Линклар

logo-print

Shu kunlarda shakar taqchilligi mavzusi odamlar og‘zidan tushmayapti. Bemalol va bedallol sotilgan mahsulot birdani tanqislashib, otliqqa ham topilmay qolgach, odamlar gapiradi-da, to‘g‘rimi?

Shakar bahosi he yo‘q-be yo‘q 2800 so‘mdan 7000-8000 so‘mga sapchiganidan xabaringiz bor. Bozoru rastalarda turnaqator navbatlar yuzaga kelayotganini ko‘ryapsiz. Raiyat uch-to‘rt so‘m arzonroqqa olish ilinjida saraton oftobi tig‘ida soatlab kutayotganiga o‘zingiz guvohsiz.

Shakarning tanqis va tansiq bo‘lib qolganiga turfa vajlar keltirilyapti.

Kimdir: “Xorazmdagi shakar zavodi oshib borayotgan ehtiyojni qoplolmay qoldi”, deydi. Bo‘lsa bordir. O‘zi shirinlikka “suyagimiz yo‘qroq”, yil-o‘n ikki oy ishtahamiz karnay shakarga.

Yana kimdir: “Mahsulot narxi ko‘tarilib ketganiga konserva yopish mavsumi boshlangani sabab”, deydi. Ehtimol shundaydir. Qish g‘amini yozda yeyishga odatlanganmiz, chillada jillaqursa uch-to‘rt banka murabbo yopib olmasak bo‘lmaydi.

Hushyor soliqchilarimiz esa insofsiz chayqovchilarni “shakaromaniya”ning bosh aybdori qilib ko‘rsatishyapti. Bo‘lishi mumkin. Chapdast tujjorlar hamisha va hamma zamonda vaziyatdan foydalanib qolishga urinadi. Eskidan qolgan gap bor-ku, echkiga jon qayg‘usi, qassobga yog‘!

Lekin, menimcha, shakar taqchilligining asl sababi boshqa!

Oxirgi yillarda shakardan haddan ziyod istifoda etdik.

Qishin-yozin og‘zimizdan bolu shakar tomadi. Arboblarimizni nuqul maqtaymiz, kimo‘zarga shakarguftorlik qilamiz.

O‘rtamiyona rahbarlar haqida so‘z borsa ham gaplarimizga mo‘l-ko‘l shakar sepib olamiz. Kattaroq rahbarlar xususida gap ochilsa-ku, har bir so‘zimizni shakarga obdon bulamasak, ko‘nglimiz joyiga tushmaydi.

Ochig‘i, shirinxo‘r bo‘lib qoldik. Shirin-shakar gaplarga mukkamizdan ketdik. Sal taxirroq gapga toqatimiz yetmaydi, andak achchiqroq tanqidga jilla tobimiz yo‘q.

Alhosil, shakarguftorlikka berilib ketib, shakarning oylik “limit”ini azza-bazza bir kunda ishlatib qo‘yyapmiz. Shunday bo‘lgach, shakar chidash berarmidi bizga?! Shunday bo‘lgach, shakar oshmasdan, tuz oshsinmi?!

Shakarga ruju qo‘yib, shirinxo‘r bo‘lish durust emas. Hadeb shakarguftorlik qilishning oqibati yaxshi bo‘lmas.

Qilni qirq yoradigan ustamon iqtisodchilar “shakaromaniya” borasida o‘z fikrini aytar. Ammo, mening fikri ojizimcha, maqtovbozlik va haybarakallachilikdan andak tiyilsak, shakar tejalib, mahsulot narxi tushishi turgan gap...

Shirinxo‘r mushtariy

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG