Линклар

Braziliyada o‘tayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatining dastlabki yarim final uchrashuvida mezbon jamoa vakillari Germaniya jamoasiga yirik hisobda (1:7) mag‘lub bo‘ldilar.

8 iyul kuni Belu-Orizonte shahrida o‘tgan uchrashuvdagi hisob 11-daqiqada nemislarning mazkur mundialdagi eng yaxshi to‘purari Tomas Myuller tarafidan ochildi.

O‘yinning birinchi bo‘limi 0:5 hisobida Yoaxim Lyov shogirdlari foydasiga yakunlandi.

Aytib o‘tish joizki, germaniyaliklar olti daqiqa ichida – 23-29-daqiqalar oralig‘ida Braziliya jamoasi darvozasini to‘rt marta ishg‘ol qildilar.

Ikkinchi bo‘limda Luis Felipe Skolari shogirdlarining himoya chizig‘i yana ikki marta pand perdi. Miroslav Kloze o‘rniga zahiradan maydonga tushgan Germaniya terma jamaosi hujumchisi Andre Shyurrle 69- va 79-daqiqalarda ajoyib dubl ijro etib, hisobni 0:7 ko‘rinishiga keltirdi.

Braziliya terma jamoasi hisobidagi yagona gol - "prestij goli" o‘yin so‘nggida "Chelsi" klubining 22 yoshli yarim himoyachisi Oskar tarafidan kiritildi.

Error rendering VK.

Video: Braziliya-Germaniya 1:7

Aytib o‘tish joiz, mundial mezbonlari Germaniyaga qarshi o‘z sardori, markaziy himoyachi Tiyago Silva hamda asosiy hujumchilardan biri, "Barselona" klubi o‘yinchisi Neymarsiz o‘ynashga majbur bo‘ldilar. Silva avvalgi uchrashuvda olgan sariq kartochkasi, Neymar esa jarohati tufayli yarim finalda ishtirok etmagan.

Murabbiylar nima deydi?

O‘yindan keyingi intervyusida mezbonlarning 65 yoshli bosh murabbiysi Luis Felipe Skolari Germaniyaga 1:7 hisobda mag‘lub bo‘lgan sana uning hayotidagi eng yomon kun ekani aytdi.

- Menimcha, bu hayotimdagi eng yomon kun, lekin hayot davom etadi. Albatta, men 1:7 hisobida mag‘lub bo‘lgan murabbiy sifatida yodda qolaman, biroq bu ishga kirishishdan avval men nimaga qo‘l urayotganimni yaxshi bilardim... Braziliyalik futbol muxlislariga aytadiganim - biz qo‘limizdan kelgancha va o‘zimiz to‘g‘ri deb bilgancha harakat qildik, - dedi 2009-2010 yillari Toshkentning "Bunyodkor" jamoasiga murabbiylik qilgan Skolari.

Germaniya terma jamoasiga so‘nggi 8 yildan beri bosh murabbiylik qilib kelayotgan Yoaxim Lyov o‘zining sovuqqonligi bilan ajralib turadi. 54 yoshli mutaxassis o‘z shogirdlarini ham dunyoning besh karra chempioni bo‘lgan braziliyaliklar ustidan qozonilgan yirik g‘alabadan so‘ng hissiyotlarga berilmasdan, sovuqqonlikni saqlab, diqqat-e‘tiborni faqat 13 iyul kuni o‘tadigan final o‘yiniga qaratishga chaqirdi.

Qiziqarli faktlar

Braziliya-Germaniya yarim final uchrashuvidagi ikkinchi golga mualliflik qilgan germaniyalik Miroslav Kloze dunyo birinchiligi tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi. U so‘nggi uch Jahon chempionatida jami 16 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.

Rasmiy uchrashuvlarda braziliyaliklar so‘nggi bor o‘z uyida bundan 39 yil avval - 1975 yili mag‘lub bo‘lgan edilar. 3:1 hisobida Peru foydasiga yakunlangan o‘sha o‘yin ham Belu-Orizonte shahrida o‘tgandi.

Tomas Myuller mualliflik qilgan gol futbol bo‘yicha Germaniya terma jamoasi hisobidagi 2000-gol bo‘ldi. Terma jamoaning gollar hisobi 1908 yili Frits Beker tarafidan ochilgan.

Braziliya terma jamoasi bundan oldin Jahon chempionatlarining yarim finalida faqat bir marta - 76 yil avval mag‘lub bo‘lgan edi (Italiya-Braziliya 2:1).

Germaniya terma jamoasi o‘z tarixida sakkizinchi bor mundial finaliga yo‘llanma olib, bu borada yangi rekord o‘rnatdi.

Lyov shogirdlari 13 iyul kuni Rio-de-Janeyro shahrida o‘tadigan final o‘yinida Argentina–Hollandiya juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi.

Ikkinchi yarim final uchrashuvi 9 iyuldan 10 iyulga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan tungi soat 1:00 da boshlanadi.

XS
SM
MD
LG