Линклар

Prezidentning tashrifi ortidan Farg‘ona shahri hokimi ishdan olindi


2014 yil, 3 fevralida Farg‘onada olingan surat. 1 fevraldan 4 fevralgacha Farg‘ona qordan tozalanmagan.

2014 yil, 3 fevralida Farg‘onada olingan surat. 1 fevraldan 4 fevralgacha Farg‘ona qordan tozalanmagan.

Farg‘ona shahri hokimi ishdan olingani, shaharga viloyat hokimining iqtisod va qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari muvaqqat hokim etib tayinlangani ma‘lum bo‘ldi. Hokim ishdan olinishidan bir necha kun oldin – 26, 27 iyun kunlari O‘zbekiston Prezidenti Farg‘ona viloyatida bo‘lgan, safar to‘g‘risidagi rasmiy xabarlarda aytilishicha, Islom Karimov bu yerda olib borilayotgan “bunyodkorlik odamlar ko‘nglini ko‘tarib, ertangi kunga ishonchini mustahkamlayotganini ta‘kidlagan” edi.

O‘tgan haftada ishdan olingan Farg‘ona shahri hokimi Ilhom Mamatov o‘rniga hokimlik vazifasini vaqtincha bajarib turish Farg‘ona viloyati hokimining iqtisod va qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Sobirovga yuklatilganini Ozodlikning viloyat hokimligidagi manbasi tasdiqladi.

Shunday qilib, bundan qariyb 3 yil muqaddam – 2011 yilning 7 oktyabrida shahar hokimligiga tayinlangan Ilhom Mamatov o‘zidan oldingi hokim Erkin Nuraliyev kabi ishdan olindi.

Erkin Nuraliyev ishdan olinganidan so‘ng ko‘p o‘tmay, 2011 yilning avgustida hibsga olingani xabar qilingan edi.

Nuraliyevning keyingi taqdiri to‘g‘risida ma‘lumot yo‘q. Ilhom Mamatov to‘g‘risida ham, hozircha, ishdan olingani to‘g‘risidagina ma‘lumot mavjud.

Shahardagi vaziyatdan yaxshi xabardor huquq faoli Abdusalom Ergashevga ko‘ra, Ilhom Mamatovning ishdan olinishi uning hokimlik lavozimidagi o‘ziga xos faoliyatining mantiqiy yakunidir.

- Shahar hokimidan xalq ham, viloyat hokimligidagilarning ham noroziligi kuchli edi. Ikki yildan beri shahar qayta qurilayapti. Shu jarayonda buzilgan uyi uchun tovon puli olishida, yer uchastkasi olishida odamlarni ko‘p sarson qildi, dedi Ergashev.

Uning aytishicha, Ilhom Mamatov shahar boshqaruvchisi sifatida o‘z vazifalariga yo loqayd qaragan yoki uquvsizlik qilgan.

- Bu yil qishda 1 fevralga o‘tar kechasi juda qattiq qor yog‘di. Shahar ko‘chalariga 4 fevralgacha bironta ham qor tozalash texnikasi chiqarilmadi. Vaholanki, shaharda yetarlicha texnika mavjud, dedi Abdusalom Ergashev.

Prezident Farg‘onani obodonlashtirish ishlari bilan tanishib qaytgach, O‘zA safar to‘g‘risida mana bu gaplarni yozgach, Ilhom Mamatovning ishdan olinishi tushunarsizdir.

“Islom Karimov tashabbusi bilan Farg‘ona shahrining markazi yaratildi. Shahar atrofida kichik halqa yo‘li barpo etildi. Yo‘l bo‘ylariga hududning tabiiy-iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar ekildi. Bu shahar havosi musaffoligini va harakat xavfsizligini ta‘minlashda muhim ahamiyat kasb etib, aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun yanada keng qulaylik yaratmoqda”, deb yozgan edi kuni kecha O‘zA.

Gap shundaki, keyingi yillarda shahar markazida olib borilgan ishlarga Ilhom Mamatovning bevosita aloqasi yo‘q.

2011 yilning 22 noyabrida Farg‘ona viloyati xalq deputatlari Kengashida o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh vazir Shavkat Mirziyoyev qatnashgan, u Farg‘ona shahrini rekonstruktsiya qilish rejasi bo‘yicha ishlarni boshlashga farmoyish bergan, bu ishlarga rahbarlik qilish Shuhrat Sobirovga yuklatilgan edi.

Shuhrat Sobirov o‘sha kungi yig‘ilishda Farg‘ona viloyati hokimining iqtisod va qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan.

Bungacha Qo‘qon shahar hokimi lavozimida ishlagan Sobirov¸ Qo‘qonni qayta ta‘mirlash ishlari uchun prezident Karimov olqishiga sazovor bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG