Линклар

Seshanba kuni O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichi Gulnora Karimova mamlakatni tark etgani iddao qilingan xabar paydo bo‘ldi. Uzmetronom sayti ishonchli manbalariga tayanib, 8 iyul kuni 42 yoshga kirgan Karimova "tug‘ilgan kunini Boltiqbo‘yi davlatlaridan birida aziz do‘stlari davrasida nishonlayapti" deb yozdi.

Gulnora Karimovaning O‘zbekistonni tark etgani haqida xabar qilgan Uzmetronom sayti muharriri Sergey Yejkov ma‘lumot juda ishonchli manbadan olinganini iddao qilmoqda.

“Shu paytgacha bu manbadan olingan ma‘lumotlarning barchasi to‘g‘ri chiqqan. Bu bizning juda ishonchli manbamiz”, der ekan Yejkov "juda ishonchli manba"ga oid ma‘lumotlarni odatdagidek yana sir saqladi.

Uzmetronom saytida berilgan xabarga ko‘ra, Gulnora Karimova “tug‘ilgan kunining 42 yilligini Boltiqbo‘yi davlatlaridan birida o‘ziga eng aziz insonlar davrasida nishonlayapti”.

“Gulnoraning Latviyada ekani”ni taxmin qilgan Yejkov “Karimova O‘zbekistonni ancha oldin tark etgani va hatto, hech qachon uy qamog‘ida bo‘lmagani”ni ham iddao qiladi. (Ozodlik bu iddaoli xabarni boshqa manbalardan tasdiqlay olgani yo‘q.)

Ozodlikning boshqa bir ishonchli manbasiga ko‘ra, O‘zbekistondagi xorijlik diplomatlardan biri biroz avval Gulnora Karimovani Toshkentdagi tungi klublardan birida ko‘rganini aytgan.

Gulnora Karimovaning o‘zi bir necha bor Twitter orqali uy qamog‘ida ekani, “uyini kecha-kunduz qo‘riqlashayotgani, uyiga do‘stlari va yaqinlarini kiritishmayotgani” haqida yozgan edi.

Shuningdek, Ozodlik kabi boshqa bir qancha xorij matbuotiga jo‘natilgan va Gulnora Karimovaga tegishli ekani ishonilgan maktublarda ham uning uy qamog‘ida ekani aytilgandi.

31 mart kuni esa Uznews.net nashri 31 Karimovaning uy qamog‘ida ekaniga ishora qiluvchi ikkita suratni e‘lon qilgan. Ushbu suratlarda prezident qizi uy kiyimida, sochlari to‘zigan va pardozsiz alfozda tasvirlangan.

Shuningdek, Gulnoraning Londondagi Oksford universitetida tahsil olayotgan o‘g‘li 21 yoshli Islom Karimov Rossiyaning "RenTV" kanalining “Nedelya” dasturiga bergan intervyusida onasi Gulnora Karimova “norasmiy uy qamog‘ida” ekani, u bilan olti oydan buyon ko‘rishmaganini iddao qildi.

Joriy yilning mart oyida Shveysariya va Shvetsiya prokuraturalari pul yuvish va poraxo‘rlik holatlari bo‘yicha ochilgan jinoyat ishlarida Gulnora Karimovani gumonlanuvchi, deb e‘lon qildi.

Bunday holatda Gulnora Yevropa Ittifoqi hududida bo‘lgan Boltiqbo‘yi davlatlariga borishi uning uchun tergovga tortilish ehtimolini paydo qilishi mumkin. Ayni paytda Gulnora agar Boltiqbo‘yida bo‘lsa, bu ehtimolni qanday bartaraf qilgani ham noma‘lum.

Gulnora Karimova yirik xorij shirkatlari, xususan Shvetsiyaning TeliaSonera shirkatidan O‘zbekiston telekom bozoriga kirish imkoni evaziga yuzlab million dollar miqdorida pora olganlik va noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirilgan mablag‘larni legallashtirishga uringanlikda gumon qilinmoqda.

Yevropa mamlakatlaridagi tergovlar doirasida Shveysariya, Shvetsiya, Fransiya, Hollandiya va Latviyada Gulnora Karimovaga qarashli bank hisob raqamlari va ko‘chmas mulk ob‘ektlari muzlatib qo‘yilgani ma‘lum.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG