Линклар

Qirg‘iziston va Rossiya Qahramoni Solijon Sharipov ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda shimoliy qutbga bayroq tikish masalasiga oydinlik kiritdi. Ozodlik bilan suhbatda kosmonavt “Nima uchun Shimoliy qutbda u faqat O‘zbekiston bayrog‘inigina tikdi?” qabilida berilayotgan savollarga Arktikaga Qirg‘iziston bayrog‘ini ham olib chiqqani, faqat uni tikmagani sabablarini tushuntirdi.

O‘tgan haftada Ozodlik bilan suhbatda kosmonavt Solijon Sharipov Yer kurrasining shimoliy qutbiga bir nechta bayroq, jumladan, O‘zbekiston bayrog‘ini tikkani to‘g‘risida gapirib bergan edi.

- U yerda nafaqat O‘zbekiston bayrog‘i, balki Rossiya Qurolli Kuchlarining qo‘shin turlari bayroqlari ham o‘rnatildi. Shuningdek, muftiyat, MChS bayroqlarini olib bordim. O‘zbekiston va muftiyat bayrog‘i – o‘zimning shaxsiy tashabbusim edi,- degan edi Solijon Sharipov.

Ayni paytda, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda avj olgan bahsu munozaralar ishtirokchilarini bir savol qiziqtirmoqda: nima sababdan asli qirg‘izistonlik ilk o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov Qirg‘iziston bayrog‘ini ko‘tarmadi?

Ozodlikning bu masalada qilgan murojaatiga Solijon Sharipov Arktikaga Qirg‘iziston bayrog‘ini ham olib borganini aytadi.

- Birinchidan, men Qirg‘iziston elchixonasiga “Bayroq beringlar, olib chiqaman” desam, berishmadi. O‘zim bilan bayroqni olib borgan edim. Men ular bayroqni bersa, rasman uni tikaman, degan fikrda edim. Demak buning hech kimga qizig‘i yo‘q ekan, hech kim so‘ramayapti ham. “Yo‘q bittayam, o‘zimizda bitta bayroq bor”, deyishdi. Vaholanki bir hafta oldin aytilgan. Ikkinchidan, men “El Botiri” – Qirg‘iziston Qahramoni unvoniga ega odamman, buning o‘zi ramziy ma‘noga, ya‘ni “Qirg‘iziston El Botiri shimoliy qutbga qahramonlar bilan chiqdi” degan ma‘noga ega,- deydi Solijon Sharipov.

Shu bilan birga, hozirda Rossiya fuqaroligiga ham ega kosmonavt bayroqlarni tikish-tikmaslik masalasi uning shaxsiy ishi ekanini eslatib qo‘ydi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Yer kurrasi shimoliga u Qur‘oni Karim bilan birga Qirg‘izistonning “Ak Shumkar” ordenini ham olib borgan.

Sharipovga ko‘ra, “Qahramonlar desanti” shimoliy qutbdagi o‘z tadbirini "SSSR Qahramoni" unvoni ta‘sis etilganining 80-yilligi, Sovet qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishining 25 yilligi, Rossiya Qahramoni unvoni ta‘sis etilganining 22 yilligi va Ikkinchi Jahon urushida erishilgan G‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlangan.

Suhbat so‘nggida Solijon Sharipov ekspeditsiya ishtirokchilari Arktikada turib, Yer yuzida yashayotgan odamlarni tinchlikka da‘vat etuvchi murojaatnoma qabul qilganliklarini ham qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG