Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:19

Keleslik “folbin” ko‘ziga ko‘ringan "maxluq" ijtimoiy tarmoqni portlatdi


Kelesdagi "maxluqni" tomosha qilish uchun o‘nlab odam ko‘prik ustiga to‘plangani tasvirlangan suratni mushatriylarimiz yubordi.
Kelesdagi "maxluqni" tomosha qilish uchun o‘nlab odam ko‘prik ustiga to‘plangani tasvirlangan suratni mushatriylarimiz yubordi.

O‘tgan shanba va yakshanba kuni “Keles tomlari uzra yugurayotgan” dahshatli maxluq toshkentliklar tilida doston bo‘ldi. Tildan tilga, telefondan telefonga ko‘chgan voqea qahramoni bo‘lgan “maxluq” to‘g‘risidagi mish-mishlarning yanada kuchaygani kuzatildi. Odamlar og‘zidan ijtimoiy tarmoqlarga, ijtimoiy tarmoqlardan esa qaytib yana el og‘zida elak bo‘layotgan Kelesdagi "sirli maxluqning" militsiya xodimlariga hujum qilgani va pirovardida ushlangani xabari chiqqanidan keyin Ozodlik muxbirlari “Keles maxluqi” atrofidagi yuzaga kelgan vaziyatni oydinlashtirishga urindi.

Ozodlikning WhatsApp va Telegram tarmoqlaridagi manzillariga kelgan maktublarda bu maxluqning tosh otib kelesliklarni bezovta qilgani aytiladi.

“Kelesda mostning tagidagi uylar tomida bir odamsifat maxluq tomdan tomga sakrab, aholiga tosh otib, hammani bezovta qildi. Hech kim tuta olmayotganmish, militsiyalarga ham tosh otayotganmish. Otayotgan toshlari qirralimish¸ otgan odamiga aniq tegarmish. Uzoq oraliq masofadagi tomlarga xam bemalol sakrarmish”, deyiladi Ozodlikka kelgan xabarlardan birida.

Keyingi maktubda esa, “Keles maxluqining 50 metr balandlikka bemalol sakragani” aytiladi. Maktubga esa Keles ko‘prigi ustiga chiqib “toshotar maxluqni” tomosha qilishga havaslanganlar fotosurati ilova qilingan.

Ozodlikning Toshkent viloyati huquq-tartibot organlaridagi manbasi bu gaplar keleslik folbin tarafidan aytilganidan keyin odamlar orasida yashin tezligida tarqalganligini aytadi:

- Keles shahri, Muqimiy ko‘chasi uchinchi uyda yashovchi Karimova Larisa degan ayolning erdan ajrab, uyiga kelib o‘tirgan qizi odam ko‘rar ekan. Tabiblik, folbinlik kabi ishlar bilan shug‘ullanar ekan bu qiz. O‘sha ona-qizning ko‘ziga birdaniga ko‘rinibdi shunaqa maxluq. Qanaqadir sharpa deydi. Shuv etib, u yoqdan bu yoqqa o‘tib ketar ekan. Bir marta emas ikki-uch marta ko‘ribdi shunaqa narsani,- deb ma‘lum qildi Ozodlikning Toshkent viloyati huquq-tartibot organlaridagi manbasi.

Ayni paytda, Karimova Larisa va uning folbin qizi aholi orasida sarosima soluvchi gaplarni tarqatmaslik yuzasidan ogohlantirilgani ham Ozodlikka ma‘lum bo‘ldi.

Kelesliklar orasida tanilgan bu folbinning sirli maxluq ko‘rgani haqidagi gaplarini bu folbinga ixlos qo‘ygan o‘nlab mijozlar tarqatib yuborgani aytilmoqda.

Ozodlikning Toshkent viloyati huquq-tartibot organlaridagi manbasining aytishicha, “Toshkentni oralab yurgan sharpa”ning militsionerlarga hujum qilgani va pirovardida bu sharpaning qo‘lga olingani borasidagi gap so‘zlar mutlaqo asossiz.

- Qo‘limdagi hujjatlarga asosan sizga aniq ayta olamanki, Zangiota tumanida va Keles shahrida tomdan tomga sakragani va tosh otgani uchun hech kim qo‘lga olinmagan. Shu bilan birga keyingi bir hafta ichida militsionerga tajovuz qilish borasida hech qanday holat qayd qilinmagan. Keles ko‘prigi ustiga yig‘ilgan odamlarni militsiya ko‘magida tarqatib yuborilgani haqidagi gaplar ham asossiz,- deydi Ozodlikning Toshkent viloyati huquq-tartibot organlaridagi manbasi.

“Maxluqi” haqidagi mish-mishlar jilg‘asi daryoga aylandi

Ayni paytda, “Keles maxluqi” borasidagi mish-mishlar tarqalishda davom etmoqda. Bilag‘onlar esa tomma-tom sakraydigan parkur sporti bilan shug‘ullanadigan bolalar kun issig‘ida odamlar ko‘ziga ajina bo‘lib ko‘rinayotganligini aytishmoqda.

Ozodlik muxbiri Kelesda istiqomat qiladigan va o‘zini Rustambek, deb tanishtirgan tadbirkor bilan suhbatlashdi.

- Shunaqa gap bugun ham to‘xtamadi. Hozir chiqqan yangi gap shuki, keleslik bitta azayimxon bittasini bilmasdan teskari o‘qib qo‘yibdi. Teskari o‘qilgan bu bechora esdan og‘ib tomma-tom sakrab yurganmish. Teskari o‘qilgani uchun militsiyaning ko‘ziga ko‘rinmas ekan. Lekin to‘g‘risi o‘zim ko‘rmadim. Eshitganimni aytdim xolos,- deydi suhbatdosh.

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik keksa shoir Mahmud Yo‘ldoshev matbuot rivojlanmagan davlatda mish-mishlar xalq uchun yagona axborot manbaiga aylanadi, degan fikrni bildirdi.

- Odamning tabiatida bor mish-mishlarga qiziqish. Odam tabiatida bo‘lgan yana bir xususiyat esa mish-mish tarqatishga qiziqish. Bitta mish-mishni tarqatib yuborib, qarab turadi qani odamlar nima der ekan, deb. Afandi ham “yo‘lning boshida tekin olma tarqatyapti”, deb bolalarni aldagan. Bolalarning guv etib o‘sha tomonga yugurganini ko‘rgandan keyin “rost shekilli”, deb afandining o‘zi ham orqasidan yugurgan. Shu ma‘noda matbuot bo‘lmagan joyda urchiydigan bunaqa oldi-qochdi gaplarga e‘tibor berib, uni matbuotga ham olib chiqmaslik kerak,- deydi toshkentlik keksa shoir Mahmud Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdoshga ko‘ra, Toshkent har oy bir mish-mish tarqaladigan shaharga aylangan.

Masalan, joriy yilning aprel oyida Toshkentdagi bog‘lardan biridagi attraktsion simi uzilib ketib, o‘nlab odamlar o‘lgani haqida tarqalgan mish-mishlar keyinchalik tasdig‘ini topmagan edi.

XS
SM
MD
LG