Линклар

Ruslan Chagayev Rossiya bayrog‘i ostida g‘alaba qildi


Ruslan Chagayev rossiyalik Aleksandr Povetkinga qarshi jangda. 29 avgust 2011 yil.

Ruslan Chagayev rossiyalik Aleksandr Povetkinga qarshi jangda. 29 avgust 2011 yil.

O‘zbekistonlik bokschi Ruslan Chagayev Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA) yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida “muntazam” jahon chempioni unvoni uchun o‘tkazilgan jangda puerto-rikolik Fres Okendoni mag‘lubiyatga uchratdi.

6 iyul kuni Grozniydagi “Ahmad-Arena” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan 12 raundli jangda Chagayev ochkolar (114-114, 115-113 va 115-113) hisobidan g‘alabaga erishdi.

Professional ringda 36 ta jang o‘tkazgan Ruslan Chagayev ulardan 33 tasida g‘alaba qozongan, bir marta durang natijaga erishgan va ikki marta mag‘lub bo‘lgan. Uning 45 ta jang o‘tkazgan raqibi Okendo esa 37 ta jangda g‘olib, 8 ta jangda mag‘lub bo‘lgan.

O‘zbekistonning Andijon shahrida tug‘ilgan Ruslan Chagayev 2007 yilda "rossiyalik dev" laqabli Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgan va o‘shanda O‘zbekistonda chempionni millionlab ishqibozlari olqishlar bilan kutib olgan edi. Biroq 2010 yilda ukrainalik Vladimir Klichko bilan jangda mag‘lubiyatga uchragan Chagayev eng og‘ir vazn toifasidagi chempionlik kamarini boy berib qo‘ygandi.

WBA yo‘nalishi bo‘yicha “muntazam” jahon chempioni kamari o‘tgan yili rossiyalik sportchi Aleksandr Povetkin ukrainalik bokschi Vladimir Klichkodan kaltak yeb, mag‘lub bo‘lganidan keyin sohibsiz qolgandi.

Jahon boks assotsiatsiyasi mazkur kamar uchun jang eng og‘ir vazndagi bokschilar reytingida 3-o‘rinda turgan Ruslan Chagayev va 4-o‘rinda turgan Fres Okendo o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kerakligiga qaror qilgan.

Chagayev-Okendo jangi dastlab shu yilning 7 iyuniga belgilangan, biroq ayrim sabablarga ko‘ra bir oyga kechiktirilgandi.

Jangdan bir necha kun avval amerikalik bokschi Okendo Checheniston poytaxtiga belgilangan muddatda kelmagani uchun o‘tmay qolish ehtimoli tug‘ilgan, hatto 3 va 4 iyulga belgilangan matbuot anjumani va ochiq mashq bekor qilingan. Shundan so‘ng tashkilotchilar Okendoni boshqa bokschi bilan almashtirish haqida bosh qotira boshlagandilar. Biroq amerikalik bokschi shanbaga o‘tar kechasi Grozniyga yetib keldi. Keyinroq jang tashkilotchilari Okendoning kechikishi sababini uning oilasida farzand tug‘ilgani bilan izohladilar.

35 yoshli Ruslan Chagayev o‘tgan yildan buyon boks janglarida Chechenistondagi Ahmad hoji Qodirov nomli boks klubini tamsil etib kelmoqda.

Chagayev chempionlik kamarini qo‘lga kiritsa, ukrainalik Vladimir Klichkoga qarshi ringga tushish rejasi borligini aytgan.

XS
SM
MD
LG