Линклар

logo-print

JCh-2014: O‘zbekistonlik hakam Ermatov 20 yillik rekordni urdi


O‘zbekistonlik referi Ravshan Ermatov 15 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Shveysariya-Ekvador o‘yiniga ham hakamlik qilgan paytdan lavha.

O‘zbekistonlik referi Ravshan Ermatov 15 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Shveysariya-Ekvador o‘yiniga ham hakamlik qilgan paytdan lavha.

O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov jahon chempionatida to‘qqizta o‘yinni boshqarib rekord o‘rnatdi. Bunga qadar uch nafar hakam jahon chempionatida sakkiztadan o‘yinni boshqarib rekord o‘rnatgandi.

O‘zbekistonlik 36 yoshli futbol hakami Ravshan Ermatov Braziliyada o‘tayotgan Jahon chempionati chorak finalida 5 iyul kuni Hollandiya–Kosta-Rika uchrashuvini boshqardi. O‘yin qo‘shimcha vaqtdan keyin penaltida to‘p tepish bo‘yicha Hollandiya jamoasi foydasiga hal bo‘ldi.

Bu bilan Ermatov jahon chempionatining final bosqichida to‘qqizta o‘yinni boshqargan yagona hakam bo‘ldi.

Shu kungacha jahon chempionati o‘yinlarida rekord frantsiyalik Joel Kinyo, urugvaylik Jorj Larrionda va meksikalik Benito Archundiaga tegishli bo‘lib, ularning har biri referilik karyerasi davomida sakkiztadan o‘yinni boshqargan.

Frantsiyalik Joel Kinyo 1994 yildan beri jahon chempionati o‘yinlarida sakkizta o‘yinni boshqargan yagona futbol hakami edi. 2010 yilda uning safiga Jorj Larrionda va Benito Archundia qo‘shildi.

Braziliyada o‘tayotgan jahon chempionatida Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi 5 iyulga qadar jami to‘rtta o‘yinni, Shveysariya-Ekvador, Xorvatiya-Meksika, AQSh-Germaniya hamda Hollandiya–Kosta-Rika jamoalari o‘yinlarini boshqardi.

Ravshan Ermatov 2003 yildan beri FIFA referisi bo‘lib, xalqaro o‘yinlarni boshqarib kelmoqda.

2010 yilda Janubiy Afrika Respublikasida o‘tkazilgan jahon chempionati o‘yinlarida birinchi marta hakamlik qilgan Ermatov chempionat davomida beshta o‘yinni, jumladan, yarim finalda Gollandiya-Urugvay terma jamoalari o‘yinini boshqargan.

O‘sha paytda 32 yoshda bo‘lgan Ermatov, ayni paytda, jahon chempionati o‘yinlarini boshqargan eng yosh referi bo‘lgandi.

16 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston yoshlar futbol terma jamoasini 2012 yilda Osiyo chempioni qilgan murabbiy, hozirda Paxtakor-2 jamoasi rahbari va Paxtakor futbol akademiyasi direktori Dilshod Nuraliyev Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik barcha ishqibozlar, futbolchilar va murabbiylar Ravshan Ermatov erishgan yutuqdan juda hursand ekanlarini aytadi.

Dilshod Nuraliyev barcha o‘yinlarni muvaffaqiyatli o‘tkazgan Ravshan Ermatovga Braziliyadagi jahon chempionatining final o‘yini ham ishonib topshirishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmadi.

Ravshan Ermatov o‘zbekistonlik Abduhamidullo Rasulov va qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorov bilan birga jahon, Osiyo, Olimpiada va boshqa xalqaro musobaqalarda hakamlik qilib kelmoqda.

2011 yilda FIFA Ravshan Ermatovni “yilning eng yaxshi hakami” deb e‘lon qilgan.

Ermatov Osiyo Futbol konfederatsiyasi tomonida to‘rt marta “eng yaxshi hakam” deb elon qilingan yagona hakamdir.

XS
SM
MD
LG