Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:32

“Samarqandkimyo” ishchilari 7 oylik maoshini ololmayapti


"Samarqandkimyo" rahbariyati korxona qiyin ahvolda qolganini tan oldi.
"Samarqandkimyo" rahbariyati korxona qiyin ahvolda qolganini tan oldi.

Samarqand kimyo zavodi ishchilari 7 oydan beri ish haqini ololmayapti. Joriy yilda biror marta maosh olmagan bir guruh ishchilarning Ozodlikka aytishicha, so‘nggi bor ularga 2013 yilning iyun-dekabr oylari maoshi berilgan. “Samarqandkimyo” shirkati rahbariyati bugungi kunda korxonaning 560dan oshiq xodimidan maosh bo‘yicha 3 milliard so‘mdan ortiqroq qarzdorlik to‘planib qolganini tasdiqladi. Shirkat rasmiylari vujudga kelgan muammoni korxona mijozlari bo‘lgan davlat tashkilotlari 27 milliard so‘mdan oshiq qarzini to‘lashni paysalga solayotgani bilan izohlashmoqda. “O‘zkimyosanoat” davlat shirkati tarkibiga kiruvchi korxonalarda ish haqining vaqtida to‘lanmasligi odatiy holga aylanmoqda.

“Samarqandkimyo” korxonasi o‘tgan yildan beri oylik to‘lamayotgani haqida mazkur zavodning qiyin ahvolada qolgan bir guruh ishchilari Ozodlikka murojaat qildi.

Shaxslari oshkor qilinmasligini so‘ragan kimyo zavodi xodimlari 2014 yilning birorta oyi uchun maosh berilmaganini bildirishdi.

“Samarqandkimyo”da 8 oydan beri ishchilar oyliklari berilmayapti. O‘zi bizning korxonada har 9 oy-1 yilda bir marta, oyliklarni bitta qilib berishadigan bo‘lib qoldi. Bu masala bo‘yicha murojaat qilmagan davlat tashkiloti qolmadi. “Samarqandkimyo” rahbarlari norozi bo‘lganlar ishdan ketishlari mumkin, deb maslahat bershmoqda. Juda qiyin ahvolda qoldik”, deydi Ozodlikka murojaat qilgan zavod ishchilaridan biri.

Uning yana aytishicha, bu vaziyat xususida bir guruh ishchilar Samarqand viloyat prokuraturasiga ham murojaat qilishgan. Lekin prokuratura zavod ma‘muriyati harakatlarida qonunbuzarlik aniqlanmaganini xulosa qilgan.

Ozodlik muxbiri “Samarqandkimyo” shirkati rahbariyati bilan vujudga kelgan muammo xususida gaplashishga muvaffaq bo‘ldi. Ismi oshkor qilinishini istamagan zavod rahbarlaridan biri zavodning 564 nafar ishchi-xodimiga joriy yilning birorta oyi uchun maosh berilmganini tasdiqladi. Uning e‘tirof etishicha, keyingi yillarda oylar davomida ish haqi to‘lanmasligi surunkali muammoga aylangan, lekin korxona rahbariyati bu muammoni mustaqil tarzda hal qila olmaydi.

“Men yashirib o‘tirmayman, ahvolimiz, haqiqatan, juda qiyin. Chunki biz mahsulotimizning 99 foizini davlat buyurtmasi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi shirkatlarga yetkazib beramiz. Bug‘doy va paxta yetishtiradigan fermerlarga beramiz. Shu mijozlarimiz bugungi kunda bizga 27 milliard so‘mlik qarzini uzishmagan. Biz shartnomani “Qishloqxo‘jalikkimyo” shirkati bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha yetkazib beramiz. Bu shirkatning har bir viloyatdagi sho‘‘basiga, 15 foiz haqini avvaldan to‘lash sharti bilan, mahsulotimizni yetkazib beramiz, qolganini turli transh sxemalari bo‘yicha o‘tkazishlari kerak. Bu ijro qilinganidan keyin pul tushadi. Ana shu pulning 27 milliard so‘mi tushmagan hozirda”, deydi “Samarqandkimyo” korxonasi rahbarlaridan biri Ozodlikka.

Shu bilan birga suhbatdoshimiz, korxona ishchilarining “8 oydan beri oylik olmayapmiz”, degan e‘tirozlariga tuzatish ham kiritishga urindi.

“Etti-sakkiz oydan beri emas, mana taxminan bir oycha bo‘lib qoldi, o‘tgan yilning iyun-dekabr oylari uchun olti oylik maoshni bitta qilib berdik. 5-6 million so‘m qilib berdik. Shuning uchun sakkiz oydan beri oylik berilmayotgani to‘g‘risidagi iddaolar biroz noto‘g‘ri. Lekin 2014 yilning olti oyi uchun oylik berilmagani, bor gap. Bu qarzdorlikni yopish uchun imkon qadar harakat qilyapmiz”, deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan korxona rahbari.

Ayni paytda, suhbatdoshimizning gaplaridan o‘tgan yilning iyun oyi maoshi oradan qariyb bir yil o‘tib berilganini tushunish kerak.

Korxonaning boshqa bir mutasaddisiga ko‘ra, hozirda ish haqidan qarzdorlik 3,5 milliard so‘mdan oshiqroqni tashkil qiladi.

“Samarqandkimyo” ochiq aktsiyadorlik shirkati ham, korxona rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 27 milliard so‘mlik qarzdorlikni yopishni paysalga solayotgan “Qishloqxo‘jalikkimyo” korxonasi ham, “O‘zkimyosanoat” davlat aktsiyadorlik shirkati tarkibiga kiradi. Ya‘ni davlatga qarashli shirkat ichidagi ikkita korxona o‘rtasidagi shartnoma bajarilmayotgani oqibatida yuzlab oddiy ishchi oylab ish haqini ololmayotir.

Bu vaziyat xususida “O‘zkimyosanoat” davlat shirkatidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

“O‘zkimyosanoat” davlat kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar oylar davomida ishchi-xizmatchilarga maosh to‘lamasligi keyingi yillarda odatiy holga aylanayotganini ko‘rish mumkin.

Shu yilning aprel oyida “O‘zkimyosanoat” tarkibiga kiradigan “Navoiyazot” va “Farg‘onaazot” korxonalarining 20 mingga yaqin ishchilari yil boshidan beri maosh olmagani to‘g‘risida Ozodlik o‘z vaqtida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG