Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:27

“Egasi” yo‘q o‘zbek muhojirlarini Pulkovoda tibbiy sug‘urta olishga majburlashmoqda


"Пулково" аэропорти
"Пулково" аэропорти

Ozodlikka Sankt Peterburgdan bog‘langan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri shaharning “Pulkovo” aeroportiga uchib borgan o‘zbekistonliklarni mahalliy ma‘murlar tibbiy sug‘urta sotib olishga majburlayotganidan shikoyat qildi.

Mavzuni o‘rganar ekanmiz, O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro bordi-keldilariga oid 2000 yili imzolangan kelishuvda belgilab qo‘yilgan hujjatlar orasida tibbiy sug‘urta tilga olinmaganini aniqladik.

Pulkovodagi tibbiyot sug‘urtasi bilan bog‘liq muammoga bundan 5 – 6 oy muqaddam qirg‘izistonlik muhojirlar ham duch kelgan, lekin masala Qirg‘izistonning konsuli aralashuvi bilan hal bo‘lgan edi.

Ozodlikka Sankt Peterburgdan bog‘langan xorazmlik Ruslanning aytishicha, bundan bir oy muqaddam xotini O‘zbekistondan “Pulkovo” aeroportiga uchib borgan.

- Pasport nazoratidan o‘tib, bagajini olganidan so‘ng uni militsiya va aeroport xodimlari bitta xonaga kiritgan va 1345 rublga sug‘urta sotib olishga majburlashgan, deb xabar qildi Ruslan.

Uning aytishicha, aeroportda muhojirga sotilgan 1345 rublli sug‘urtani "Rosgosstrax" shirkatining shahardagi idoralaridan 495 rublga olish mumkin.

Ruslan o‘zining yana bir muhim kuzatishi bilan ham o‘rtoqlashdi:

- Men O‘zbekistondan keladigan samolyotni kutib turganimda Qirg‘izistondan samolyot uchib keldi. Sug‘urta bilan bog‘liq muammo borligini bilganim uchun qirg‘izlardan shuni so‘radim. Yo‘q ularni hech kim majburlamapti. Men o‘zim tojikistonliklar bilan ishlayman. Ularda ham bunday problema yo‘q, dedi Ruslan.

Masalaning aynan shu jihatiga birozdan so‘ng qaytamiz.

Hozir esa, “Rossgosstrax”ning javobi bilan tanishing.

Shirkat bosh offisining o‘zini tanishtirmagan xodimi “Pulkovo” aeroportida “Rosgosstrax”ning ofisi yo‘q, lekin brokerlarimiz bo‘lishi mumkin”, dedi.

Ozodlikning yana bir savoliga javoban “Rossgosstrax” vakili “u yoki bu shaxsga qaysi davlat fuqarosi ekanligidan kelib chiqib muomala qilish to‘g‘risida hech qanday rasmiy ko‘rsatma yo‘q”, deb javob berdi.

“Pulkovo”dagi sug‘urtachi brokerni izlash jarayonida boshqa, brokerdan ham muhimroq informatsiyaga duch keldik.

Ma‘lum bo‘lishicha, Rossiyada chiqadigan “Novaya gazeta” o‘rganayotganimiz mavzuni bundan 6 – 7 oy muqaddam bizdan ko‘ra chuqurroq o‘rgangan.

Gazetaning 2013 yil, 13 dekabr kungi sonida “V Peterburge gastarbayteri popadayut v “eksperimentalnuyu zonu” sarlavhasi ostida e‘lon qilingan maqolada aynan Ozodlik tinglovchisi Ruslan aytgan hodisa o‘rganilgan.

“Novaya gazeta”ning maqolasi bilan mana bu ishora orqali o‘zingiz tanishib olarsiz.

Biz esa, gazeta o‘z so‘roviga javoban Rossiya tashqi ishlar vazirligidan olgani javob bilan tanishtirib qo‘ymoqchimiz.

Vazirlik javobida Rossiya Federatsiyasi hukumati va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2000 yil, 30 noyabrida fuqarolarning o‘zaro bordi-keldilari to‘g‘risida kelishuv imzolangani, hujjatda har ikkala davlat fuqarolarining bordi-keldilarini tartibga soluvchi hujjatlar ro‘yxati berilgani, o‘sha ro‘yxatga tibbiy sug‘urta polisi kiritilmagani aytilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining javobi yozilgan 2013 yil, 5 noyabrdan beri bu masalada Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida biron bir yangi hujjat imzolaganiga oid xabar paydo bo‘lgan emas.

Ozodlikka murojaat qilgan xorazmlik Ruslan boyaroq “Pulkovo” aeroportida tibbiy sug‘urta olishga faqat o‘zbekistonliklarni majburlashayapti, qirg‘iz va tojiklarni sug‘urta sotib olishga hech kim majbur qilmayapti, degan edi.

Xo‘sh, nega?

Bu savolning ham bilvosita javobini “Novaya gazeta”ning 2013 yil, 13 dekabr kungi sonidan topganday bo‘ldik.

Maqola muallifi bu mavzuga nima uchun qiziqib qolganini tushuntirar ekan, mana bunday yozgan:

“Bu masalani o‘rganishga urinishlarimiz “Novaya gazeta”ga Qirg‘izistonning Peterburgdagi faxriy konsuli Taalaybek Abdiyevning murojaatidan boshlandi. Uning aytishicha, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarini “Pulkovo-1”dan chiqaverishda ushlab olib, tibbiy sug‘urta rasmiylashtirishga majburlamoqdalar...”

Qirg‘izlarni "Pulkovo"da tibbiy sug‘urta sotib olishga majbur qilishmayotgani sababi mana shu nuqtada, ya‘ni Qirg‘izistonning faxriy konsuli o‘z vatandoshlari huquqlarini himoyalab yelib-yugurganidadir?

Tojikiston hukumatining ham o‘zning Rossiyada yurgan fuqarolari himoyasi yo‘lida qiladigan harakatlari to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lib turadi.

Lekin O‘zbekiston diplomatlarining bu sohada qilgan ishlari to‘g‘risida, yumshoqroq aytganda, shu paytgacha hech kim xabar qilgan emas.

XS
SM
MD
LG