Линклар

logo-print

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ramazonda musulmon qon to‘kishi musibatdir!


Ramazon oyi munosabati bilan Toshkent shahridagi yirik masjidlarda ma‘ruza qilayotgan o‘zbekistonlik taniqli ulamo, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari "Iroq va Shom islom davlati" guruhi jang harakatlarini "musibat" deb qoraladi. Islom ulamolari xalqaro ittifoqi Iroq va Suriyada e‘lon qilingan xalifalikni tan olmasligini bildirdi.

Yusuf Qarzoviy: IShID xalifaligi shariatga ziddir!

"Iroq va Shom islom davlati" guruhi Iroq va Suriyada xalifalik e‘lon qilganidan bir hafta o‘tib, Islom ulamolari xalqaro ittifoqi harakatni qoralab bayonot tarqatdi.

Arab News nashrining xabar qilishicha, ittifoq a‘zolarining Doxada o‘tgan yig‘ilishida sunniy musulmonlari yetakchisi ko‘rilgan Yusuf Qarzoviy IShID e‘lon qilgan xalifalik shariat qonunlariga ziddir, degan.

"Biz xalifalik imkon qadar tezroq ta‘sis etilishini kutayapmiz. Lekin "Islomiy davlat" (IShID yangi nomi - Tahr.) e‘lon qilgan xalifalik shariat nuqtai nazaridan asossizdir va bu Iroqddagi sunniylar hamda Suriyada kurashayotganlar uchun xavfli oqibatlarni keltirishi mumkin", dedi Yusuf Qarzoviy.

Islom ulamolari xalqaro ittifoqi rahbarining ta‘kidicha, musulmonlar rahbari sanaladigan xalifa radikal qarashlari bilan tanilgan bitta guruh tomonidan tayinlanishi shariatga to‘g‘ri kelmaydi.

"Xalifani tayinlash butun musulmon ummatiga berilgan haqdir, alohida guruhga emas", dedi Islom ulamolari xalqaro ittifoqi rahbari Yusuf Qarzoviy.

Shayx hazratlari: Ramazon oyidagi bu qirg‘in - musibatdir!

Ramazon oyining ilk kunidan Toshkent shahridagi yirik masjidlarda ma‘ruzalar uyushtirib kelayotgan o‘zbekistonlik taniqli ulamo, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari Islom ulamolari xalqaro ittifoqi qarorini quvvatladi.

Ozodlikka WhatsApp orqali yo‘llangan videodagi nutqida shayx hazratlari IShID harakatlari va e‘lon qilingan xalifalikka qanday munosabatda bo‘lish borasida o‘zbekistonlik musulmonlardan savollar tushayotganini aytadi.

- Bir tashkilot bor - o‘zlarini "Iroq va Shom islom davlati", deb nomlab olgan. Ikki kun avval ular Islom xalifaligini e‘lon qilishdi. Ular pasportini ham e‘lon qilishdi. Bularga nima deyishimiz kerak deb turib, bomdoddan keyin Internetga kirib, elektron pochtamni ochsam, Dunyo musulmon ulamolari ittifoqidan menga xat kelibdi: "O‘sha xalifalik e‘lon qilgan tashkilot bekorlarni aytibdi, musulmonlar bunga quloq solmasin, musulmon millatiga tegishli gaplarni musulmon millati tan olgan ulamolar maslahat qilib, bir ovozdan hal qilishi kerak", degan gaplarni aytyapti, - deydi shayh hazratlari.

Islom ulamolari xalqaro ittifoqi qarorini o‘zbekistonlik musulmonlarga yetkazgan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari Iroq va Suriyadagi mazhablararo urush dunyo musulmonlari uchun asl musibatdir, deydi.

- Musibat bizning musulmon ummatidan boshqaning boshida yo‘q hozir. Ramazon - ibodat oyi - ular bir-birining qonini to‘kayapti, mulkini vayron qilayapti. BMTning bolalar bo‘yicha bo‘limi e‘lon qildi bugun - Suriyada 6 million bola och ekan. Kichkina bolachalar yalang oyoq, yalang‘och yig‘lashib turibdi - rasmini chiqarib qo‘yibdi. "6 million bola yordamga muhtoj - odamlar shularga yordam beringlar!" deb haligi tashkilot so‘rayapti. Ana shu anavinga o‘xshagan xalifa "betamizlar"ning faoliyatining samarasi shu! - deydi shayx Muhammmad Sodiq Muhammad Yusuf.

Ramazon oyidagi nutqlari davomida shayx hazratlari jihodchilik harakati va jihodchilar safiga qo‘shilayotgan o‘zbeklar haqidagi tanqidiy qarashlarini shu kunga qadar ham umumiy jumlalarda ifoda etib kelayotgan edi.

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari O‘zbekiston hukumati a‘zolari yoxud mamlakatda tanilgan arboblar orasida Iroqdagi vaziyat borasida aniq-tiniq bayonot bergan ilk yirik arbob bo‘ldi.

Bunga qadar diniy idora raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur ham umumiy jumlalarda o‘z ko‘z qarashini bildirgan va arab o‘lkalaridagi jihodiy harakatlarga qo‘shilishdan o‘zbekistonlik musulmonlarni qaytargan edi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi va Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutasaddilari safida yuzlab o‘zbek janggarilari borligi aytilgan IShID harakatlari haqida rasman munosabat bildirmay kelayotir.

IShID xalifasi ko‘ringan video haqqoniymi?

Ramazon oyining birinchi kuni - 29 iyunda IShID guruhi o‘zlari egallab olgan hududda teokratik davlat – xalifalik tuzilganini e‘lon qildi.

Internetda e‘lon qilingan audio-bayonotda IShID o‘z nomini "Islomiy Davlat" deb o‘zgartirganini va guruh yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyni “xalifa” va “amirulmuslimiyn”, ya‘ni butun dunyo musulmonlari amiri, deb e‘lon qilganini bildirdi.

Ayni paytda, Iroq rasmiylari Iroq va Shom Islomiy davlati rahbari Abu Bakr Bag‘dodiy tasvirlangani aytilib, 5 iyul kuni Internetga joylangan videoning haqqoniyligini o‘rganmoqda.

5 iyul kuni Internetga joylangan videoda Bag‘dodiyning go‘yo Mosuldagi Katta jome‘da Jum‘a namozidan oldin va‘z qilayotgani tasvirlangan. Xalifa Ibrohim nomini olgan Abu Bakr al-Bag‘dodiy juma kuni olingani aytilayotgan videoda qora salla va qora libosda namoyon bo‘lgan.

Mosul IShID janggarilari tomonidan o‘tgan oy egallangan eng yirik shahardir.

Xalifalik qurganlar orasida o‘zbeklar bor

Ayni paytda IShID jangarilari soni turli manbalarda 12 ming - 80 ming nafarga qadar, deb keltirilmoqda.

Turkiyadagi norasmiy manbalar bu jangarilar safida o‘zbeklarning o‘zlarini "Sabriylar" deb atagan guruhi ham qo‘shilgani, guruh safida Markaziy Osiyodan borgan 3 mingga yaqin o‘zbek borligini aytib keladi.

Mart oyida Suriyada jihod qilib yurganini aytgan va o‘zini o‘zbekistonlik mujohid Abu Usmon O‘zbek, deb tanishtirgan bir o‘zbek WhatsApp orqali Ozodlikka bog‘langan edi.

Suriyada hozir nima ish qilayotgani va qayerda ekaniga oid Ozodlik muxbiri savoliga WhatsApp orqali javob bergan jihodchi "kichikkina islomiy davlatcha - "Davlati islomiya Iroq va Shom" amiri Abu Bakr Bag‘dodiyga bay‘at bergan"ini aytgan edi.

Suriyada "oilalilari ham bor"ligini aytgan Abu Usmon O‘zbek tez orada xalifalik e‘lon qilinishini da‘vo qilgan edi. Ozodlikka WhatsApp orqali bog‘langan bu janggari bergan videobayonotdan roppa-rosa 3 oy o‘tib, darhaqiqat "Islomiy davlat" e‘lon qilindi.

Ozodlik shu kunlarda Abu Usmonga WhatsApp orqali bog‘lanishga urindi, ammo natija bo‘lmadi. (Ozodlik tasarrufida Suriyadagi o‘zbek janggarilari soni 3 mingdan oshiq ekani hamda o‘zini Abu Usmon deb tanishtirgan suhbatdosh ilgari surgan boshqa iddaolarni tasdiqlovchi dalillar yo‘q.)

XS
SM
MD
LG