdan Shakiriy, Granit Jaka va Valon Behramiylar sog‘ligiga zarar yetishi mumkinligi vajidan chempionat davomida ro‘za tutmasligini ma‘lum qildi.

Lekin ibodati va taqvosi bilan boshqalardan ajralgan yana ba‘zi musulmon futbolchilar: Fransiya jamoasidan Bakari Sanya, Mamadu Sako va Musa Sisoko, Germaniya termasidan Sami Xedira, Belgiya jamoasidan Musa Dembele, Maruan Fellayni va Adnan Yanuzaylar bu haqdagi qarorini ochiqlamaslikni maqul topdilar.

Belgiya jamoasidan Adnan Yanuzay
Belgiya jamoasidan Adnan Yanuzay

Faqatgina musulmon Jazoir terma jamoasi murabbiysi hamda futbolchilari bu haqidagi savollarga javob berishga majbur qoldilar.

Boisi, Jahon chempionati arafasida Jazoir matbuoti terma jamoa murabbiysi o‘yinchilarni ro‘za tutishdan qaytarayotgani haqidagi tanqidiy maqolalarni chop etgach, terma jamoa vakillari matbuot anjumani o‘tkazdi.

Jazoir jamoasining bosniyalik murabbiysi Voxid Halilhojich buni “shaxsiy masala va bu haqda futbolchilarni so‘roqlash ularga nisbatan hurmatsizlik hamda ahloq-odobga zid narsa”, deb bilishini aytgan.

Fransiya jamoasidan Karim Benzema
Fransiya jamoasidan Karim Benzema

Men birinchi marta musulmon o‘yinchilar jamoasi murabbiylik qilayotganim yo‘q. Men o‘zim ham musulmonman. Men har doim bu masalada o‘yinchilarni o‘z ixtiyoriga qo‘yib berganman. Chunki, bu shaxsiy masala – har qanday qaror shaxsiy fikr erkinligi asosida qabul qilinishi lozim”, dedi Braziliyada mikrofon tutgan jurnalistlarga javoban Halilhojich.

Jamoa o‘yinchisi Nabil Bintolib jamoa o‘yichilari bir ovozdan ro‘za tutish yoki tutmaslik qarorini ochiqlamaslikka kelishganini aytdi.

Fransiya jamoasidan Mamadu Sako
Fransiya jamoasidan Mamadu Sako

Jamoa sardori Majid Bugerra esa o‘z javobini aniqlashtirib: “Men jismoniy ahvolimga qarayman, albatta. Lekin, fikrimcha ro‘za tutaman”, deb javob berdi.

Biroq, jazoirlik o‘yinchilar ochiq bayonot bermasalar-da, tomoshabinlar o‘yin davomida Jazoir futbolchilari biror marta suv ichmaganini aniq payqadilar.

Professional futbolchilarga berilgan fatvo:

Ro‘za tutish yoki tutmasligi haqida eng ochiq gapirgan futbolchi – Germaniya termasidagi turk millatiga mansub Mesut O‘zil ulamolar bilan maslahatlashib ro‘za tutmaslikka qaror qilganini aytdi:

Germaniya jamoasidan Mesut O‘zil
Germaniya jamoasidan Mesut O‘zil

Men ro‘za tutolmayman, chunki bu yerda ish bilan bandman. Hozir yetarlicha suyuqlik ichmasak va ovqat yemasak, sog‘ligimizga jiddiyon zarar yetadi. Bu ham Qur‘onga ziddir», deydi Germaniyada ommaviy sport nashri bo‘lgan kickerOnline savollariga javob bergan Mesut.

Darvoqe, Braziliya musulmonlari uyushmasining vitse-prezidenti Ali Zog‘biy ham bu borada jamoatchilikda paydo bo‘lgan savollarga televideniye orqali javob berarkan:

Agar og‘ir jismoniy mashqlar qilayotganingizda yemasangiz, ichmasangiz sog‘ligingizga faqat ziyon yetkazasiz va bu allaqachon isbotlangan ham. Shuning uchun, musulmon futbolchilarga ma‘lum muddat ro‘za tutmaslikka ruxsat berishga yetarli asoslar bor”, deydi.

Fransiya jamoasidan Musa Sissoko
Fransiya jamoasidan Musa Sissoko

Yillar davomida turli darajalar va mintaqalarda bo‘ladigan sport o‘yinlarining Ramazon oyiga to‘g‘ri kelib qolishi uchrab turadi.

Shu bois, Yevropa davlatlaridagi ulamolar va Qohiradagi Al-Azhar universiteti ulamolari ham, agar Ramazon oyi u yoki bu chempionatga to‘g‘ri kelib qolsa va uzoqroq muddatga safar qilinsa, professional futbolchiga qarzini keyin tutib berish sharti bilan ro‘za tutmaslikka ruxsat berishgan.

Xususan, 2011 yilda futbol bo‘yicha 20 yoshga to‘lmaganlar o‘rtasida Buyuk Britaniyada o‘tgan chempionat ham Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgan, o‘shanda taqvosi bilan yaxshigina tanilgan nigeriyalik o‘smirlar jamoasi chempionatdan so‘ng ibodatini ado etish sharti bilan ro‘za tutmagani matbuotda tilga olingan edi.

Ro‘zador futbolchilar "mo‘jizasi" ilmiy tadqiqi natijasi:

Futbol – eng ko‘p jismoniy harakat talab qiladigan va tanadagi suv muttasil ravishda sarflanadigan sport turidir.

​Shu bois, katta-kichik chempionatlarda havo harorati 30 darajaga yetganda, har 30 daqiqada o‘yinni to‘xtatib, futbolchilarga suv ichishga imkon beriladi.

Bu yil Jahon chempionatida ilk bor olamshumul o‘yin ko‘rsatgan Jazoir terma jamoasi o‘yinchilar ro‘zador holida dunyoning kuchli komandalaridan biri bo‘lgan Germaniyaga qarshi professional o‘yin ko‘rsatdi.

FIFA chempionatlari doirasida musulmon davlatlarda ishlagan aksar tibbiyot xodimlari hamda fiziologlar 27 - 28 daraja issiqda ro‘zador futbolchilar bu muvaffaqiyatga erishishini “chiniqqan musulmon futbolchilarning ustunligi” deya izohlamoqda.

Zero, shu vaqtga qadar bu hodisa ko‘p bor ilmiy tadqiq etilgan.

Shveysariya jamoasidan Jerdan Shakiriy
Shveysariya jamoasidan Jerdan Shakiriy

Jumladan, AQShdagi Biotexnologik tadqiqotlar milliy markazi 2011 yilda yosh professional futbolchilardan 16 nafarini ixtiyoriy ravishda jalb qilib, Ramazon paytida sportchi tanasidagi jismoniy o‘zgarishni aniqlashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazgan edi.

Natijada kelingan xulosaga ko‘ra, agar ro‘za tutgan futbolchi jismoniy nagruzkani saharlik va iftorlikdan keyingi paytga to‘g‘ri taqsim qilsa, og‘zi ochiq paytida yetarli darajada suv ichsa va to‘g‘ri ovqatlansa, bu uning jismoniy holati va o‘yini sifatiga jiddiy ta‘sir qilmasligi ayon bo‘lgan.

Belgiya jamoasidan Musa Dembele
Belgiya jamoasidan Musa Dembele

Shu bois, saharlikdan iftorlikkacha bo‘lgan vaqt 13—13 yarim soatga to‘g‘ri kelayotgan Braziliyadagi bu yilgi chempionat ro‘zador futbolchilarga biroz yordam bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

Musulmon davlatlarda ro‘zador futbolchilar mashg‘uloti:

Braziliyalik fiziolog, FIFA o‘yinlarining aksariyatida sportchilarga ko‘maklashgan shifokor Turbio Leyte arab davlatlarida qo‘llaniladigan amaliyotni tilga oladi.

U Birlashgan Arab amirliklarida uzoq yillar ishlaganini qo‘shimcha qilarkan: “Biz u yerda ishlayotgan vaqtimizda sportchilarni yemak-ichmaksiz shug‘ullanishga majburlamasdik va mashg‘ulotlarni kechasi o‘tkazardik”, deya xotirlaydi.

Taqvodor o‘zbekistonlik futbolchilar haqida:

Tabiiyki, o‘zbekistonlik futbolchilar orasida ham ro‘za tutayotganlari bormikin, degan haqli savol tug‘iladi.

O‘zbekistolik bir necha sport jurnalistining bu savolga javobi o‘ta umumiy va o‘ta bir-biriga yaqin bo‘ldi: "Namozxon, ibodatli o‘zbekistonlik futbolchilar bor, lekin aynan falonchi yoki pistonchi, deb ismini ayta olmayman".

O‘zbekistonda din va ibodatga taqiq kuchli bo‘lgan bir sharoitda bu savolga aniq javob berilmagani sabablarini tushunish mumkinday ko‘rinadi.

Ammo, ko‘pgina mahoratli futibolchilar bilan muloqotda bo‘lgan, o‘zbek va dunyo futbolini muttasiz kuzatib boradigan hamda bu borada Ozodlik eshittirishlarida ishtirok etib keladigan Bobur bir futbolchining nomini tilga oldi.

Quyida uning fikrlari va ayni mavzudagi eshittirishni to‘liq tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:37 0:00
Бевосита линк

Braziliyada ro‘zadorning og‘zi 13-13 yarimga yopiq

Shu kunlarda Braziliyada ro‘za og‘iz bilan 13 soat yurish kerak. Ertalab soat 5 yarimda og‘iz yopiladi, oqshom 5:50 larda og‘iz ochiladi.

Havo harorati kunduzi 27-28 daraja issiq va bu esa O‘zbekistondagi haroratdan 15-20 daraja past. Ammo, havoning namligi Toshkentdagi 13 foiz bo‘lsa, Braziliyada 75 foiz.

Bunday issiq va dim ob-havo sharoitida 1 yarim – 2 soat maydonda yugurmaydigan odamga ham ro‘za tutish yengil ish emas.

Shunday issiqda ro‘za tutganini oshkor qilmay, Islom dinidagi asosiy 5 farzdan birini bajargan o‘yinchilar 2014 yilgi Jahon chempionatidan musulmon ishqibozlar uchun unutilmas xotira qoldirdi.

P.S: Jazoirlik futbolchilar esa muhtasham g‘alaba bilan yurtiga qaytgach, "bizdan ko‘ra, ularning pulga ehtiyoji kattaroq", deya chempionatdan olgan mukofot pulini falastinliklarga ehson qildi...

XS
SM
MD
LG