Линклар

Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimiyati 30dan ortiq fermerning avtomobili "soliqdan qarzdorligi uchun" uchun olib qo‘yilganini aytmoqda. Ammo, Ozodlik suhbatlashgan fermerlar ayni g‘alla o‘rimida amalga oshirilgan bu harakatdan maqsad yetishtirilgan g‘alla hosilini to‘liq davlatga topshirish uchun dehqonlarga o‘tkazilayotgan bosim sifatida baholanmoqda.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida faoliyat yuritayotgan 30dan ortiq fermerning avtomobili tuman Sud qarorlarini ijro etish departamenti tomonidan olib qo‘yildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan va ismi sir qolishini so‘ragan fermerga ko‘ra, avtomobillar "soliqdan qarzdorlik" bahonasida olinmoqda. Uning aytishicha, mashinasini qaytarib olish uchun pora berishga majbur bo‘lgan.

- Menga ham soliqdan 26 million so‘m qarz chiqarib berishdi. Bir kunda sud bo‘ldi va kelib, Damasimni olib ketishdi. Sud resheniyesi bilan olayapmiz, deyishdi. Men buncha soliqni to‘lolmasligim aniq edi. Keyin bordimda, qo‘liga pulini berib, mashinamni olib keldim,- deydi ismini sir saqlashimizni so‘ragan qiziltepalik fermer.

12 yildan buyon g‘alla va paxta ekib kelayotgan bu dehqon avtomobili olingan 30dan ortiq hamkasbini bilishini aytmoqda.

- Hammasining mashinasi rayon sudning hovlisida turibdi. Birinchi kun borganimda 30tadan oshiq mashina bor edi. Kecha borsam, 20tacha mashina qolipti. Ba‘zilarining 30-40 million so‘m soliqdan qarzi bor. Hozir hech kim to‘lolmaydi buncha pulni,- deydi qiziltepalik fermer.

Qiziltepa tumani Sud qarorlarini ijro etish departamentidan bu borada biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Ammo, Qiziltepa tumani hokimining Iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Nasriddin Hayitov Ozodlik muxbirining ba‘zi savollariga javob berdi.

Muxbir bilan mikrofonsiz suhbatlashgan hokim o‘rinbosariga ko‘ra, ayni g‘alla o‘rimi paytida fermerlarning yodiga solingan qarzdorlik masalasi aktualdir va avtomobillar qonuniy asosda olinmoqda.

"G‘alla o‘rimiga buning aloqasi yo‘q. Hammasining soliqdan qarzi bor. 1 million - 10 million so‘m qarzi bor fermerlarga tegilayotgani ham yo‘q. 50-60 million qarzi borlarning mashinasi arest qilingan. Men bilaman, bir fermer xo‘jaligining soliqdan 60 million qarzi bor. Sud qarori asosida qarzi mulkiga qaratilgan, hammasi qonuniy", dedi Qiziltepa tumani hokimi o‘rnibosari Nasriddin Hayitov, Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda.

Hokimlik mutasaddisi tumanda g‘alla ekkan fermerlarning qariyb hammasi bu yilgi rejani oshig‘i bilan bajargani, Qiziltepada bu yil g‘alla yaxshi hosil berganini aytib o‘tdi.

Uning yana aytishicha, soliqdan qarzini uzolmayotgan fermerlar avtomobilini pora evaziga olayotganiga oid ma‘lumotni qat‘iyan rad etdi.

"Soliqdan qarzini to‘lasa yoki boj to‘lovini to‘lasa, keyin olishi mumkin. Unaqa pora evaziga oldim, degani bo‘lmagan gap", dedi hokim muovini.

Hokimiyat rasmiysi fermerlar nega bu qadar katta miqdorda qarz bo‘lib qolgani va bu masala nega aynan hozir ko‘tarilgani haqidagi savollarga shunday javob berdi:

"Davlat fermerning 60 foiz mablag‘ini moliyalashtiradida. Shu pul kelganda, soliqdan qarzni to‘lmasadan, boshqa maqsadda ishlatvorgan bo‘lishi mumkinda. Yo bir texnika olib yuborgan bo‘lishi mumkin, katta fermer bo‘lsa. Endi qarzini to‘laydida. Hammasining o‘ziga olib qolgan g‘allasi bor, mol-xoli bor, mashinasi bor. Qarzi mulkiga qaratiladi", dedi hokim muovini.

Qiziltepalik fermerlar esa hokim muovinining bu ayblovlarni inkor qilmoqda.

G‘alla o‘rimi va paxtani sug‘orish zarur bo‘lib turgan paytda ulovsiz qolgan qiziltepalik fermer 26 million so‘mlik qarz yig‘ilishi sabablarini shunday izohladi:

- Yoqilg‘i qimmat. Biz yetishtirgan bug‘doyning puli yoqilg‘ini qoplamaydi. Davlat bizdan bug‘doyning kilosini 418 so‘mdan oladimi? Keyin uning kelgan puli o‘g‘it bilan solyarkani ham to‘liq qoplamaydi. Shu hamma pul o‘sha paytda zarur o‘g‘it va yoqilg‘iga ketib qoladida,- deydi qiziltepalik fermer.

Uning da‘vosi qilishicha, agar ekin-tikin uchun zarur harajatlarni bir chetga surib, soliqdan qarzini to‘lash istagi bo‘lgan taqdidar ham fermerda buning imkoni yo‘q.

- G‘allaning puli hisobga tushdi, deguncha hokimiyatdan bitta-ikkitasi bankaga o‘tirib oladida, pulni taqsimlaydi. Keyin bankadan telefon qilib: "Pulingiz Qishloq taraqqiyotiga tushdi, Mahalla jamg‘armasiga tushdi, porucheniyega qo‘l qo‘yib bering", deydi. Nega so‘roqsiz oldingiz, desangiz: "Hokimga boring!" deydi. Hokimga borsang: "Nega davlat siyosatiga qarshilik qilayapsan!" deb gap boshlaydi. Yurak bezillab qolganda, xullas,- deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan fermer.

Natija shuki, Qiziltepa tumanida fermerlar avtomobili soliqdan qarzdorligi bois "arest" qilinayotgan bo‘lsada, oxir-oqibat, bu qarzning katta qismi hozir to‘lanmasligini fermer ham, sud ijrochisi ham, hokimiyat mutasaddisi ham biladi.

- Natijada, yana pul undirilayaptida bizdan. Birov 600 ming, birov 1 million berib mashinasini olayapti. Soliqdan qarz turibdi, uni men hali beri to‘lay olmayman,- deydi qiziltepalik fermer.

Navoiy viloyatining Qiziltepada g‘alla va paxta yetishtirish bilan 450ga yaqin fermer xo‘jaligi shug‘ullanadi hamda tumandagi fermerlarning aytishicha, qaysidir ko‘rinishdagi qarzdorlik uchun xususiy mulk - avtomobilning olib qo‘yilishi ilk bor uchramoqda.

Bunga qadar Qoraqalpog‘istonning Qanliko‘l tumanida fermerlar avtomobili olinishi qayd etilgan va tuman hokimligi mutasaddilari buning g‘alla rejasi bajarilmagan fermerlarga ko‘rilayotgan chora ekanini tasdiqlagan edi.

XS
SM
MD
LG