Линклар

O‘zbekistonda 10 mingdan ortiqroq odam ishlaydigan yirik Xalq banki xodimlari orasida “5 mingga yaqin ish o‘rni qisqartirilarmish”, degan gap-so‘zlarning tarqalishi, mazkur bankning yosh mutaxasislarini tashvishga solmoqda. Yosh xodimlar fikricha, ish o‘rinlari qisqartirilsa, kaltak birinchi bo‘lib ularning boshida sinishi mumkin.

"Birinchi bo‘lib yoshlar ishsiz qolishi mumkin

Ozodlikka WhatsApp tizimi orqali kelgan xabarda Xalq bankining o‘z nomini aytishimizni istamagan yosh mutaxasisi quyidagilarni yozadi:

“Respublika Xalq bankiga yangi rais kelib, 5 mingga yaqin bank xodimlari ish o‘rnini qisqartirib, shuncha odamni ko‘chaga haydamoqda! Nima emish, oylik maoshni oshirarmish! Oylik maoshni xodimlarni qisqartirish evaziga oshiradimi? Bu tushunarsiz holatga hech ham tushunib bo‘lmayapti”.

O‘zbekiston Xalq bankining Ozodlik muxbiriga ovozini yozmaslik va ismini aytmaslik sharti bilan suhbat bergan yosh mutaxasislaridan biri, ish o‘rinlari qisqarishi to‘g‘risidagi xabar yoshlarni tashvishga solib qo‘yganini aytdi:

“Masalan, men o‘qishni bitirib, Xalq bankiga ishga kirganimga hali bir yil bo‘lgani yo‘q. Shu orada “shtatlar qisqararmish”, “5 mingga yaqin odam ishdan ketarmish” degan gaplar paydo bo‘lib qoldi. Agar ish o‘rinlari qisqarsa, birinchi navbatda yoshlar ishdan ketishidan xavotirdamiz. Chunki bizning tajribamiz hali yetarli emas. Tajribali, malakali xodimlar o‘z –o‘zidan ishda qolishi aniq, hali tajribaga ega bo‘lmagan yoki orqasida qo‘llab turgan odami bo‘lmagan yosh mutaxasislar birinchi bo‘lib ishdan bo‘shatilishi bizni tashvishga solayapti”, dedi Xalq bankining Toshkentdagi markaziy apparatida ishlovchi yosh xodimlardan biri.

"Qisqartirish emas, optimizatsiya"

Xalq bankining o‘zini Toxir deb tanishtirgan rasmiysi mazkur tashkilotda ish o‘rinlari keskin qisqarishi haqidagi gaplar hozircha asossiz ekanini aytdi:

-Xodimlarimizning soni o‘zi o‘n ming atrofida. Shuning uchun 5 ming ish o‘rni qisqarishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Agar 5 ming odam qisqartirilsa, bankni yopishga to‘g‘ri keladi.

Unga ko‘ra, gap ish o‘rinlarining qisqartirilishi haqida emas, bank faoliyatini optimizatsiyalash haqida bormoqda:

-Hozir qisqartirish emas, bank faoliyatini optimizatsiyalash masalasi o‘rganilayapti. Ya‘ni daromad keltiruvchi yo‘nalishlarga ko‘proq urg‘u berib, daromad keltirmaydigan yo‘nalishlarni sal kamaytirish haqida gap bo‘layapti. Hali kimni ishdan olish, qancha odamni qisqartirish haqida aniq ma‘lumot yo‘q. Optimizatsiya jarayoni Xalq bankini daromadga olib chiqish, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ya‘ni oyliklarni oshirish ustida ishlanayapti.

Suhbatdan oydinlashdiki, optimizatsiyalash jarayonida Xalq bankining daromad keltirmaydigan yoki kam daromadli tuzilmalari bekor qilinadi va bundan tejab qolingan mablag‘lar boshqa xodimlarning oyliklarini ko‘tarish uchun sarflanadi.

Kim ishdan ketadi, kimga tavon puli to‘lanadi? Javobsiz savollar

Xalq bankining Marketing departamenti va Kadrlar departamenti rahbarlari bankining qaysi tuzilmalari yopilishi va buning ortidan qancha odam ishdan ketishi mumkinligi, ish o‘rinlari qisqarishi ortidan ishsiz qolgan xodimlarga qay tarzda va qancha miqdorda tovon puli to‘lanishi yuzasidan bergan savollarimizni javobsiz qoldirdi:

-Siz kerakli adresga murojaat qildingiz, lekin bu haqda sizga hech kim ma‘lumot bermaydi, -dedi Xalq banki Marketing departamenti rasmiysi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq banki bugungi kunda mamlakatdagi eng ko‘p tarmoqqa ega bo‘lgan yirik bank hisoblanadi. Halq bankining 14 hududiy, 184 tuman va shahar filiali, 240 mini banki va 3500 dan ortiqroq ixtisoslashgan bo‘limlari bor.

XS
SM
MD
LG