Линклар

Rossiyaparast qurolli guruhlar Ukraina sharqidagi Slavyansk shahridan chekinishiga majbur bo‘ldi. Ukraina matbuotiga ko‘ra, Slavyanskda bir qator hukumat binolarini egallab turgan jangarilar shanba kuni ertalab g‘oyib bo‘lishgan. Ular Kramatorskka ko‘chib o‘tishgani xabar qilinmoqda.

Rossiyaparast ayirmachi jangarilar Slavyansk shahrini tark etishi ortidan Ukrina prezidenti Petro Poroshenko mamlakat sharqidagi ushbu shahar kengashi binosiga ukrain bayrog‘ini tikishni buyurdi.

Ko‘p o‘tmay Ukraina mudofaa vaziri Valeriy Geletey Slavyansk shahar kengashi binosi uzra ukrain bayrog‘i ko‘tarilgani haqda ma‘lum qildi.

Guvohlarga ko‘ra, shanbaga o‘tar kechasi rossiyaparast qurollilar bir qancha BTR, harbiy yuk mashinalarida Slavyanskdan chiqib ketganlar. Bu xabarni Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov ham tasdiqladi.

Janob Avakov Facebook sahifasida rossiyaparast jangarilarning aksar qismi Slavyanskdan qochgani haqida yozdi. Avakov Slavyansk shahridan chiqib ketishga uringan bir guruh jangarilar Ukraina qurolli kuchlarining raketa hujumiga uchragani haqida yozdi.

-Terrorchilar tor-mor etilmoqda, ular tum-taraqay qochmoqda, ko‘pchiligi asirga olindi, - deb yozdi Avakov.

Avvalroq Ukraina mudofaa vaziri Valeriy Geletey Slavyansk bo‘sag‘asidagi Nikolayevka posyolkasi ishg‘olchilardan ozod etilganini ma‘lum qilgandi.

Harbiy amaliyot payti ayrimlari Rossiya fuqarolari bo‘lgan ellikdan ziyod jangari asir olingan. Bir necha kun davomida garovda ushlab turilgan 150 ayol va yosh bola ozod qilingan.

Ukrainaning Donetsk viloyatidagi 120 ming aholi yashovchi Slavyansk shahri rossiyaparast ayirmachilarning asosiy qo‘rg‘oni bo‘lib qolayotgan edi. Rossiyaparast qurollilar bu shaharni 6 aprelь kuni ishg‘ol etgan va o‘shandan buyon nazorat qilib turishgandi.

Janggarilarning Slavyanskdan chiqib ketishi Kiyev hukumatining ayirmachilarga qarshi uch oydan buyon davom ettirayotgan harbiy amaliyotidagi muvaffaqiyatli burilish sifatida ko‘rilmoqda.

XS
SM
MD
LG