Линклар

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov sobiq Sovet Ittifoqidagi siyosiy arboblar ichida marhum Eduard Shevarnadzeni alohida ehtirom qilgani aytiladi. Aytilishicha, Islom Karimovning 1989 yilning 23 iyunida O‘zbekiston rahbarligiga tayinlanishida Shveradnadze muhim rol o‘ynagan.

Gruziyaning sobiq prezidenti Eduard Shevardnadze 7 iyul kuni vafot etdi. Shevardnadze uzoq davom etgan xastalikdan keyin Tbilisidagi uyida 86 yoshida olamdan ko‘z yumdi.

Shevardnadze 1985 yilda sobiq Sovet Ittifoqining yangi yetakchisi Mixail Gorbachyov tomonidan tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan edi. U sobiq SSSR bilan G‘arb o‘rtasidagi iliqlashuv paytida bu lavozimda faoliyat yuritdi va Sovuq Urushning tugatilishida bevosita ishtirok etgan shaxslardan biridir.

Shevradnadze Sharqiy Yevropadagi sotsialistik lagerga kirgan mamlakatlarda ko‘tarilgan isyonlarni kuch bilan bostirmaslik tarafdori bo‘lgani bilan ham tarixda qolgan.

1992 yilda u Gruziyada sobiq prezident Zviad Gamsaxurdiya hokimiyatdan chetlatilishi ortidan mamlakat rahbarligiga keldi. 1995 yilda o‘tkazilgan prezident saylovida Shevardnadze g‘alaba qozonadi. 2000 yilda u yana prezidentlikka qayta saylanadi. Shevardnadze 2003 yildagi Atirgul inqilobi natijasida iste‘foga ketadi.

Karimov Shverdnadzega alohida ehtirom bilan qaragan

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov sobiq Sovet Ittifoqidagi siyosiy arboblar ichida marhum Eduard Shevarnadzeni alohida ehtirom qilgani aytiladi.

Sovet Ittifoqi millatlar kengashining sobiq raisi Rafiq Nishonov, o‘tgan oyda Ozodlikka bergan intervyusida, Islom Karimovning 1989 yilning 23 iyunida O‘zbekiston rahbarligiga nomzodi qo‘yilganida ko‘pchilik qarshi bo‘lganini aytadi. Nishonovga ko‘ra, SSSR rahbari Mixail Gorbachev Karimovning rahbar bo‘lishi masalasini kechiktirmoqchi ham bo‘lgan.

Bu ziddiyatli damda, o‘sha paytda Qashqadaryo viloyat partiya qo‘mitasini boshqargan, SSSR xalq deputati bo‘lgan Islom Karimov nomzodini o‘shandagi SSSR Tashqi ishlar vaziri Eduard Shevardnadze qo‘llab-quvvatlagan edi, deya eslaydi Nishonov.

Eduard Shevardnadze 2009 yilda Ozodlikka bergan suhbatida 80-yilalr oxirida Karimovning o‘z xalqiga o‘t ochgani borasida taassuf qilsa ham, o‘z tanlovining to‘g‘ri bo‘lganiga ishonishini aytgan edi.

- Men o‘shanda ham, hozir ham bu eng to‘g‘ri tanlov bo‘lgan edi, deb hisoblayman. Men o‘sha paytda Karimov bilan bir necha marta uchrashganman. O‘zbekistonda ham bo‘lganman. Oramizda do‘stona munosabatlar bor edi¸- deya eslagan edi marhum.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Shevardnadze Karimov nomzodiga qarshilar ham bo‘lganini eslab bunday degan edi.

- Shunday onlar bo‘ldiki¸ uning nomzodiga e‘tiroz bildirganlar ham topildi. Ammo o‘shandagi umum kayfiyat Karimov foydasiga ishladi¸ degan edi Eduard Shevardnadze.

Keksa gurji sabog‘i

20 yil bir mamlakatni boshqarish uchun ko‘pmi yo ozmi? Bu savolni Karimovga oq fotiha bergan Shevardnadze hayot paytida bergan edik.

- Bu ham ko‘p, ham oz. Agar rahbar o‘z xalqi ishonchini oqlasa¸ 20 yil ham¸ 50 yil ham lavozimda o‘tirishi mumkin¸ degani Eduard Shevardnadze.

2005 yil Andijonda minglab tinch aholi namoyishga chiqqanida¸ Karimovning ularni otishga buyuruq bergani oqibatida yuzlab o‘zbekistonlik nobud bo‘ldi.

Mana sizga qarshi Tiflis maydoniga o‘n minglab odam chiqdi. Siz ularga qarab o‘q uzishni buyurmadingiz. Xo‘sh¸ kim dono? Xalqqa o‘q otmagani uchun lavozimidan ayrilgan Sizmi, yo o‘q otilgani bois kursisiga mahkamroq o‘rnashgan Karimovmi¸ deya savol berdik Shevardnadzega.

- Men yo qon to‘kishim lozim edi¸ yo iste‘foga ketishim. Men qon to‘kilmasin¸ deya ikkinchi yo‘lni tanladim. Iste‘foga ketdim. Hanuz iste‘fodaman. Karimov birinchi yo‘lni tanladi. Ammo bunga avvalo o‘zbek xalqi¸ qolaversa¸ tarix o‘z bahosini bersin¸- deb javob bergan edi Eduard Shevardnadze.

Gruziyaning sobiq prezidenti Eduard Shevardnadze uzoq davom etgan xastalikdan keyin dushanba kuni Tbilisidagi uyida 86 yoshida olamdan ko‘z yumdi.

Shevarnadze bilan SSSR Oliy kengashida birga ishlagan SSSR Oliy kengashining sobiq deputati Po‘lat Oxunovning xotiralarini mana bu yerda tinglash mumkin.

XS
SM
MD
LG